Mamlakatimizda milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo'shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o'rganishga alohida e'tibor berilmoqda. Keyinggi yillarda tashkil Mamlakatimizda milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo'shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o'rganishga alohida e'tibor berilmoqda. Keyinggi yillarda tashkil etilgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bevosita ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. O'zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 16 iyunda “Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzusidagi anjumanda so'zlagan nutqida “Samarqandda – Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg'onada – Marg'inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etsak, o'ylaymanki, bu juda foydali bo'ladi. Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog'lom e'tiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch bo'lib xizmat qiladi” deb ta'kidlagan edi.
Davlatimiz rahbarining «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni asosida oliy diniy-ma'rifiy ta'lim muassasasi shaklidagi Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi yonida ushbu maktabning talabalar uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan muhtasham binosi bunyod etildi.
Bu yil Hadis ilmi maktabiga birinchi marta 10 nafar talaba qabul qilindi. Ushbu maskanda o'qish uchun 56 kishi ariza topshirgan edi. Ularga imtihonlarga puxta tayyorgarlik ko'rishlari uchun yordam ko'rsatish maqsadida Toshkent islom institutida tayyorlov kursi tashkil etildi. Bu yerda abiturientlar Toshkent islom instituti va O'zbekiston Xalqaro islom akademiyasining malakali professor-o'qituvchilari tomonidan arab tili, “Hadis istilohlari”, “Hadis sharhlari” fanlaridan saboq olishdi.Hadis ilmi maktabi abiturientlari yaqinda “Hadis” va “Mustalahul hadis”, arab tilidan ijodiy imtihon topshirdilar hamda “O'zbekiston tarixi”dan test sinovidan o'tdilar.
Maktabda o'qish muddati besh yil bo'lib, u kunduzgi ta'lim shaklida olib boriladi. Bu yerda «Hadisshunoslik» ta'lim yo'nalishi bo'yicha bakalavr darajasidagi kadrlar tayyorlanadi. Hadis ilmi maktabida tafsir, hadis, fiqh fanlaridan chuqurlashtirilgan ta'lim beriladi. Talabalar Qur'oni karim, Tafsir, Hadis, Hadis sharhi, Ahkomul hadis, Mustalahul hadis, Jarh va ta'dil, Taxrij va dirosatul-asoniyd, Ilalul hadis, Aqoid, Fiqh, Usulul fiqh, Meros ilmi, arab tili, mantiq, tasavvuf, Islom tarixini mukammal o'zlashtiradilar.
Mashg'ulotlar zamonaviy pedagogik texnologiyalar, shuningdek, “Ustoz — shogird” an'analari asosida olib boriladi. Hadis ilmi maktabining o'quv jarayonini samarali tashkil etish maqsadida talabalar bilan mashg'ulotlar o'tkazishga O'zbekiston musulmonlari idorasining ulamolari, O'zbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom institutining professor-o'qituvchilari jalb qilinadi. Hadis ilmi maktabiga dunyoga mashhur Al-Azhar universiteti va boshqa nufuzli o'quv yurtlaridan ham o'qituvchilar chaqirish mo'ljallangan.
Shu bilan birga Hadis ilmi maktabi talabalarining Misr, Iordaniya, Marokash, Hindiston va Pokiston kabi mamlakatlarning hadis ilmi markazlari, taniqli universitetlarida malaka oshirishlari rejalashtirilgan.
Kelajakda Hadis ilmi maktabi bitiruvchilari diniy fanlar, xususan, hadis ilmi sohasida ta'lim berib, diniy tashkilotlarda imom-xatib, ilmiy xodim vazifalarida ishlashi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazlarida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borishi ko'zda tutilgan.
Bituruvchilar ta'limni o'z ixtisosligiga ko'ra, O'zbekiston Islom akademiyasi magistraturasida, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida davom ettirishlari mumkin bo'ladi.
Erkin Ernazarov,
«Demokratlashtirish va inson huquqlari» jurnali
Bosh muharririning o'rinbosari
- Qo'shildi: 04.08.2019
- Ko'rishlar: 8042
- Chop etish