Oliy Majlis Senati kengashi majlisida reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda parlament yuqori palatasi ishchi guruhi tomonidan reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish natijalari tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishida 17 million nafardan ortiq (9,2 million nafardan ziyod tug‘ish yoshidagi) ayollar 22,3 mingta o‘ringa ega 230 tug‘uruq muassasasi xizmat ko‘rsatmoqda.
18 yoshgacha bo‘lgan 11 million nafar bolalar uchun esa 13,3 mingta o‘ringa ega 245 ta pediatriya muassasasi mavjud.
Joylardagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tasdiqlangan tarmoq reja asosida 2024 yil 5 oyi davomida 9,2 million nafardan ziyod tug‘ish yoshidagi ayollarning 4,3 million nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Ularning 1,4 million nafarida ekstragenital kasalliklar aniqlangan. 877,5 ming nafari ambulator hamda 102,2 ming nafari statsionar sharoitda sog‘lomlashtirilgan.
Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan birga Senatning hududlarda o‘rganishlari davomida aniqlangan kamchiliklarga ham e’tibor qaratildi.
Reproduktiv salomatlik, onalik va bolalik masalalari bo‘yicha respublika shtabi va 14 ta hududiy shtab faoliyatini tashkil etish belgilangan. Biroq, shtablar faoliyati rasmiyatchilik uchun tashkil etilgan bo‘lib, faqatgina hududlardan statistik ma’lumotlarni yig‘ish va yuqori turuvchi shtabga taqdim etish bilan band bo‘lib qolgan.
Sog‘liqni saqlash tizimining tug‘uruqqa ko‘maklashuvchi muassasalarida homiladorlarni kuzatish hamda tug‘uruq jarayonlarida mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan klinik bayonnoma va standartlarga to‘liq rioya qilinmagani hamda ularning malakasi yetarli emasligi sababli onalar o‘limi ko‘rsatkichi o‘rganilgan hududlarning barchasida oshgan.
Homilador ayol to‘liq perinatal skriningdan o‘tkazilishi lozim bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2023 yilda hisobga olingan jami homilador ayollarning bor-yo‘g‘i 46,9 foizi belgilangan muddatda perinatal skriningdan o‘tkazilgan. Sirdaryo viloyatida bu ko‘rsatkich 31,4 foizni, Qashqadaryo viloyatida 37,7 foizni tashkil qilgan, xolos.
Davlatimiz rahbarining qarori bilan tasdiqlangan 2022 -2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining 46 tug‘uruq bo‘limi negizida tumanlararo perinatal markazlar infratuzilmasini yaxshilash hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash vazifalari belgilangan.
Biroq, tashkil etilgan ayrim tumanlararo perinatal markazlar infratuzilmasini yaxshilash choralari ko‘rilmagan hamda zarur jihozlar bilan ta’minlanmagan.
Homilador, tug‘uvchi, tuqqan ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yaxshilash maqsadida tug‘uruqqa yordam beruvchi muassasalarning moddiy-texnika bazasini xalqaro standartlarga muvofiq mustahkamlash va ularni zarur dori vositalari bilan ta’minlash masalasi to‘liq bajarilmagan.
Majlis davomida soha mutaxassislarining ushbu yo‘nalishdagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflari tinglandi.
Muhokama jarayonida tug‘uruq muassasalarida onalar va go‘daklar o‘limini kamaytirish, tug‘uruq yoshidagi ayollar tibbiy ko‘rigini sifatli tashkil etish, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini nazorat qilish yuzasidan qat’iy choralar belgilandi.
Majlis yakunida Senat kengashining qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 04.07.2024
- Ko'rishlar: 1411
- Chop etish