Shu yil 4-8 noyabr kunlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida «Qonun ustuvorligi va din» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo'lib o'tdi. Tadbirda turli davlatlardan vakillar ishtirok etishdi.
Seminarning ochilish marosimida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining din va e'tiqod erkinligi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmed Shahid tavsiyalari asosida 52 ta chora-tadbir belgilangani va shundan 51 tasi bajarilgani haqida ma'lum qildi.
Ushbu axborot ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo'ldi. Xususan, fayzbog.uz saytida 2019 yil 6 noyabrda “Inson huquqlari milliy markazi inson huquqlaridan xabardormi?” nomli maqola e'lon qilindi.
Maqolada, ijtimoiy tarmoqlardagi shu mavzu bilan bog'liq boshqa ayrim munozaralarda ham keyingi yillarda O'zbekistonda inson huquqlari, xususan, din va e'tiqod erkinligini ta'minlash borasida erishilgan natijalarni ko'rib-ko'rmaslikka olish, hatto ijobiy o'zgarishlarni xaspo'shlash kayfiyati seziladi. Shuning uchun, avvalambor, shu masalaga to'xtalishni lozim topdik.
O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan «2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi» doirasida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida, jumladan din va e'tiqod erkinligini ta'minlash borasida samarador islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Birinchidan, dindorlarning muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishi borasida ularga zarur shart-sharoitlar yaratishga yo'naltirilgan ishlar natijadorligi oshdi. Haj ziyoratini amalga oshiradigan fuqarolarimiz soni ortdi. Umra safari bilan bog'liq tashkiliy cheklovlar olib tashlandi.
Ikkinchidan, 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” nomli maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Natijada AQSH Davlat departamenti diniy erkinlik sohasida “alohida tashvishlantiruvchi” mamlakatlar ro'yxatidan O'zbekistonni chiqardi.
Uchinchidan, mamlakatda Imom Termiziy va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi va O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.
To'rtinchidan, Samarqand viloyatida Kalom ilmi maktabi, Qashqadaryo viloyatida Aqida ilmi maktabi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband Tasavvuf ilmi maktabi, Farg'ona viloyatida Islom huquqi maktabi va Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi ish boshladi.
Bu ilmiy maktablarning faoliyatidan ko'zlangan asosiy maqsad islom dinini chuqur o'rganish va uning ma'rifatparvar g'oyalarini keng jamoatchilikka, shu jumladan, oddiy fuqarolarga sodda tilda yetkazishdir.
Beshinchidan, «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etildi.
Oltinchidan, “O'zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish, qayta ro'yxatdan o'tkazish va tugatish tartibi to'g'risidagi nizom” tasdiqlandi. Nizomda diniy tashkilotlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun olinadigan davlat bojining miqdori 5 baravarga qisqartirilgan, diniy tashkilotlarning ro'yxatga oluvchi organlarga faqatgina bir yilda bir marotaba hisobot berishi tartibi belgilangan.
Yettinchidan, ro'yxatga oluvchi organning diniy tashkilotni tugatish bo'yicha vakolati bekor qilindi.
Endi fayzbog.uz saytidagi maqola sarlavhasida berilgan kinoyali savolga kelsak, albatta, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlaridan xabardor. Markaz ushbu huquqlarni himoya qilish borasidagi o'z vakolatlarini ham yaxshi biladi va ularni qat'iy bajarib kelmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, Markazning vazifa va vakolatlari ko'lami yanada kengaydi.
Bundan tashqari, bloger Musannif Adham “Facebook” tarmog'idagi sahifasida Markaz direktori Akmal Saidovning huquqshunos ekaniga o'zicha shubha bildirgan.
Binobarin, akademik A.Saidov mamlakat va jahon miqyosida taniqli huquqshunos sifatida e'tirofga sazovor.
Shu yil 7-8 oktyabr kunlari poytaxtimizda A.Saidov IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining rahbari sifatida “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi 6-seminarini tashkil qildi.
Xalqaro anjumanda dunyoning qariyb 50 davlatidan – Osiyo va Afrika qit'alari hamda arab mamlakatlaridan vakillar qatnashdi. Ishtirokchilarning jami soni 150 nafarni tashkil etdi. Ishtirokchilar yakunlovchi hujjat – Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasini qabul qildilar.
O'tgan yili esa Samarqand shahrida Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi o'tkazilgandi. Forum yakunida Inson huquqlari bo'yicha Samarqand Deklaratsiyasi qabul qilingan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.11.2019
- Ko'rishlar: 5543
- Chop etish