Senatning ellik beshinchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining To‘liqsiz ish vaqti sharoitlarida ishlash to‘g‘risidagi 175-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1994-yil 24-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Ushbu Konvensiya jahonning 20 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan. Konvensiyaning maqsadi to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlovchi ishchilarning mehnat sharoitlarini, ularni mehnatga haq to‘lash va ijtimoiy taʼminot sohasidagi kamsitishdan himoya qilishni taʼminlashdir.
Konvensiya qoidalari to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlaydigan barcha shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.
Muhokama davomida to‘liqsiz ish vaqtida ishlaydiganlar to‘liq ish vaqtida ishlaydiganlar bilan bir xil haq-huquq hamda ijtimoiy himoyaga ega bo‘lishi lozimligi taʼkidlandi.
Senatorlar Konvensiya normalari O‘zbekiston qonunchiligiga, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsad va vazifalariga to‘liq mos kelishini qayd etdi.
Muhokama chog‘ida Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlovchi mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratishga imkon berishi, mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yana-da takomillashtirishga salmoqli turtki berishi taʼkidlandi.
Senatorlar taʼkidlashicha, Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mehnat sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirishga va xalqaro standartlarni samarali joriy etishni taʼminlashga xizmat qiladi, shuningdek, O‘zbekistonning xodimlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash bo‘yicha asosiy xalqaro prinsiplar va standartlarga sodiqligini ko‘rsatadi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
- Qo'shildi: 16.08.2024
- Ko'rishlar: 995
- Chop etish