Kuni kecha BMTning inson huquqlariga bag‘ishlangan tadbirlarida ishtirok etayotgan parlament vakillari bilan onlayn formatda uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Parlamentlararo ittifoq (PI) tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvda Meksika, Saudiya Arabistoni, Gruziya, Pokiston, O‘zbekiston parlamentlari vakillari, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbirda BMTning inson huquqlari bo‘yicha delegatsiyalarida ishtirok etish tajribasi va mexanizmlari, BMTning Universal davriy hisoboti (UDH)ga tayyorgarlik ko‘rishning samarali strategiyalariga oid masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tavsiya va majburiyatlarni amalga oshirishda parlamentlarning roli ko‘rib chiqildi.
Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Marufova mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, jumladan, xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, yurtimizda gender tenglikka erishish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida maʼlumot berdi. Jumladan, amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar doirasida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga faol integratsiyalashuvi kuzatilayotgani barcha O‘zbekiston aholisi uchun qulay turmush sharoitini yaratishga qaratilgan demokratik islohotlarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutayotganini alohida taʼkidladi.
Interaktiv munozarada inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashabbuslar bilan bog‘liq strategiyalar va tajribalar faol muhokama qilindi. Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan ushbu tashabbuslarda parlament aʼzolarining faol ishtirok etishi muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar inson huquqlarini mustahkamlash va xalqaro huquq tizimini qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMT organlari va boshqa xalqaro sheriklar bilan kelgusida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 25.06.2024
- Ko'rishlar: 1444
- Chop etish