Vatan ostonadan, o‘zi tug‘ilib o‘sgan go‘shadan boshlanadi. Har bir insonning Vatanga bo‘lgan muhabbati ona suti, ona allasi va ota-ona mehri bilan uning vujudiga singib boradi. O‘z ota-onasi, avlod-ajdodlari, ularning an’analari, urf-odatlari, kasb-korini sevmaydigan farzand o‘zgalarni ham sevmaydi. Shuningdek, millati, xalqi, adabiyoti, san’ati, dini va madaniyatidan g‘ururlanib, o‘zi o‘sgan yurt tabiatidan ilhomlanib, uning muqaddas tuprog‘i qadrini anglab yetmaydi. Bu esa manqurtlikdan o‘zga narsa emas. Zero, hech bir inson Vatandan tashqarida baxt-saodat topa olmaydi.
Konstitutsiyamizning 64-moddasida O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchi ekanligi qat’iy ta’kidlangan. Shu sababli ham oilada farzand tarbiyasida vatanparvarlik, harbiy vatanparvarlik hissini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Yosh avlodni huquqiy jihatdan yetuk va barkamol qilib tarbiyalash, ona Vatanga bo‘lgan muhabbatni shakllantirish avvalo, oiladan boshlanishi hammamizga ayon.
Oila ham bir kichik mamlakat hisoblanadi. O‘zbekiston Konstitutsiyasining 76-moddasida ham oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, jamiyat va davlat muhofazasida ekanligi belgilab qo‘yilgan. Mamlakatning ravnaq topishi uning boshchisi va xalqiga bog‘liq bo‘lgandek, oilada ham shu talab saqlanib qolgan. Oilada yosh avlodni ota-ona namunasi, oila an’analari, shajarasi, kasb-kori, axloqiy-ma’naviy qadriyatlari asosida tarbiyalash, ular ongida oilaga sadoqat, o‘zaro mehr-muhabbat, hurmat hissini shakllantirish vositasida ularni oilaviy hayotga tayyorlash kutilgan natija beradi. Yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish har bir ota-onaning, tarbiyachi-murabbiylarning, jamoatchilikning Vatan oldidagi burchlaridir. Bu burchni halol, pok fidoyilik va jasorat bilan bajargan insongina haqiqiy vatanparvardir.
Fidokorlikni namoyon etish uchun ma’naviy muhit, ma’naviy faoliyat, ma’naviy o‘zlikni anglash tizimini yaratish va shu asosda yoshlarda vatanparvarlik, fidoyilik xususiyatlarini shakllantirish har bir fuqaroning, ota-ona va jamoatchilikning asosiy vazifasidir.
Konstitutsiyaning 78-moddasida esa davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishining mustahkamlab qo‘yilgani bugungi kunda kelajagimiz vorislari bo‘lgan yoshlarda vatanparvarlik ruhini rivojlantirish, Vatanga bo‘lgan muhabbat va uning ertangi kuniga ishonch ruhida tarbiyalashda mustahkam asos bo‘ladi.
Zero, bugungi tinch hayotimizning qadriga etish, kelajak avlodni munosib ravishda tarbiyalash, uyimizni, oilamizni asrash, farzandlarimizga to‘g‘ri turmush tarzini yaratib berishda oila institutining o‘rni beqiyos hamda uni ro‘yobga chiqarish barchamizning fuqarolik burchimizdir.
A.Tolipov,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi
universiteti dotsenti.
O‘zA
- Qo'shildi: 13.11.2024
- Ko'rishlar: 831
- Chop etish