SAYLOV VA SO‘Z ERKINLIGI: HUQUQ, KAFOLAT VA MAS’ULIYAT

Joriy yil 24 oktabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan ulkan ijtimoiy-siyosiy tadbir — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini ochiqlik, oshkoralik va transparentlik asosida o‘tkazishda ommaviy axborot vositalarining roli muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, Markaziy saylov komissiyasi yurtimizning bir qator yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan ushbu saylov jarayonlarida hamkorlikni kuchaytirish hamda tayyorgarlik ishlarining olib borilishi va o‘tkazilishini yoritish bo‘yicha ikki tomonlama memorandumlar imzolagani diqqatga loyiqdir.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati ma’lumotlariga qaraganda, 2021 yil 30 sentabr holatiga, saylov jarayonlarini yoritish uchun akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari 1 ming 253 nafarni,  xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari esa 48 nafarni tashkil etmoqda.

Ana shu ikkita dalilning o‘ziyoq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi qonuniy va adolatli, ochiq va oshkora, xolis va shaffof yoritilishini ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rilganini tasdiqlaydi. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 35-moddasida belgilanganidek, “Ommaviy axborot vositalarining vakillari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida hozir bo‘lish, shu jumladan ovozlarni sanab chiqish chog‘ida hozir bo‘lish huquqiga ega”.

Bu haqda fikr yuritganda, avvalambor, so‘z erkinligi Asosiy Qonunimizda kafolatlab qo‘yilganini ta’kidlash lozim. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida qayd etilganidek, “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir”.

Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalarining erkinligi ham alohida bob – XV bobda mustahkamlangan. Ushbu bobdagi yagona, 67-moddaga muvofiq, “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, so‘z erkinligi fundamental huquqlar sirasiga kiradi. Shunga qaramay, u mutlaq, absolyut huquq emas.

Inson huquqlari sohasida qabul qilingan BMTning – 80 ga yaqin, YuNESKOning – 60 dan ortiq, Yevropa Kengashining – qariyb 200 ta, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining – 30 dan ziyod xalqaro konvensiya, deklaratsiya hamda paktlarida so‘z va fikr erkinligi sohalari ham xalqaro-huquqiy tartibga solingan.

Xususan, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga ko‘ra, agar bunday erkinlik nafrat, insonni kamsitishga undash, qasd olish yoki zo‘ravonlik targ‘iboti uchun qo‘llanilsa, u qonuniylik mezonlari asosida qat’iy cheklanishi mumkin.

O‘zbekiston qonunchiligi xalqaro huquqning so‘z erkinligi va nafrat targ‘ibotiga qarshi kurash to‘g‘risidagi umume’tirof etilgan prinsiplariga mos keladi. Bu, o‘z navbatida, jurnalistlarimiz xalqaro huquq normalari va jahon andozalari asosida faoliyat olib borishlari uchun mustahkam huquqiy zamin hisoblanadi.

So‘z va fikr erkinligi hamma fuqarolarga tegishli. So‘z va fikr erkinligi – demokratiya belgisi. Demokratiya va saylov tushunchalari esa doimo yonma-yondir.

Saylov – demokratiya degani, o‘z galida, demokratiya – bu saylov deganidir. Aynan saylov paytida siyosiy partiyalar o‘zlarining asosiy va ustuvor fikr-qarashlarini, hayotni qanday yaxshilash, islohotlarni qanday amalga oshirish, O‘zbekiston deb atalmish mustaqil davlatning ertangi hayotini qanday barpo etish borasidagi g‘oyalarini ilgari suradi.

Shu bois ham saylovlar ommaviy axborot vositalari uchun hamisha jiddiy sinov bo‘lib kelgan. Saylov huquqi va erkinligining ta’minlanishi, saylovning ochiqligi, oshkoraligi ko‘p jihatdan matbuot, boshqa ommaviy axborot vositalari saylov jarayonlarini nechog‘lik erkin va demokratik tarzda yoritishiga borib taqaladi. Zero, so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi demokratiyaning o‘ziga xos belgisi hisoblanadi.

Harakatlar strategiyasida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’siri, faoliyat samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, soha xodimlarining mehnatini har tomonlama rag‘batlantirish ustuvor vazifa etib belgilangani bejiz emas. Chunki, davlat va jamiyatning barqaror rivoji ko‘p jihatdan fuqarolarning fikrlar, g‘oyalar, ma’lumotlar va bilimlarga bo‘lgan ehtiyojlari nechog‘lik qondirilishiga bog‘liqdir.

Keyingi besh yilda yurtimizda so‘z erkinligini ta’minlash, erkin fikr yuritish uchun huquqiy himoyani kuchaytirish, davlat idoralarining ochiqligini kuchaytirish, blogerlik mavqeini ko‘tarish, barcha toifadagi OAV xodimlarini himoya qilish borasida talaygina ish qilindi va qilinmoqda. Yanada muhimi, har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylanish uchun astoydil intilmoqda.

Shu jihatdan, 2020 yil 22 iyunda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining qabul qilinishi xalqimiz uchun ulkan ahamiyatga ega tarixiy voqea bo‘ldi. Ushbu strategik hujjatda nazarda tutilgan 14 ta asosiy vazifadan ikkitasi aynan so‘z va fikr erkinligi kafolatini yanada kuchaytirish mavzusiga taalluqlidir.

Yaqinda Jinoyat kodeksining ommaviy axborot vositalari orqali “tuhmat” va “haqorat qilish” kabi moddalari bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo choralari bekor qilindi. Bu, shubhasiz, ayni sohadagi mavjud qonunchilikni liberallashtirish yo‘lida tashlangan dadil qadamlarga yana bitta yaqqol dalil hisoblanadi.

O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlashning yangi tizimi joriy etildi. Agar 2019 yilda davlat va nodavlat tashkilotlardagi axborot xizmatlarining manbalari – rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar 559 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil 26 iyun holatiga, ushbu raqam 2 ming 410 taga yetdi.

Yana bir muhim yangilik: 2021 yil 28 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti imzolagan “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, barcha sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yiladi. Sud majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkin.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik markazi so‘rovlari natijalariga asoslangan ma’lumotlarning axborot bankini shakllantirish va ushbu ma’lumotlar saylov jarayonlari ishtirokchilariga, shuningdek tanishib chiqish uchun so‘ragan xalqaro kuzatuvchilarga taqdim etilishi borasida ham muayyan ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, yurtimizda saylovning ochiqligini ta’minlaydigan, ovoz berish yakunlari va saylov natijalariga nisbatan ishonch darajasini oshiradigan zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida izchil natijalarga erishilmoqda.

Muxtasar aytganda, mamlakatimiz saylovlarni erkin, ochiq-oshkora va demokratik ruhda o‘tkazish borasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini og‘ishmay ado etib kelmoqda. Xususan, saylov kampaniyasi ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internetda xolis yoritilishini kafolatlovchi zarur choralar ko‘rilmoqda. Siyosiy partiyalar, deputatlikka va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ommaviy axborot vositalaridan tenglik asosida, hech bir kamsitishlarsiz foydalanish huquqi kafolatlangan.

 

G‘ulom MIRZO

“Kuch – adolatda” gazetasi

Powered by GSpeech