Ma’lumki, bolalar o‘z huquqi bilan tug‘iladilar, biz – kattalar ularga ta’lim berishimiz, sog‘ligini saqlashimiz, oilada yashashini ta’minlashimiz shart. Shu bois har bir davlatda kelajak egalarining huquqi va manfaatini himoya qilish ustuvor vazifa sanaladi. Jumladan, O‘zbekistonda ham ayni masala doimiy e’tiborda. Ayni yo‘nalishda hukumatimiz va xalqaro tashkilotlar hamkorligida ko‘plab samarali loyihalar hayotga tadbiq etilmoqda. Xususan, BMT Xalqaro bolalar jamg‘armasi – UNICEF yurtimizda bolalar hayotini yaxshilash, eng kam ta’minlangan qatlamga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ish olib boradi.
Avval xabar berganimizdek, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasiga Rehina Kastijio yangi rahbar etib tayinlandi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri Kastijio xonim bilan suhbatlashdi.
– Assalomu alaykum, Kastijio xonim! O‘zbekistonda ish boshlaganingizdan mamnunmiz va sizga omad, sog‘lik tilaymiz!
Kelishingizdan oldin bizning mamlakat haqida qanday tasavvurga ega edingiz va kelganingizdan keyin bu taassurot o‘zgardimi?
– Rostini aytsam, mamlakatingiz to‘g‘risidagi tasavvurim qadimiy Ipak yo‘li, ajoyib shaharlar – Samarqand va Buxoro, Qizilqum cho‘lidan tortib, go‘zal Farg‘ona vodiysigacha cho‘zilgan rang-barang manzaralardan iborat edi. O‘zbekiston haqida muayyan ma’lumot va statistikadan ham xabardorman, chunki UNICEFdagi faoliyatim doirasida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida ancha vaqt ishlaganman.
Men uchun kutilmagan jihat esa o‘zbek xalqining cheksiz mehmondo‘stligi. Shu paytgacha sakkiz davlatda ishladim. Barchasida iliq kutib olishgan, biroq O‘zbekistondagi mehmonnavozlikning o‘xshashi yo‘q. Nazarimda, bu fazilat faqat sizlarga xos. Odamlar sizni quchoq ochib kutib olishadi va agar bunga ochiq ko‘ngil bilan javob bersangiz, e’tibor ikki karra oshadi! Men aynan shunday munosabatga intilaman.
Toshkentning keng, musaffo ko‘chalari, go‘zalligi meni o‘ziga jalb qildi. Dunyoning ko‘p joylari xatarli va men ushbu xavfsiz shaharda yashayotganimdan baxtiyorman. Sochim qoraligi, ispan ajdodlarimdan meros – bug‘doy rangligim sabab, meni ko‘pincha o‘zbek, deb o‘ylashadi. Shu boisdanmi, bu yurtda o‘zimni uyimdagidek his qilaman!
– O‘zbekistonda bolalar huquqi va manfaatini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qanday baholaysiz?
– Ta’kidlashim joiz, Bola huquqi to‘g‘risidagi konvensiya O‘zbekiston tomonidan mustaqillikning ilk yillaridayoq ratifikatsiya qilingan BMT konvensiyalaridan biri. Hukumat barcha bolalar huquqini himoya qilish majburiyatini olgan va bu vazifa bajarilayotganiga guvohmiz. UNICEF respublikada sog‘liqni saqlash, ta’lim, bolalar himoyasi va ijtimoiy muhofazasi sohalarida amalga oshirilgan misli ko‘rilmagan islohotlarni yuksak baholaydi. Bu zaminda millionlab o‘g‘il-qizlar, ayniqsa eng zaif qatlam manfaati yo‘lida aniq natijalarga erishilgan.
Hukumatning bolalar uchun yanada yaxshi kelajak yaratish borasidagi qat’iyati va mintaqadagi yetakchiligi, islohotlarning jadal sur’ati menda juda iliq taassurot qoldirdi. Bolalar ombudsmani to‘g‘risidagi qonun kuchga kirgani, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgani, so‘nggi yillarda qonunchilikka oiladagi zo‘ravonlikka qarshi samarali choralar kiritilayotgani fikrimga yaqqol misol.
– UNICEF bolalar manfaati yo‘lida qaysi sohalarda O‘zbekiston hukumatiga ko‘mak beryapti? Bu boradagi yutuqlar, kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashsangiz.
– Bu yil O‘zbekistonda UNICEF vakolatxonasi ochilganiga 30 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida milliy hamkorlar, BMT agentliklari va rivojlanish tashkilotlari, shuningdek hamjamiyat va yoshlar bilan birga tegishli davlat dasturlarini amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashyapmiz. Eng ilg‘or xalqaro tajriba bilan o‘rtoqlashamiz, siyosat borasida dalillarga asoslangan tavsiyalar berib boramiz. Resurslar jalb qilamiz va bolalar hayotiga ijobiy o‘zgarish kiritadigan dasturlarni ilgari suramiz.
So‘nggi ikki yil ichida UNICEF 15 milliondan ortiq odamni, ya’ni aholining 42 foizini sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq eng muhim xizmatlar bilan qamrab oldi. 2021 yildan beri O‘zbekistondagi bolalar sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan dasturlar uchun 25 million dollar sarmoya kiritdi.
1990-2022 yillar oralig‘ida hukumat bilan birga olib borilgan sa’y-harakat natijasida mamlakatda bolalar o‘limi 75 foiz kamaydi.
Ma’lumki, UNICEF hayotni saqlaydigan vaksinalarni global miqyosda eng yirik yetkazib beruvchi hisoblanadi. Milliy emlash dasturini qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublikaga har yili 28 million vaksina yetkazib beriladi. Vaksinani xarid qilish va sifatli saqlashni ta’minlaydigan sovuqlik zanjiri yaxshilanishi natijasida 2022 yil 4 million nafar besh yoshgacha bola va millionga yaqin bir yoshgacha bo‘lgan go‘dak emlandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda 700 ming yangi tug‘ilgan chaqaloqqa perinatal yordam ko‘rsatish yaxshilandi. Shu tariqa minglab bolakaylar hayoti saqlab qolindi.
– Kastijio xonim, UNICEF faoliyatida muhim o‘rin egallaydigan ta’lim va ijtimoiy himoya sohalaridagi hamkorlik mavzusiga ham to‘xtalsangiz.
Mamlakatda mahalliy ta’lim guruhini muvofiqlashtiruvchi agentlik vazifasini bajaradigan UNICEF 2023-2026 yillar uchun sohani isloh qilishga qaratilgan yo‘l xaritasini ishlab chiqishga yordam berdi. Bu jarayonda infratuzilmani yangilash, o‘quv dasturlarini isloh qilish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, ta’lim tizimini boshqarish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda rivojlanish bo‘yicha tashkilotlar bilan ishlaymiz.
Hamkorligimiz samarasi o‘laroq, O‘zbekiston maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishda dunyo miqyosida eng jadal o‘sish sur’atini namoyon etdi. Hozir maktabgacha ta’lim tashkilotlari (MTT)ga bolalarni qamrab olish darajasi 70 foizdan oshdi. Ayni jarayon moslashuvchan va innovatsion muqobil erta bolalik ta’limini joriy etish, o‘quv yurtlarida tegishli kadrlarni tayyorlash va ishlayotgan xodimlar malakasini oshirishni ko‘zda tutadi. Endilikda barcha viloyatlarda MTT pedagoglarini tayyorlash markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shu kunlarda nogiron bolalar sifatli ta’lim olish imkonini beruvchi inklyuziv ta’limni modellashtirish va raqamli ta’limni qo‘llab-quvvatlashda ham hukumat bilan birga ish olib boryapmiz. Masalan, “Giga” tashabbusi barcha 10 132 davlat maktabining aniq joylashuvi, internetga ulanish holatini aniqlash imkonini berdi. Bu loyiha ochiq manbada zarur ma’lumotni yig‘ish va vizualizatsiya qilishning ilk namunasidir. Hozir maktablarning aksariyati yuqori tezlikdagi internetga ulangan.
Yaqinda UNICEF hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi sun’iy intellektga asoslangan “Eduten” raqamli matematika platformasidan foydalanish natijasini taqdim etdi. Bu sinov loyihasi matematika bo‘yicha ko‘nikmani o‘rtacha 16,9 foiz yaxshiladi, ta’lim samaradorligini sezilarli darajada oshirdi. Tizimdan foydalangan o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi ushbu platformadan foydalanmagan tengdoshlariga nisbatan yuqori ekanligi kuzatildi.
Ayni payt Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan bolalarni himoya qilish xizmatini muvofiqlashtirish, professional ijtimoiy ish tizimini yo‘lga qo‘yish, psixologik-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, xavf guruhidagi bolalar uchun xizmatni takomillashtirish bo‘yicha yaqin hamkorlik qilyapmiz.
UNICEF bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish chora-tadbirlarini yanada yaxshilash uchun O‘zbekiston hukumatiga texnik yordam ko‘rsatadi. Kelajakdagi ustuvor vazifalarimizdan biri bolalarni zo‘ravonlikning har qanday shaklidan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishda hukumatni qo‘llab-quvvatlashdir. Bolalarni himoya qilish dasturimiz zo‘ravonlikni aniqlash va bunday salbiy holatga javob berish, zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga muvofiqlashtirilgan ko‘p tarmoqli yordam xizmatini ko‘rsatish uchun ijtimoiy ishchi, psixolog, adliya tizimi xodimi kabi mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Aholini ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha to‘liq raqamlashtirilgan boshqaruv axborot tizimi ishlab chiqilgani yana bir muhim, umumiy yutug‘imiz. Buning uchun UNICEF Ijtimoiy himoya yagona reyestrini sinovdan o‘tkazish va milliy darajada joriy etishni qo‘llab-quvvatladi. Natijada O‘zbekiston hukumati kam ta’minlangan oilalarni aniqlaydigan va qo‘llab-quvvatlaydigan asosiy vositaga ega bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, UNICEF vakolatxonasi rahbari, bolalar masalalari bo‘yicha ekspert va mutaxassis sifatida O‘zbekistonda ertangi kun egalari manfaatini himoya qilish borasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholayman.
Men hech bir bolani e’tibordan chetda qoldirmaslik uchun hukumat, hamkor tashkilotlar va o‘zbek xalqi bilan hamjihat ishlashga doim tayyorman. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ota-ona qaramog‘idan mahrum, nogiron, sifatli ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va boshqa muhim xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lmagan chekka hududlardagi o‘g‘il-qizlar, shuningdek mamlakatning asosiy boyligi – yoshlar bilan ishlashni istayman.
Hech bir mamlakatda biror tashkilot bolalar hayotini mustaqil yaxshilay olmaydi. Tabiyki, men ham UNICEF jamoasi bilan birga bolalar farovonligi yo‘lida barqaror natijalarni ta’minlash uchun hamkorlikni davom ettirish va yanada kuchaytirishga hissa qo‘shish niyatidaman.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 21.06.2024
- Ko'rishlar: 1533
- Chop etish