Avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmagani sababli 2023 yilda jami 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan.
Sodir etilgan 9 ming 839 yo‘l-transport hodisasi oqibatida 9 ming 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 ming 282 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Eng achinarlisi, 2023 yilda bolalar bilan bog‘liq 1 ming 794 yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1 ming 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan.
Joriy yilning 5 oyi davomida esa 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohati olgan.
Bu Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida qayd etildi.
Mazkur masala yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari hamda Bosh prokuratura va Hisob palatasi mas’ul rahbar xodimlarining axborotlari eshitildi.
Qo‘mita tomonidan mazkur sohada qonunchilikka rioya qilinishi holati, aholi bilan muloqotlar, ularning murojaatlari, tegishli qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda mamlakatimizda avtomobil yo‘llari infratuzilmasi kompleks takomillashtirilib, yo‘llarda harakatni boshqarish tizimi raqamlashtirilmoqda.
Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ta’minlash, yo‘llar nosozligi oqibatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida 2023 yilda respublika bo‘yicha qariyb 8 mingta ob’ektda umumiy qiymati 13,5 trillion so‘mlik qurilish ishlari olib borilgan.
Bu kabi keng ko‘lamdagi choralar natijasida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash samaradorligi ortmoqda. Joriy yilning 5 oyi davomida mamlakatimizdagi umumiy yo‘l-transport hodisalari soni 7,2 foizga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 8,7 foizga kamayishiga erishilgan.
Yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, ularning 57 foizi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar hamda 43 foizi haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida sodir etilgani ma’lum bo‘ldi. Hodisalarning 53,7 foizi piyoda va velosipedchilar bilan bog‘liq holatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu bilan birga, qayd etilgan yo‘nalishda muayyan kamchiliklar, o‘z yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjud.
Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9 ming 548 tasi transport qatnovi ko‘p hududlarda joylashgan va aksariyat maktablar oldida piyodalar uchun yo‘laklar mavjud emas, tegishli svetoforlar o‘rnatilmagan.
2024 yil 1 yanvar holatiga respublikadagi jami 209,3 ming km avtomobil yo‘llarining 56,1 ming km qismi yoki 27 foizi ta’mirtalab holatda.
2023 yil va 2024 yilning 5 oy davomida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mas’ul xodimlari tomonidan yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq qariyb 11 ming kamchilik aniqlangan bo‘lib, ularni bartaraf etish yuzasidan avtomobil yo‘llari egalariga jami 5,5 ming yozma ko‘rsatma va taqdimnoma kiritilgan.
Joriy yilning 5 oyida esa mamlakat bo‘yicha sodir bo‘lgan umumiy yo‘l-transport hodisalarining soni har 100 ming aholiga 7,2 tani tashkil etgan bir paytda ushbu salbiy ko‘rsatkich Toshkent shahrida 12,8, Toshkent viloyatida 12,2, Namangan viloyatida 9,1 taga va Farg‘ona viloyatida 8,4 taga yetgan.
O‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining salmog‘i Samarqand, Toshkent (80 tadan), Farg‘ona (69 ta), Qashqadaryo va Surxondaryo (53 tadan) viloyatlarida hamon yuqoriligicha qolmoqda.
Majlisda avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish zarurligi ta’kidlandi. Yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan aniq takliflar aks etgan qo‘mita qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 26.06.2024
- Ko'rishlar: 1562
- Chop etish