IIV uy qamog‘idagi shaxslarni elektron braslet orqali nazorat qilish ko‘zda tutilgan qaror loyihasini e’lon qildi. Ushbu amaliyot 2024 yilda bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan.
“Uy qamog‘i ehtiyot chorasi va ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxslarni masofaviy nazorat qilish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi masalalari ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazida ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi asosida elektron braslet yaratgan.
Uning dasturiy ta’minoti ishlab chiqilgan, respublikaning 14 ta hududida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar ichki ishlar organlari jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, probatsiya xizmatlarida) sinovdan o‘tkazilib, amaliyotga joriy etishga tayyor holatga keltirilgan.
Sudning uy qamog‘i ehtiyot chorasini qo‘llash va ozodlikni cheklash jazosini tayinlash to‘g‘risidagi hukmi (ajrimi) nusxasi elektron shaklda ijro uchun yuborilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida Ichki ishlar vazirligi E-jamoat havfsizligi yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” axborot tizimiga integratsiya qilinishini ta’minlaydi.
Uy qamog‘i ehtiyot chorasi va ozodlikni cheklash jazosi qo‘llangan shaxslarning ehtiyot chorasi va jazoni ijro etish joyida bo‘lishini real vaqt rejimida masofaviy nazorat qilish amaliyoti 2024 yilda bosqichma-bosqich quyidagi tartibda:
- 1 maydan boshlab Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida;
- 1 iyundan boshlab Toshkent shahar, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida;
- 1 avgustdan boshlab Jizzax, Navoiy va Buxoro viloyatlarida;
- 1 oktyabrdan boshlab Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida;
- 1 dekabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida amaliyotga to‘liq joriy etiladi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 02.04.2024
- Ko'rishlar: 2120
- Chop etish