Raqobat qoʻmitasiga kelib tushgan murojaatlar, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan qoldirilayotgan murojaatlarda avtobus bekatlari belgilangan talab darajasida emasligi va unda yoʻlovchilar uchun yetarli darajada qulayliklar yaratilmaganligi yuzasidan koʻplab eʼtirozlarini bildirishmoqda.
Mazkur murojaatlar asosida Qoʻmita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tanlanma usulida 2 800 tadan ortiq bekatlar faoliyati oʻrganib chiqildi. Oʻrganishlarda ularda belgilangan normalarga nomuvofiq faoliyat koʻrsatayotgan baʼzi bekatlarda quyidagi kamchiliklar aniqlandi:
Jumladan,
- 286 ta holatda — kutish zallarining uchta tomoni maxsus toʻsiqlar bilan yopilmaganligi sababli yoʻlovchilar issiq va sovuq havodan himoyalanmagan;
- 210 ta holatda — kutish zallarida savdo shoxobchalari joylashtirilgan;
- 387 ta holatda — nogironlar uchun maxsus koʻtarma panduslar mavjud emas;
- 412 ta holatda — kutish zallarida elektr yoritgichlar oʻrnatilmagan;
- 57 ta holatda — yomgʻir, qor va shamolli kunlarda yoʻlovchilar uchun pavilyon mavjud emas;
- 156 ta holatda — bekat nomi yozilgan koʻrsatkich qoʻyilmagan;
- 255 ta holatda — yoʻnalishning tartib raqami mavjud emas.
Xususan, respublikamizda avtomobil yoʻllaridagi avtobus bekatlariga qoʻyiladigan umumiy talablarning davlat standartida
(OʻzDSt 3196-2017-sonli):
- sovuq va issiq havodan yoʻlovchilarni himoya qilish maqsadida kutish zallarining kamida 3 ta tomoni maxsus toʻsiqlar bilan yopilgan boʻlishi;
- qatnovlarning tigʻiz paytida mazkur bekatlar maydoni 4 ta yoʻlovchi uchun kamida 1 m2 ni tashkil etishi;
- savdo shoxobchalari kutish zallaridan tashqarida joylashishi;
- nogironlar uchun maxsus koʻtarma panduslar bilan jihozlanishi;
- kutish zalining har 10 m2 uchun kamida 1 ta oʻrindiq (skameyka) oʻrnatilishi;
- kutish zallarida yoʻlovchilar uchun qoʻshimcha chiqish eshiklari mavjud boʻlishi;
- bekat tashqarisi hamda kutish zaliga alohida chiqindi qutilari oʻrnatilishi;
- kutish zallari elektr yoritgichlar bilan taʼminlangan boʻlishi;
- bekat konstruksiyalarida reklamalarni joylashtirishga ruxsat bermaslikdan iborat qator talablar belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 482-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagajni tashish qoidalari”da shahar atrofi yoʻnalishlaridagi bekatlar yoʻlovchilarning u yerga xavfsiz va qulay kelishini taʼminlashni hamda qonunchilik talablarini hisobga olgan holda joylashtirilishi va ularda quyidagilarga ega boʻlishi kerak:
- pavilyonni joylashtirish uchun asfaltlangan maydonchalar va yoʻlovchilarning bekatga kelishi uchun asfaltlangan yoʻlkalar;
- yoʻlovchilarning yomgʻir, qor, shamoldan bekinishi (himoyalanishi) uchun pavilyon;
- bekatning nomi yozilgan koʻrsatkich;
- yoʻnalishlar boʻyicha koʻrsatkichlar.
Qoʻmita tomonidan oʻrganishda aniqlangan yuqoridagi kabi kamchilik va qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Transport vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga tegishli koʻrsatma yuborildi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»