Shu yil 11-14 fevral kunlari Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi delegatsiyasi Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligida xizmat safarida bo'ldi. Tashrif doirasida bir qator muhim uchrashuv va muloqotlar o'tkazildi.
Mamlakatimizning Londondagi elchixonasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan Murojaatnomasi mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag'ishlab davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Buyuk Britaniya ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon va ilm-ma'rifat doiralari namoyandalari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, ushbu mamlakatda yashaydigan vatandoshlarimiz hamda tahsil oladigan talabalar hamda elchixona xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Murojaatnomaning asosiy ma'no-mazmuni haqida batafsil so'z yuritildi. Davlatimiz rahbarining ushbu dasturilamal ma'ruzasi nafaqat milliy parlamentga, balki butun O'zbekiston xalqiga, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga qaratilgani alohida ta'kidlandi.
Murojaatnomada O'zbekistonni rivojlantirishning muhim strategik yo'nalishlari belgilab berilgan. Shu ma'noda, mazkur hujjat mamlakatning milliy taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik aloqalari nuqtai nazaridan yaqin istiqbolga mo'ljallangan rivojlanishining o'ziga xos “yo'l xaritasi”dir.
Ayniqsa, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, shuningdek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarining bajarilishini nazorat qilish borasida parlamentning rolini kuchaytirish masalasiga alohida e'tibor qaratilgan. Davlat rahbari tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun zarur qonunchilik va institutsional asoslar yaratishga doir yangi tashabbuslar ilgari surilgan.
Xorijiy sheriklar bilan O'zbekistonning BMT miqyosidagi xalqaro tashabbuslarini ro'yobga chiqarish yo'lida o'zaro hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida ahamiyat berilgan. Jumladan, BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish, shuningdek O'zbekistonning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashida ishtirokini faollashtirishda xorijiy hamkorlar bilan yanada yaqin munosabatlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Anjuman ishtirokchilari O'zbekiston Prezidenti Murojaatnomasining inqilobiy mohiyatini e'tirof etdilar. Davlat rahbari mamlakatda uzoq yillar davomida yig'ilib qolgan hayotiy muammolarni ochiq muhokamaga qo'yib, teran tahlil etdi va ularni hal qilishning aniq yechimlarini ilgari surdi.
Xususan, korruptsiyaga qarshi kurash, kambag'allikni kamaytirish, “propiska” tizimini bekor qilish va fuqarolik taqdim etish bilan bog'liq mavzular chuqur o'rganilib, bu borada zarur amaliy choralar belgilab berildi. Shuningdek, O'zbekiston rahbarining OAV, parlament va mahalliy vakillik organlari rolini yanada kuchaytarishga qaratilgan taklif-tavsiyalari juda muhimdir.
Murojaatnomadagi parlament va Prezidentga hisob beradigan, korruptsiyaga qarshi kurashishga mas'ul bo'ladigan alohida organ tashkil etish hamda jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o'rtasida o'zaro yaqin hamkorlik o'rnatish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tuzishga doir takliflar ham yuksak baholandi.
Davra suhbati qatnashchilari ta'biri bilan aytganda, O'zbekiston Prezidenti shiddatli va qamrovdor islohotlarni amalga oshirish borasida kuchli siyosiy irodaga ega kuchli siyosiy yetakchi hisoblanadi. Murojaatnomaning mazmun-mohiyati O'zbekistonda amalga oshirilayotgan tub yangilanishlar to'xtab qolmasligi va ortga qaytmasligini, mamlakat o'zi tanlagan demokratik rivojlanish yo'lidan qat'iy borishini yana bir bor tasdiqladi.
Mamlakatda yaqinda bo'lib o'tgan parlament saylovi natijalariga ijobiy baho berildi. Ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirda Buyuk Britaniyadan xalqaro kuzatuvchilar sifatida, shu jumladan, YEXHT DIIHB missiyasi tarkibida 50 dan ziyod siyosatchi va ekspertlar ishtirok etdi.
Yangi tarkibdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 74 foizi ilk marta saylangani ushbu saylovlar haqqoniy, ochiq va shaffof o'tganining yaqqol ifodasidir. Xalq noiblarining 32 foizini xotin-qizlar tashkil etgani ham alohida diqqatga loyiq.
Davra suhbatida hozir bo'lgan Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralari vakillari O'zbekiston Prezidentining joriy yil 5-6 mart kunlari Toshkent xalqaro investitsiya forumini o'tkazish to'g'risidagi tashabbusiga e'tibor qaratdilar. Bo'lajak forumda ko'plab britaniyalik tadbirkorlar qatnashish istagida ekani O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan ishonch tobora ortib borayotganidan, mamlakatda tadbirkorlik va investitsiya muhiti tom ma'noda yaxshilanayotganidan dalolat berishi qayd etildi.
Anjuman yakunida ta'kidlanganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Jumladan, parlamentlararo aloqalarni kuchaytirish uchun yangi imkoniyatlar eshiklarini ochadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.02.2020
- Ko'rishlar: 4489
- Chop etish