Ma’lumki, 6-7 oktyabr kunlari Ozarbayjonning Gabala shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) davlat rahbarlari kengashining “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusidagi XII sammiti bo‘lib o‘tadi. Anjumanda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi.
Mazkur sammit kun tartibida mintaqaviy va xalqaro muammolarni muhokama qilish, hamkorlikni mustahkamlash, turkiy dunyoda tinchlik va farovonlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjatlar qabul qilinishi kutilyapti.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti kafedra mudiri, professor Jasurbek Otaniyozov mavzu yuzasidan O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– O‘zbekiston tashqi siyosatda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish barobarida xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasida ko‘p tomonlama diplomatiya vositalaridan ham samarali foydalanmoqda. Natijada mamlakatimiz BMT, SHHT, MDH, TDT kabi xalqaro tuzilmalar doirasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kuchaytirish, investitsiya hamkorligini rivojlantirish, madaniy-gumanitar va ilmiy-texnikaviy aloqalarni mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro darajadagi transport-logistika tizimini takomillashtirish kabi muhim yo‘nalishlarda ilgari surayotgan tashabbus hamda takliflar jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda.
Qayd etish joiz, jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan globallashuv sharoitida O‘zbekistonning qo‘shni hamda hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro munosabatlarni yanada faollashtirish nafaqat bugun, balki istiqboldagi taraqqiyotda ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ayni jarayonni faollashtirishda TDT muhim o‘rin tutmoqda.
Ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo, investitsiya, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiya, transport va kommunikatsiya, ta’lim va madaniyat kabi sohalarda ko‘p qirrali munosabatni har tomonlama kengaytirish va mustahkamlash tashkilotning asosiy maqsadi etib belgilangan.
Hozir tuzilmaga O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Qozog‘iston a’zo. Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchi hisoblanadi.
O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilishi tovar, kapital, xizmat va texnologiya erkin harakatlanishini izchil ro‘yobga chiqarish, moliya va bank amaliyotini soddalashtirish maqsadida savdo-sotiq va investitsiya uchun qulay shart-sharoit yaratish, bojxona va tranzit tartib-taomilini yanada soddalashtirishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining a’zo davlatlar hamkorligini kuchaytirishda dolzarb ahamiyat kasb etgan 80 ga yaqin taklifi alohida inobatga olingan. Mazkur tashabbuslar hayotga tatbiq qilinishi ijobiy natijalar bermoqda.
Bugungi kunda TDT maydonida umumiy aholi soni 175 milliondan oshib, dunyo nufusining 2 foizdan ko‘pini tashkil etgan. Ayni omil respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar uchun istiqbolli bozor hisoblanadi. Mamlakatlarimiz tovar aylanmasi 2022 yildagi 30,9 milliard dollardan 2024 yil yakunida 45 milliard dollarga ko‘tarildi. Turkiy davlatlarning dunyo bilan umumiy savdosi qiymati esa qariyb 1,3 trillion dollarga yetdi. Faqat so‘nggi to‘rt yil ichida umumiy yalpi ichki mahsulot 20 foiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya esa 22 foiz o‘sdi.
E’tiborli jihati, mamlakatimizning tashkilot doirasidagi ishtiroki madaniy va savdo-iqtisodiy hamkorlik yangi darajaga chiqishiga xizmat qilmoqda. Oxirgi uch yil savdo aylanmasi barqaror sur’atda oshib, mingdan ortiq qo‘shma korxona tashkil qilingani buning yaqqol isboti.
Mamlakatimiz tashqi savdosining sezilarli qismi aynan TDT bilan bog‘liq. Yana raqamlarga murojaat qilamiz: o‘tgan yil yakunida mamlakatimiz jami tashqi savdo aylanmasining qariyb 14 foizi aynan tashkilot tarkibiga kiruvchi davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. So‘nggi sakkiz yil davomida tovar aylanmasi qariyb uch barobar oshgan.
Umuman, so‘nggi yillarda mamlakatimiz eksport geografiyasi va tashqi savdo munosabati ko‘lamini asosiy hamkorlar – TDT mamlakatlari hisobiga yanada kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda.
Tashkilot doirasida sarmoyaviy munosabatlar ham ijobiy tendensiya qayd etmoqda. Jumladan, 2017-2024 yillar davomida TDT mamlakatlari O‘zbekistonga yo‘naltirgan investitsiya 7,5 milliard dollardan oshdi. Qo‘shma korxonalar soni 4,5 barobar ko‘payib, 2024 yil yakunida 3 600 ga yetdi. Xorijiy investitsiya qurilish, yengil sanoat, logistika kabi yo‘nalishlarlarga ko‘proq yo‘naltirilgan.
Qo‘shma loyihalar ilgari surish, infratuzilmani takomillashtirish va boshqa muhim choralar amalga oshirishda 2021 yil 8-sammitda qabul qilingan “Turk dunyosi nigohi-2040” strategik hujjati muhim ahamiyat kasb etmoqda.
So‘nggi yillarda TDT mamlakatlari transport infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish, tranzit xizmatini yaxshilash, logistika hamkorligini kengaytirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Masalan, o‘tgan yil TDT shafeligida Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi tashkil etildi.
Ko‘plab sammitlar natijasi o‘laroq, hozirgi kunda O‘zbekiston ilgari surgan tashabbuslarning salmoqli qismi deklarativ darajadan amaliy ijro bosqichiga o‘tdi. Bu borada Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini alohida ta’kidlash zarur. Mazkur hujjatga doir qaror 2022 yil Samarqand sammitida qabul qilingan. Oradan bir yil o‘tib, Anqarada huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan va 2024 yil boshida kuchga kirgan. 2025 yil fevral oyida Ozarbayjonda o‘tkazilgan TDT Biznes-forumida Jamg‘arma ustav kapitali 600 million dollarga yetkazildi. Xususan, O‘zbekiston 100 million dollar sarmoya kiritdi. Shu orqali hududda kichik va o‘rta biznes, shuningdek infratuzilma va savdo loyihalari moliyalashtirilishini kengaytirish ko‘zda tutilgan. Ayni payt jamg‘arma tomonidan ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xulosa qilish mumkinki, TDT a’zo mamlakatlarni samarali birlashtirgan, ko‘plab sohalarda taraqqiyot istiqboliga ega mintaqaviy tashkilotga aylandi. Faoliyatining hozirgi bosqichi tashkilotning dolzarbligi, shuningdek umumiy iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy salohiyatini oshirish qobiliyatini ko‘rsatmoqda. Tuzilma doirasida o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni kengaytirish, a’zo davlatlarning qulay investitsiya va ishbilarmonlik imkoniyatidan to‘laqonli foydalanish, savdo-iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish istiqbolda mamlakatlarimiz iqtisodiy o‘sish sur’atini barqarorlashtiradi, umumiy taraqqiyotni rag‘batlantiradi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA
- Qo'shildi: 06.10.2025
- Ko'rishlar: 106
- Chop etish