Saylovda ishtirok etish huquqi

Har qanday saylov – bu jiddiy siyosiy kampaniya. Binobarin, saylov xalqning o‘z hokimiyati va xohish-irodasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ro‘yobga chiqarishining oliy ifodasi, davlat hokimiyati organlarini demokratik tarzda tashkil etishning negizi hisoblanuvchi ulkan ijtimoiy-siyosiy tadbirdir.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqini amalga oshirishga qaratilgan saylovlar jarayonida fuqarolarning saylov huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, erkin demokratik adolatli saylovlarni tashkil etish o‘ta muhim masala.

Bu jarayonlarda, ayniqsa, fuqarolik jamiyatining muhim instituti hisoblangan ommaviy axborot vositalari o‘ziga xos o‘rin tutadi. Binobarin, saylov jarayonlarida ommaviy axborot vositalari xalqning minbari, turli xil siyosiy-huquqiy qarashlarga ega bo‘lgan siyosiy partiyalarning bahs-munozaralari kechadigan maydon sifatida faol ishtirok etadi.

O‘z navbatida, fuqarolar saylov jarayoniga oid barcha axborotni aynan ommaviy axborot vositalari orqali olishlari ushbu institutning o‘rni va ahamiyatini yanada oshiradi.

Ma’lumki, tobora rivojlanayotgan hozirgi axborot jamiyatida ommaviy axborot vositalariga faqat axborot olish vositasi deb emas, balki ijtimoiy fikr, xulq-atvor qoidalarini shakllantirishning ta’sirchan vositasi sifatida ham qaraladi. Bunday sharoitda ommaviy axborot vositalarining faoliyati jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlariga xizmat qilishi, umuminsoniy tamoyillar, erkinlik va vatanparvarlik g‘oyalari ijobatiga qaratilgan bo‘lishi muhim ahamiyatga ega.

Ommaviy axborot vositalari erkin demokratik saylovlarni o‘tkazishning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Erkin va adolatli saylovlarning mazmun-mohiyati faqat maqbul muhitda o‘z ovozini berishdan iborat emas, balki saylov jarayonlarida barcha saylovchilarga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar, ro‘yxatga olingan nomzodlarning saylovoldi dasturi, shuningdek saylov jarayonining mohiyati haqida to‘liq axborot olish shart-sharoitlari ta’minlanishi taqozo etiladi.

Natijada saylovchilar to‘liq va yetarli axborot asosida o‘zlari ongli ravishda munosib nomzodni tanlab ovoz berish imkoniga ega bo‘ladi. Saylovning tub mazmun-mohiyati va ahamiyati ham aslida aynan shuni talab etadi.

 

G‘.Mirzoning

“So‘z erkinligi va saylov huquqi – xalqaro andozalar o‘lchamida” maqolasidan;

 “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali,

2021 yil 3-son.

Powered by GSpeech