Sun’iy intellekt yetakchilari – Davosda. Ular nimalar deyishdi?

O‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida sun’iy intellekt mavzusidagi muhokama eng katta qiziqish bilan kuzatilgan panel-sessiyalardan biri bo‘ldi. Unda insoniyat kelajagini belgilab berayotgan sohaning bugungi holati va xavotirlarga sabab bo‘layotgan istiqboli haqida so‘z bordi.

“O‘ta aqlli SI davri yaqin”

Dario Amodey, Anthropic asoschisi:

 
Foto: Fabrice Coffrini / AFP via Getty Images

— Oxirgi uch-olti oy ichida deyarli hamma vazifalar bo‘yicha deyarli hamma odamlardan yaxshiroq sun’iy intellekt tizimlari paydo bo‘la boshlayotganiga ishonch hosil qildim. Hali to‘liq amin bo‘lmasam-da, ko‘rganlarimga asoslanib, sun’iy intellekt matematika, dasturlash va biologiya kabi sohalarda PhD talabalari darajasida yaxshi natijalar ko‘rsata boshlaganini aytishim mumkin. Menimcha, 2026 yoki 2027 yilga kelib, deyarli barcha sohalarni deyarli barcha insonlardan yaxshiroq biladigan sun’iy intellekt tizimlariga ega bo‘lamiz.

“Yordamchilar armiyasi”

Endryu Ing, LandlingAI asoschisi:

— Men sun’iy intellektni bir vosita sifatida ko‘raman. Universal sun’iy intellektga ega bo‘lish yaxshi, chunki qo‘l ostingizda go‘yoki stajyorlar armiyasi bo‘ladi. Ular juda aqlli, siz xohlagan har qanday ishni bajarishga qodir. Istalgan topshiriqni bajarishga aqli yetadi. Shuning uchun, menimcha, bunday agentlar odamlarga xizmat qilishini ta’minlash nihoyatda qiziq bo‘ladi. Aytgancha, intellekt bugungi dunyoda eng qimmat narsalardan biri. Shu sababli shifokor qabuli yoki repetitor yollash ancha qimmatga tushadi. Lekin agar intellektni arzonlashtirib, uni hammaga bersak, ko‘plab insonlarning imkoniyatlarini kengaytirgan bo‘lamiz.

Dario Amodey, Anthropic asoschisi:

— Agar millionlab nusxada har jihatdan insonlardan ustun agentlarimiz bo‘lsa, men buni data-markaz ichiga joylashtirilgan daholar o‘lkasiga qiyoslagan bo‘lardim. Imkoniyatlar chegarasi haqida gapirsak, biz bu bilan dunyodagi hamma muammolarni bir zumda hal qilamizmi? Menimcha, yo‘q. Masalan, o‘zi yuradigan avtomobillar murakkab masala. Shuning uchun sun’iy idrokning imkoniyatlari fizik olamning xususiyatlari va qonunlar bilan cheklanadi. Farmatsevtika sohasini misol qilsak, klinik sinovlarni baribir o‘zimiz o‘tkazishimizga to‘g‘ri keladi. Axir fizika va biologiyadagi qonuniyatlar bilan hisoblashishimiz kerak. Sun’iy intellekt esa bizga klinik sinovlarni anchagina tezlashtirish imkonini beradi. Taxminimcha, agar sun’iy intellekt imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalansak, biologiya kabi sohalarda 5-10 yil ichida 100 yillik taraqqiyotga erishishimiz mumkin.

Sun’iy intellekt nazoratdan chiqib ketsa-chi?

Foto: Jahon iqtisodiy forumi

Endryu Ing, LandingAI asoschisi:

— Bu – qo‘lingizdagi noutbukni xavfli deyish bilan barobar. Albatta, noutbukingiz xavfli bo‘lishi mumkin, chunki kimdir undan nojo‘ya maqsadlarda foydalanishi ehtimoli bor. Xuddi shunday, kimdir sun’iy intellektdan ham nomaqbul ishlarda foydalanishi mumkin. Ularni to‘xtatish uchun esa qonunlar qabul qilishimiz kerak.

Bu – mening shaxsiy fikrim. Lekin hamma ham bunday fikrda emas. Sun’iy intellekt o‘z xohish-istaklariga ega ongli mavjudotga aylanib, nazoratdan chiqib ketishi mumkin, degan qarashlar ham bor. Tajribamdan kelib chiqib aytsam, biz yaratgan sun’iy intellekt ba’zida noto‘g‘ri ham ishlar qiladi. Men esa buni to‘xtatish uchun uni shunchaki qayta dasturlab qo‘yaman. Bu dasturlashim ham uni to‘liq nazorat qila olmaydi. Muhimi, sun’iy intellektni boshqarish qobiliyatimiz yildan yilga yaxshilanyapti.

Hamma ham bunchalik optimist emas

Yoshua Bengio, Monreal universiteti professori:

Foto: Jahon iqtisodiy forumi

— Haqiqatan ham, biz shunchaki vosita emas, mustaqil ravishda qaror qabul qilishga qodir mashinalar yaratish yo‘lidan yuryapmiz va bu yaxshi emas. Hozirgi kunda ilm-fan hatto inson aqli darajasidagi mashinalarni qanday nazorat qilishni bilmaydi. Bizdan aqlliroq mashinalar haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Buni hech kim bilmaydi.

Sun’iy intellektning hozirgi bosqichdagi xatti-harakatlarida biz guvoh bo‘layotgan narsa shuki, u ham xuddi odamlarga o‘xshab har xil lazeykalarni topa olyapti. Kelajakda ular yanada aqlliroq bo‘lganda, bu holat yomonlashishi mumkin. Aytaylik, siz ham ko‘p pul topish, ham qonunlarga rioya qilish degan bir-biriga zid maqsad qarshisida bo‘lsangiz, axloqiy normalarni boshqacha talqin qilish yo‘lini topasiz. Sun’iy intellekt bilan ham xuddi shu holat yuz beryapti. Menimcha, bu – fundamental muammo. Biz demokratik jarayon orqali sun’iy intellektdan nimani kutayotganimizga aniqlik kiritib olishimiz kerak.

“Vaqtimiz kam qolgan bo‘lishi mumkin”

Yejin Choi, kompyuter fanlari tadqiqotchisi, Stenford universiteti professori

Foto: Jahon iqtisodiy forumi

— Universal sun’iy intellektni tadqiq qilishga ko‘proq investitsiyalar kiritishimiz zarur. Sun’iy intellektni yaratish qo‘limizdan kelyapti degani, uni rostdan ham tushunamiz degani emas. Hali bu borada aniqlashtirish kerak bo‘lgan narsalar ko‘p.

Shaxsan men, bu jarayonning markazida bo‘lsam ham, unga juda qiziqsam ham, sun’iy intellekt taraqqiyoti sekinroq bo‘lishini xohlardim. Lekin bunday bo‘lmaydi. Aksincha, jarayon yanada tezlashadi. Shunday ekan, nima qilsak bo‘ladi? Menimcha, sun’iy intellektni shunchaki uning o‘zi uchun takomillashtirish o‘rniga, undan insonlar hayotini yaxshilash maqsadida foydalanishga ko‘proq e’tibor qaratishimiz lozim.

Men bu bilan insoniyat oldida turgan eng murakkab savollarga javob topishga intilishni nazarda tutyapman. Masalan, tabiiy ofatlar, o‘rmon yong‘inlari kabi hodisalarni qanday boshqarish mumkin? Ularni qandaydir tarzda modellashtirish yoki oldindan aytib berish imkoni bormi? Sun’iy intellektni shunchaki takomillashtirish o‘rniga, unga insoniy qadriyatlar va me’yorlarni o‘rgatishga ko‘proq e’tibor qarata olamizmi?

Kun.uz

Powered by GSpeech