O‘zbekistonning Birinchi xonimi, "Zamin" xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Bokuda o‘tayotgan Global iqlim sammitidagi ishtiroki davomida ekofaollar bilan birgalikda COP29da tashkil etilgan O‘zbekiston milliy paviloni bilan tanishdi.
Mamlakatimiz pavilonining "Ichki barqarorlik" mavzusidagi konsepsiyasi o‘zbek xonadonining qalbi va oilaviy uyg‘unlik ramzi bo‘lgan an’anaviy hovliga asoslangan. Pavilon mamlakatimiz iqlimiga mos, vaqt sinovidan o‘tgan barqaror, an’anaviy materiallar va qadimiy usullardan foydalanilgan holda bunyod etilgan.
Ta’kidlash joizki, sammit kunlarida bu yerda yerlarning tanazzulga uchrashi va cho‘llanishi, bioxilma-xillik, shaharlarning iqlimga chidamliligi, Orolbo‘yi mintaqasini tiklash kabi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining asosiy iqlim muammolarini qamrab olgan 30 dan ortiq tadbir o‘tkaziladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Birinchi xonimi Ozarbayjon Birinchi xonimi Mehribon Aliyeva, Turkiya Birinchi xonimi Emine Erdog‘an va Qirg‘iziston Birinchi xonimi Oygul Japarova bilan birgalikda “Birdamlik markazi” paviloniga tashrif buyurdilar. U Turkiya Prezidenti rafiqasining "Nol chiqindi" tashabbusi doirasida va Ozarbayjon Prezidenti rafiqasi boshchiligidagi Haydar Aliyev jamg‘armasi ko‘magida ochilgan.
Oliy martabali mehmonlarga mazkur tashkilotlarning chiqindilarni boshqarish, qayta ishlash, ekologik dasturlar va innovatsion yechimlar, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi loyihalari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Shu yerda Ozarbayjonning Shamaxi shahrida daraxt ekish kampaniyasini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi. To‘rt mamlakatning Birinchi xonimlari masofadan turib ko‘kalamzorlashtirish tadbirlariga start berdilar.
O‘zA
- Qo'shildi: 13.11.2024
- Ko'rishlar: 944
- Chop etish