Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilindi.
O‘zXDP fraksiyasining qonunchilik tashabbusi bo‘lgan mazkur loyiha bilan «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonunga, Mehnat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish ko‘zda tutilgan.
Yangilangan Konstitutsiyaning 37-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega ekanligi belgilangan. 28-moddada esa «Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas» degan qoida bor.
Biroq, bugungi kunda fuqarolarni ularning yaqin qarindoshlarida sudlanganlik, shu jumladan tugallangan sudlanganlik holati mavjudligi sababli ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etish hollari hamon mavjud.
Mazkur qonunning maqsadi Yangilangan Konstitutsiya normalarining amaliyotda ishlashiga erishish, fuqarolarni ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishni taqiqlash, shuningdek, fuqarolarning mehnatga oid huquqlarini ishonchli himoya qilish va ularning mehnat munosabatlarida qo‘shimcha kafolatlar yaratishdan iboratdir.
Qizg‘in muhokama va fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.
M. Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 10.06.2024
- Ko'rishlar: 1669
- Chop etish