Tungi vaqtda fuqarolarning osoyishtaligini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Qonun loyihasi bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlarning qatʼiy roʻyxati tasdiqlanmoqda, shuningdek fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yoʻl qoʻyilmaydigan vaqtlar oraligʻi belgilanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari “Aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqmoqda.

Loyiha bilan aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilishning asosiy prinsiplari, atrof tabiiy muhitga shovqin orqali zararli taʼsir koʻrsatganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari, aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish sohasidagi davlat organlarining vakolatlari belgilab qoʻyilmoqda.

Qonun loyihasi bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlarning qatʼiy roʻyxati tasdiqlanmoqda, shuningdek fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yoʻl qoʻyilmaydigan vaqtlar oraligʻi belgilanmoqda.

Yaʼni, tungi vaqtda — sutkaning soat 23:00 dan 06:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida, shuningdek dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22:00 dan 09:00 gacha vaqt oraligʻida — fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Bunga koʻra, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi belgilab qoʻyilmoqda.

Amalda mazkur huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori fuqarolarga – 113 ming soʻm, mansabdor shaxslarga esa 113 ming soʻmdan 226 ming soʻmgacha boʻlgan miqdorni tashkil etadi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech