3-aprel kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida poytaxt jamoatchiligi bilan ko‘rishib turganidan mamnunligini ta’kidlab, bugungi kundagi dolzarb masalalarga to‘xtaldi. Dunyodagi, jumladan, hamkor davlatlardagi vaziyatning iqtisodiyotimizga, aholi daromadlariga salbiy ta’sirini kamaytirish eng muhim vazifalardan ekani ta’kidlandi.
– Har qanday bino tashqi ta’sirlarga bardosh berishi uchun uning poydevori mustahkam bo‘lishi shart. Mamlakatimiz poydevori bu – mahalla. Mahallani iqtisodiy zamini mustahkam bo‘lsa, odamlarni daromadi ko‘payib, yaxshi yashashga uyi, bolasini o‘qitishga sharoiti bo‘lsa, ertangi kuni uchun xotirjam bo‘lsa, shunda barqarorlik, taraqqiyot bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu nuqtayi nazardan, mutasaddilar faoliyatidagi sustkashliklar, tumanlarda ishga solinmayotgan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Toshkent shahrida loyiha qilish istagidagi investor va tadbirkorlar ko‘p. Lekin buning uchun yer kam. Foydalanilmayotgan joylarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, 979 ta yer uchastkasini auksionga chiqarish, qishloq xo‘jaligidan sanoat va aholi punkti toifasiga o‘tgan 175 gektarlik yerni berish orqali ularga sharoit yaratish mumkin.
Yangihayot tumanida 764 gektar yerda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Xorijiy va mahalliy tadbirkorlar u yerda 2,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha taklif bildirgan. Bu hududda yanada ko‘proq loyihalarni joylashtirib, o‘n minglab ish o‘rni ochish imkoniyati bor.
Iqtisodiy faol aholidan 80 mingi ishga muhtoj. Shu bilan birga, poytaxtdagi korxona va tashkilotlarda 98 ming bo‘sh ish o‘rni mavjud.
Jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikni jilovlash ishlarini ham yangi yondashuv asosida qayta ko‘rib chiqish zarur.
Toshkent shahri aholisi turmushini yanada yaxshilash uchun bu kabi qilinadigan ishlar juda ko‘p. Shu bois sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Davlatimiz rahbari Toshkent shahri hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Shavkat Umurzoqov nomzodini poytaxt hokimi lavozimiga tavsiya etdi.
Sh.Umurzoqov 1979-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ko‘p yillar prokuratura tizimida ishlagan. 2018-2023-yillarda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi bo‘lgan. U o‘tgan yil martdan buyon Toshkent shahri hokimi vazifasini bajarib kelmoqda. Mahalliy kengash deputatlari ham bir yil davomida uning ishiga baho berish uchun yetarli imkoniyatga ega bo‘ldi.
Xalq deputatlari, jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib, nomzod haqida fikrlarini bildirdi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri hokimi etib tasdiqlandi.
Prezident Toshkentda natija qilish uchun imkoniyat ham, resurs ham, sharoit ham yetarli ekani, buning uchun shahar va tuman hokimlari, iqtisodiy kompleks vakillari uyg‘onib, katta marralar olib, qattiq ishlashi kerakligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda shaharni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish imkoniyatlari Yunusobod tumani misolida tahlil qilindi.
So‘nggi yetti yilda tumanga 1 milliard 700 million dollar xorijiy investitsiya kiritilib, korxona, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari 3,5 mingtaga, ish o‘rinlari 20 mingtaga ko‘paydi. 6 ming xonadonli yangi uy-joylar qurildi, 8 mingta yangi o‘quvchi o‘rni tashkil qilindi, 3 ta oliygoh ochildi.
Yunusobod hududi bo‘yicha Toshkent shahrida birinchi, aholi soni bo‘yicha esa ikkinchi o‘rinda turadi. Tumanda 64 ta mahalla bo‘lib, 376 ming aholi istiqomat qiladi.
Hudud soliq tushumlari hajmi bo‘yicha yetakchi. Lekin aholi jon boshiga hisoblaganda yuqori emas. Tumanning poytaxt sanoatidagi ulushi eng oxirgi o‘rinda.
Shulardan kelib chiqib, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, Yunusobod tumanidagi 9 ta bank filiali yirik mijozlari bilan 64 ta mahalla o‘rtasida “ko‘prik” bo‘ladi. Ulardagi oilalar daromadi ko‘paysa, bank mijozi bo‘lgan tadbirkorning mahsulotiga talab oshadi. Bundan tadbirkor ham, bank ham foyda ko‘radi.
Endi banklarga odamlar daromadini ko‘paytirish, tuman iqtisodiyotini barqaror o‘stirish bo‘yicha yangi mas’uliyat belgilanadi. Ish o‘rni yaratgan mijozlarga kredit foizi tushirib boriladi. Hokim yordamchilari esa ishsizlarni tadbirkorlar talabi asosida o‘qitadi.
Mutasaddilarga bu borada “Yunusobod tajribasi”ni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yunusobod poytaxtning eng qulay qismida joylashgani uchun “o‘sish nuqtasi” biznes ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatib berayapti. Yangi investitsiyalar oqimiga sharoit yaratish maqsadida eskirgan qiyofadagi yoki davlat idoralari joylashgan binolar o‘rnida zamonaviy savdo, xizmat va ovqatlanish loyihalarini amalga oshirish mumkin. Natijada 7 mingta yuqori daromadli ish o‘rni ochiladi.
Yer o‘ta cheklangan sharoitda bor infratuzilmani vertikal o‘stirish orqali sanoat va savdoni rivojlantirish zarur. Xususan, dehqon bozorlarini qavat-qavat usulda kengaytirish uchun sharoit bor. Shuningdek, kichik sanoat zonasidagi
bino-inshootlarni 3-4 qavat qilib, qayta qurish hisobiga qo‘shimcha 200 ming kvadrat metr hosil bo‘ladi.
Ijtimoiy sohada xususiy sheriklik loyihalarini ko‘paytirish orqali ham mingta ish o‘rni yaratsa bo‘ladi. Masalan, 7-sonli shahar shifoxonasi uchun yangi bino qurilsa, bo‘shaydigan yerda koreyalik investorlar 420 o‘rinli ko‘p tarmoqli klinika qurish tashabbusini bildirgan.
Umuman, o‘rganishlar asosida Yunusobodda 600 million dollar investitsiya, 35 mingta yuqori daromadli ish o‘rni imkoniyatlari aniqlangan.
Hukumatga barcha tumanlarni shu tarzda o‘rganib, Toshkent shahrida 250 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratish, 2 milliard dollar sarmoya jalb etish choralarini ko‘rish topshirildi.
Sanoat, infratuzilma, tadbirkorlik va kommunal sohalarda ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Mahallalardagi obodlik masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Mahalla raislari va nuroniylar milliy qadriyatlarimizni tiklab, ko‘cha bo‘ylari va hovlilarda gul-u rayhonlar ekish, daraxt o‘stirish, ishkomlar qilish, ozodalik ishlariga bosh-qosh bo‘lishi zarurligi aytildi.
Davlatimiz rahbari bu boradagi faollikni rag‘batlantirish maqsadida tanlov o‘tkazib, yil yakuni bilan eng namunali mahallaga elektromobil sovg‘a qilish taklifini bildirdi. Bu taklif olqishlar bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilish so‘ngida Prezident xalq deputatlari, mahalla raislari, ziyolilar va yoshlar bilan muloqot qildi.
O‘zA
- Qo'shildi: 03.04.2024
- Ko'rishlar: 2679
- Chop etish