SAYLOV VA FUQAROLIK JAMIYATI INSTITUTLARI

2021 yil 21 sentyabr kuni Toshkentda “Fuqarolik jamiyati institutlari va saylov” mavzuida xalqaro davra suhbati bo'lib o'tdi. Onlayn va oflayn shakldagi ushbu tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Barqaror rivojlanish markazi” NTT va Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan tashkil etildi.

Davra suhbati xalqaro hamkorlar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi  (SHTHA) ko'magida o'tkazildi.

Xalqaro davra suhbatida Markaziy saylov komissiyasi, Adliya vazirligi, siyosiy partiyalar hamda mamlakatimizning akademik hamjamiyati va tahliliy markazlari, nodavlat notijorat tashkilotlari faollari qatnashdi. Shuningdek, tadbirda xalqaro ekspertlar va mamlakatimizda akkreditatsiyadan o'tgan chet el diplomatik korpusi vakillari ishtirok etdi.

 Tadbirning ochilishida so'zga chiqqan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatilla Tillaboev ta'kidlaganidek, saylov jarayoniga jamoatchilikning keng qatlamlarini jalb etish masalasi – barqaror demokratik tamoyillarni hayotga joriy etishning zaruriy shartlaridan biridir. O'zbekistonda mavjud fuqarolik jamiyati institutlarini faol ravishda mustahkamlash va yangi fuqarolik jamiyati institutlarini yaratish jarayoni bormoqda.

Xalqaro davra suhbatidan ko'zlangan bosh maqsad – fuqarolik jamiyati institutlarining saylov jarayonlaridagi ishtiroki yuzasidan fikr va tajriba almashish, NNT va volontyorlarni saylov jarayoniga faol jalb etish, aholining huquqiy va elektoral madaniyatini yuksaltirish, demokratik saylovlarni ta'minlash bo'yicha asosli taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Shu bois asosiy e'tibor fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati uchun yaratilgan qulay siyosiy-huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilishga qaratildi.

Bu borada taklif etilgan ekspertlar tomonidan “Saylovlar davlat va fuqarolik jamiyati o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning siyosiy instituti va fuqarolik jamiyatining zarur elementi sifatida”, “Elektoral madaniyatni yuksaltirishda fuqarolik jamiyatining roli”, “Saylov jarayonlarida fuqarolik jamiyatining ishtiroki sohasida xalqaro standartlar va milliy qonunchilik”, “Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va saylovlarning ochiqligini va shaffofligini ta'minlash” kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi.

O'zar muloqotlarda fuqarolik jamiyati institutlarining saylov jarayonidagi asosiy vazifalari, roli va o'rnini aniqlash, jamiyatda huquqiy va elektoral madaniyatni yuksaltirish, saylovlarni kuzatish,
saylovlarning ochiqligi va shaffofligini ta'minlash yo'nalishlarida fikr almashildi. Ishtirokchilar tomonidan, jumladan, fuqarolik jamiyati institutlari – siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, NNT, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va volontyorlar – saylov jarayonining eng muhim sub'ektlari ekanligi qayd etildi.

 Xalqaro davra suhbati ishtirokchilari tomonidan yakuniy hujjat qabul qilindi. Yakuniy hujjatda saylov jarayonida fuqarolik institutlarining o'rni va ahamiyatini yanada oshirish, saylovlarning adolatli va qonuniyligini, ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash yuzasidan qator tavsiya va takliflar bildirilgan.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi

Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech