21 sentyabr – Xalqaro tinchlik kuni
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1981 yili ta'sis etilgan va uning 2001 yil 7 sentyabrdagi rezolyutsiyasi asosida tasdiqlangan 21 sentyabr – Xalqaro tinchlik kuni har yili dunyo bo'ylab nishonlanadi. Shu kuni dunyodagi barcha xalqlar va davlatlarga o't ochish va zo'ravonlikni to'xtatish, kun davomida qurolli harakatlarga yo'l qo'ymaslik, insonlarga tinchlik va barqarorlikning ahamiyatini turli ma'rifiy tadbirlar uyushtirish orqali tushuntirish tavsiya etiladi.
Har bir inson dunyoga kelib ota-ona bag'rida ulg'ayar ekan, unga vatanga bo'lgan muhabbat tuyg'usi oiladan boshlab singdiriladi. Sog'lom oila muhitida farzand voyaga yetish jarayonida vatanga bo'lgan sadoqatni, uni himoya qilish, kerak bo'lsa, yurt uchun jonni fido qilishni o'rganadi.
Albatta, buning uchun yurt tinchligi muhim ahamiyatga ega. Dunyoning ko'pgina mamlakatlarida istiqomat qilayotgan insonlar, afsuski, bu ulug' ne'matdan mosuvodir.
Tinchlikda har bir kunini farzanlari va oila a'zolari davrasida o'tkazishni orzu qilayotganlarni ko'rib, tinch, farovon hayot kechirishdek aziz ne'matga muyassar ekanidan beixtiyor quvonadi kishi. Ota-bobolarimiz “Qo'shning tinch – sen tinch” degan hikmatga azaldan amal qilib kelganlari bejiz emas.
Hozirgi vaqda ayrim bir davlatlarda kuzatilayotgan tartibsizliklar o'sha davlat hududi bilan cheklanib qolmayapti. Aksincha, dunyo miqyosida turli muammolar kelib chiqishiga, ko'plab insonlarning taqdiri butunlay o'zgarib ketishiga yoki noma'lumligicha qolishiga va davlatlar o'rtasida o'zaro tushunmovchiliklarning yuzaga kelishiga sabab bo'lmoqda.
O'zbekiston tomonidan bugungi kungacha o'tkazilgan “Mehr-1,2,3,4” operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg'onistonda og'ir ahvolga tushib, chorasiz qolgan 438 nafar ayol va bolalar Vatanga olib kelindi. Jumladan, 2019 yilda Suriyadan 156 nafar o'zbekistonlik, asosan ayollar va bolalar, oktyabr` oyida esa Iroqdan 64 nafar bola, 2020 yilning dekabrida (“Mehr-3” operatsiyasi) Suriyadan 25 nafar ayol va 73 nafar bola, 2021 yilning “Mehr-4” operatsiyasida esa 24 nafar fuqaro Afg'onistondan va nihoyat “Mehr-5” operatsiyasi natijasida Suriyada urush ketayotgan yerlarga borib qolgan va 3 yildan ortiq vaqt mobaynida lagerda ushlab turilgan 24 nafar ayol va 69 nafar bola O'zbekistonga qaytarildi.
Bugungi kunda dunyo mamlakatlarini tashvishga solayotgan ko'plab global muammolar: ichimlik suvi taqchilligi, oziq-ovqat va ekologiya muammosi hamda yer yuziga shiddat bilan tarqalib, ko'plab insonlarni hayotdan olib ketayotgan koronavirus pandemiyasi kabi dolzarb masalalarga e'tibor qaratilishi talab etilmoqda. Bu borada insoniyat o'zaro hamjihatlikda harakat qilishi juda muhim.
Shu nuqtai nazardan, 2020 yil 23 martda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi sayyoradagi barchani to'qnashuvlar va urush harakatlarni to'xtatishga, insonlarga koronavirus pandemiyasi bilan kurashishlariga sharoit yaratishga chaqirar ekan, pandemiyaning halokatli ta'siridan qutulishda o'zaro tinchlik o'rnatilishi juda zarurligini ta'kidlagani e'tiborlidir.
Dildora AHMEDOVA,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 21.09.2021
- Ko'rishlar: 11333
- Chop etish