O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 11-moddasiga muvofiq saylov komissiyalari tizimiga quyidagilar kiradi:
- Markaziy saylov komissiyasi;
- Hududiy saylov komissiyalari;
- Tuman va shahar saylov komissiyalari;
- xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari;
- uchastka saylov komissiyalari.
Xalqimizning irodasi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator normalar o‘z aksini topgan, jumladan, endilikda:
1) viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalari o‘rniga hududiy saylov komissiyalari tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini hamda Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzish tartibidan voz kechildi hamda ularning vazifalari hududiy saylov komissiyalariga yuklatildi, ya’ni okrug saylov komissiyalari faqatgina xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha tuziladi;
2) saylov komissiyalarining professional tarzda ish olib borishini ta’minlash maqsadida hududiy saylov komissiyalarining uch nafargacha bo‘lgan a’zosi doimiy faoliyat yuritadi;
3) hududiy saylov komissiyalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, tuman va shahar saylov komissiyalari esa hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuziladi (ilgari ular xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tuzilar edi).
Shuningdek, okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari ham hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuziladi.
Saylov kodeksiga 2021 yilda kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga asosan Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha ham okrug saylov komissiyalarini tuzish amaliyoti bekor qilingan va ularning vazifalarini bajarish tegishli tuman, shahar saylov komissiyalari zimmasiga yuklatilgan edi.
4) Saylov okruglarini tuzishga oid qoidalar takomillashtirildi. Saylov kodeksida mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish uchun tuziladigan saylov okruglari sonining eng yuqori miqdori belgilangan bo‘lib, okruglar sonining aniq miqdori ko‘rsatilmagan edi.
Bugungi kunda Saylov kodeksida mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish uchun saylov okruglari tegishli deputatlik o‘rinlarigateng miqdorda tuzilishi, deputatlik o‘rinlari soni esa aholi sonidan kelib chiqqan holdaaniq belgilab qo‘yildi, saylovchilar ro‘yxatining dolzarbligi va aniqligini doimiy ravishda ta’minlash maqsadida saylov okruglari va uchastkalari har 5 yilda bir marta tuzilishi belgilandi.
Saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi. Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Masalalarni ko‘rib chiqish va qarorlar qabul qilish saylov komissiyasi tomonidan kollegial tarzda amalga oshiriladi. Saylov komissiyalari o‘z faoliyatini ochiq va oshkora amalga oshiradi.
Shu sababli, saylov komissiyasining majlislarida siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar hozir bo‘lishi mumkin.
Saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan davlat organlariga hamda jamoat birlashmalarining organlariga, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish huquqiga ega, ular qo‘yilgan masalani ko‘pi bilan 3 kunlik muddatda ko‘rib chiqishi va saylov komissiyasiga javob qaytarishi shart.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov O‘zA
- Qo'shildi: 24.09.2024
- Ko'rishlar: 1006
- Chop etish