Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini o‘rganib chiqadi.
Natijalarning xolisligini ta’minlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo‘lgan ekspertlar guruhi shakllantirildi. Ular tomonidan agentlikning baholash natijalari mustaqil va xolis ko‘rib chiqildi va xulosalar taqdim qilindi.
2023-yil natijalari bo‘yicha 95 davlat tashkilotining, jumladan, 36 davlat tashkiloti ilk marotaba, qolgan 59 tasi esa takroran baholashdan o‘tkazildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholandi. 42 tashkilot faoliyati samaradorligi «yaxshi» – (81-100 ball), 38 tashkilot «qoniqarli» –(55-80 ball) va 15 tashkilot «qoniqarsiz» – (55 balldan past) toifalarga ajratildi.
Tahlil natijalari davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida bir qator kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmagani, jumladan faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlar aniqlanmagani, ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va xaridlar jarayonida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va aniqlash bilan bog‘liq choralar amalga oshirilmagani, korrupsiya haqida xabar berish bo‘yicha aloqa kanallarining yo‘lga qo‘yilmagani, ushbu yo‘nalishdagi hujjatlar ijro etilmagani, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etishga yetarlicha e’tibor qaratilmagani tashkilotlar faoliyati qoniqarsiz baholanishiga sabab bo‘ldi.
Masalan, Surxondaryo va Andijon viloyati hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi ketma-ket ikki yil davomida «qoniqarsiz» baholandi. Andijon viloyati hokimligi tomonidan esa korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi shtat birligi xodim bilan jamlanmagan.
Baholash natijalariga ko‘ra, «qoniqarli»deb topilgan davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar amalga oshirilgan bo‘lsada, ayrim masalalarga e’tiborsizlik bilan qaralgan.
Jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlar to‘g‘ri baholanmagani natijasida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari manzilli ishlab chiqilmagan va ijrosi to‘g‘ri tashkil etilmagan. Xodimlarni korrupsiyaga qarshi o‘qitish va ularda murosasiz munosabatni shakllantirishda yetarli ishlar amalga oshirilmagani, belgilangan tadbirlar ijrosini nazorat qilish sohasida kamchiliklar mavjudligi kuzatildi.
Baholash natijalariga ko‘ra «yaxshi» deb topilgan 42 davlat tashkiloti faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar tizimli ravishda amalga oshirilgan.
Jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, natijalariga asosan manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ular samarali amalga oshirib kelingan. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, monitoring va nazorat tadbirlarini amalga oshirish, turli tanlovlar jarayonida korrupsiya omilini istisno qilish, xodimlar va aholini korrupsiyaga qarshi murosasiz ruhda tarbiyalashga oid tizimli choralar ko‘rilgan.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Markaziy bank, «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatida birinchi rahbarlar tomonidan xodimlar va keng jamoatchilik bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Reyting baholash tizimi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalarni samarali monitoring qilish bilan birga, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, sohada sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish hamda tashkilot rahbarlarining mas’uliyatini yanada oshirish imkonini berdi.
Baholash yakunlari bo‘yicha “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi. «Qoniqarli» deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi.
«Qoniqarsiz» deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishlarida eshitib boriladi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 29.03.2024
- Ko'rishlar: 2086
- Chop etish