Samarqandda “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusiga bag‘ishlangan Osiyo xotin-qizlar forumi davom etmoqda.
Unda xalqaro tashkilotlar vakillari, Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a’zolari, hukumatlari rahbarlari, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari rahbarlari, mahalliy davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, “BMT-Ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus mazkur anjumanni o‘tkazish tashabbuskori bo‘lgan O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, xotin-qizlarning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tadbir yuksak saviyada tashkil etilganini ta’kidladi.
– Biz bugun juda murakkab bir davrda yashayapmiz, – dedi Sima Sami Baxus. – Dunyoda sodir bo‘layotgan turli xil inqirozlar, iqlim o‘zgarishlaridan birinchi navbatda ayollar va bolalar aziyat chekmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir shu kabi ta’sirlar va kambag‘allik 158 million nafar xotin-qiz hayotini izdan chiqargan. Iqlim o‘zgarishlari va har xil qarama-qarshiliklar o‘z navbatida gender tenglik masalasiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayni paytda dunyoda har uchinchi ayol uyda, jamoat joylarida, ishxonasida yoki media maydonda tazyiq va zo‘ravonlikka uchramoqda. Ayrim davlat va jamiyatlarda hamon qarorlar qabul qilishda xotin-qizlar ishtiroki juda kam kuzatiladi. Ishlayotgan ayollar ham erkaklarga nisbatan 20 foiz kam maosh oladi. Shuningdek, ularning ish sharoiti, ijtimoiy muhofazasi, mehnat qilish huquqlarining kafolatlari ham talabga javob bermaydi. Bu, ayniqsa, dunyo miqyosida norasmiy iqtisodiyotda band bo‘lgan 60 foiz ayollar hayotiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Vaholanki, uyda va jamiyatda haq to‘lanmaydigan ishlarning 75 foizi ayollar zimmasiga tushadi. Biz kelgusi yilda ayollar va erkaklar uchun teng sharoitlarni nazarda tutuvchi Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining o‘ttiz yilligini nishonlaymiz. Shuningdek, BMT Ayollar holati bo‘yicha komissiyaning (CSW) 69-sessiyasini o‘tkazamiz va unda asosiy e’tibor gender tenglikka erishishni tezlashtirish va kambag‘allikni bartaraf etish orqali xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratiladi.
Samarqand forumi ana shu muhim tadbirlarga hozirlik ko‘rish va unda muhokama etiladigan yo‘nalishlarni belgilab olishda tarixiy ahamiyat kasb etmoqda.
– Osiyo xotin-qizlar forumining yurtimizda o‘tkazilishi bejiz emas, – deydi Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov. – Davlatimiz rahbarining mazkur tashabbusi zamirida yurtimizda keyingi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, amaliy ishlar mujassam. Buni xalqaro forumda ishtirok etayotgan nufuzli tashkilotlar rahbarlari, xorijiy davlatlar vakillari e’tirof etmoqda. Bugun davlat boshqaruvini olasizmi yoki jamiyat hayotining boshqa sohalari bo‘ladimi, barchasida ayollarimiz faol ishtirok etmoqda. Shu bilan birga eng quyi bo‘g‘indan, oila va mahalladan boshlab xotin-qizlarning o‘rnini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahallalarda dastlab “Temir daftar”, so‘ngra “Ayollar daftari”ning joriy etilishi, mahalla fuqarolar yig‘inida xotin-qizlar faolining faoliyat olib borishi bunga yorqin dalil bo‘la oladi. Yana bir misol, Prezidentimizning shu yil 9 fevralda qabul qilingan farmoni bilan tasdiqlangan Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturda hududda 120 ming ish o‘rni yaratish belgilangan. Ana shu ish o‘rinlarining qirq foizi ayollar uchun tashkil etilishi ko‘zda tutilgani ham xotin-qizlar bandligini ta’minlash orqali ularning oila va jamiyatda o‘z munosib o‘rnini topishiga imkoniyat yaratadi.
– Ayollarning siyosiy faolligini oshirish borasida bugun mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Robaxon Mahmudova. – Buning natijasida parlament va mahalliy Kengashlarda deputat ayollar soni ko‘paydi. Rahbarlik lavozimlaridagi xotin-qizlar safi ham bugun ancha kengayib qoldi. Bizning partiyamiz misolida aytadigan bo‘lsam, 800 ming nafardan ortiq a’zoimizning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. “Adolat”chi ayol 100 ayolga himoyachi” deb nomlangan loyihamiz asosida partiyamizning faol ayollari, deputatlar o‘z hududlarida yashayotgan yoki ijtimoiy og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga huquqiy yordam berib kelmoqda. Shuningdek, partiyamiz dastur va maqsadlarida ham xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi. Osiyo xotin-qizlar forumida xorijiy davlatlardagi siyosatchi ayollar, parlamentlar vakillari bilan bu borada fikr va o‘zaro tajriba almashyapmiz.
Forum panel sessiyalarda o‘z ishini davom ettirmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 14.05.2024
- Ko'rishlar: 1400
- Chop etish