Toshkent assambleyasi: Parlament ayol a’zolari forumining 39-sessiyasida muhim masalalar ilgari surildi (+video)

Poytaxtimizda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi o‘z ishini davom ettirmoqda. Nufuzli anjumanda dunyoning 190 ga yaqin mamlakatidan 2 mingga yaqin delegat ishtirok etmoqda.

Assambleyasi doirasida Parlament ayol a’zolari forumining 39-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.  

Tadbirda dunyoning turli burchaklaridan 200 dan ortiq parlament a’zolari, yetakchilar va ekspertlar ishtirok etdi. Ular gender tengligi, ayollarning siyosiy yetakchiligi va inson huquqlari bilan bog‘liq eng muhim masalalarni muhokama qildi.  

Ta’kidlanganidek, forum parlament ayol a’zolari uchun global miqyosdagi muhim tadbir bo‘lib, gender tenglikni ilgari surish, siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonida ayollarning ishtirokini kengaytirish va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan.

Forum doirasida 40 yillik yubiley nishonlanib, 39-sessiya prezidenti etib O‘zbekiston Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva saylandi.  

Ishtirokchilar kun tartibini tasdiqlab, gender tenglikni ilgari surish bo‘yicha so‘nggi tashabbuslar, jumladan, parlamentlar ayol a’zolari byurosining Jeneva va Toshkent sessiyalaridagi muhokamalar, Gender hamkorlik guruhi faoliyati hamda tashabbuslarini ko‘rib chiqdi.

– O‘zbekiston dunyoning tez rivojlanayotgan mamlakatlaridan biri sifatida gender masalasiga ustuvor ahamiyat bermoqda, - dedi Tanzila Norboyeva. – Qisqa muddatda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oilalar mustahkamligi, ayollarning huquqiy himoyasi va gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha yangi tizim, milliy model yaratildi. Forum formati xotin-qizlarga oid mintaqa uchun xos bo‘lgan dolzarb masalalarni birgalikda hal qilishning samarali mexanizmiga aylandi.  

Forum 150-assambleyaning muhokama qilinayotgan rezolyutsiyalariga gender nuqtai nazaridan tahlillar kiritdi. Ishtirokchilar parlamentlarning roli hamda qurolli mojarolarning uzoq muddatli ta’sirini yumshatish bo‘yicha parlament strategiyalarini muhokama qildi.

Tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ayol deputatlar ulushi 38 foizni tashkil etayotgani e’tirof etildi. Bu nafaqat O‘zbekistonning Osiyo mintaqasida ayollarning parlamentdagi vakilligi bo‘yicha yetakchi o‘rinda ekanini ko‘rsatadi, balki so‘nggi o‘ttiz yilda (+32 foiz punkt) erishilgan yutuqlarni ham aks ettiradi.  

2004 yilda mamlakatda siyosiy partiyalar nomzodlari orasida kamida 30 foizi ayollar bo‘lishi talab etilgan gender kvotasi qabul qilingan edi. Shu vaqtdan beri ayollarning parlamentdagi vakilligi bosqichma-bosqich yaxshilanib bordi. 2024 yilgi saylovlarda bu talab 40 foizga oshirilib, ayollarning ishtiroki yanada kengaytirildi.  

Forumda ushbu masalalar bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar tashkil etilib, gender tenglik nuqtai nazaridan tavsiyalar ishlab chiqildi. Shu bilan birga, “Siyosatni shakllantiruvchi ayollar: ayollarning global tarmoqlari” mavzusida panel muhokama bo‘lib o‘tdi.  

Tadbir yakunida ishchi guruhlarning rahbarlari hisobotlarini taqdim etdi va gender tenglik bo‘yicha tavsiyalar Parlamentlararo Ittifoqning tegishli doimiy qo‘mitalariga yo‘naltirildi.

Forum gender tenglikni rivojlantirish, ayollarning siyosiy yetakchiligini mustahkamlash va inklyuziv hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan global muhokamalar uchun muhim maydon bo‘ldi.  

Forum ishtirokchilari muhim qarorlar qabul qilish jarayonida ayollarning faol ishtirokini ta’minlash yo‘lida yangi strategiyalarni ishlab chiqdi.

Norgul Abduraimova, Rustam Nazarmatov (surat), Doniyor Yakubov (video), Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA

Powered by GSpeech