Intellektual mulkni ishonchli tarzda huquqiy himoya qilish sohasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual faoliyati natijasida yaratilgan mulkning daxlsizligini ta’minlash, jamiyatda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish zarur.
Intellektual mulkning ta’sirchan huquqiy mexanizmlar bilan himoya qilinishini ta’minlash ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish uchun qonunchilikni takomillashtirish siyosatini izchil davom ettirish zaruriyatini ham yuzaga keltirmoqda.
Shu maqsadda “Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.
Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida muhokama qilingan mazkur qonun bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Hususan, qonunchilikka intellektual mulk ob’ektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga ko‘ra huquqbuzar tomonidan tovon to‘lash tartib-taomili joriy etilishini nazarda tutuvchi me’yor kiritilmoqda.
Jumladan, patent egasi o‘zining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki ob’ektidan foydalanayotgan shaxsdan zararlarning qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilishi mumkin.
Bunda, tovon zararlar yetkazilishi faktidan qat’i nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va patent egasining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki ob’ektidan foydalanayotgan shaxsning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda to‘lanadi. Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi.
Qonun jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, mazkur sohadagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, intellektual mulkning himoya qilinishini kuchaytirish va raqamli muhitda ijodiy faoliyatga bo‘lgan huquqlarni himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlari tizimini shakllantirishga zamin yaratiladi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 21.06.2024
- Ko'rishlar: 1516
- Chop etish