2024-yil 11-22-mart kunlari AQSHning Nyu-York shahrida BMT Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiyasining (CSW) 68-sessiyasi bo‘lib o‘tadi va ushbu tadbirning asosiy eʼtibori gender tenglikka erishishni tezlashtirish va kambag‘allikni bartaraf etish orqali xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratiladi.
So‘nggi 5 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikka erishish va xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish borasida ko‘plab ijobiy natijalarga erishganligini inobatga olgan holda BMTning Ayollar tashkiloti Markaziy Osiyo va Ozarbayjon uchun maslahatlashuvlarni aynan O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha taklifni ilgari surdi.
Mazkur maslahatlashuvlar joriy yilning 12-fevral kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati BMT Ayollar tashkiloti bilan hamkorlikda “Gender tenglikka erishishni tezlashtirish va kambag‘allikni bartaraf etish, institutlar va genderga oid moliyalashtirishni mustahkamlash orqali barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarbayjon davlatlarining Parlament aʼzolari, fuqarolik jamiyati, yoshlar tashkilotlari va ilmiy doiralar vakillari, gender ekspertlar, BMTning o‘ndan ortiq dasturlari, jamg‘armalari va agentliklari, hamda gender tengligi va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish tarafdori bo‘lgan xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi.
— Bugungi kunda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari xotin-qizlarning huquq, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish, zo‘ravonlik va kamsitishning oldini olish, shuningdek, qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirokini taʼminlash borasida ulkan yutuqlarga erishdi.
Mamlakatlarimizda gender tenglikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlar natijasida zarur tajriba va amaliyot to‘plandi, xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotda to‘liq va teng huquqli ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Biz davlatlarning barcha jabhalarida ayollar va erkaklar uchun teng sharoitlarni nazarda tutuvchi Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi maqsadlariga erishish sari bosqichma-bosqich bormoqdamiz.
Shu maqsadda O‘zbekiston xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlarni davom ettirish tarafdori — deya taʼkidladi T. Narbayeva.
Shuningdek, maslahatlashuvlarda mintaqaviy organlar – BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqoti va boshqalar ishtirok etdi.
Maslahatlashuvlar davomida institutlar va genderga oid moliyalashtirishni mustahkamlash aspektlarini inobatga olgan holda kambag‘allik muammolarini hal qilishda tarmoqlararo hamkorlikni mujassamlashtirish hamda gender tenglikni va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni taʼminlash uchun moliyalashtirishdagi uzilishlarni bartaraf etish: gender tenglik siyosati va budjetlariga taʼsir ko‘rsatish uchun salohiyat va makonini kengaytirish kabi mavzularda muhokamalar tashkil etildi.
Shuningdek, haq to‘lanmaydigan parvarish va uy ishlarining nomutanosib yuki bilan kurashish: xizmat ko‘rsatish faoliyatiga o‘tish hamda ijtimoiy himoya xizmatlari va tizimlari mavzulariga eʼtibor qaratildi.
Mazkur maslahatlashuvlarni o‘tkazishning asosiy maqsadi Markaziy Osiyoda gender tenglikka erishish borasida mintaqaning salohiyati va imkoniyatlarini baholash, kambag‘allikni bartaraf etishda, ijtimoiy himoya va ishchi kuchi faoliyati borasida ustuvor rivojlanish strategiyalarini belgilashdan iboratdir.
Maslahatlashuvlar yakuni bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasi (O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston) va Ozarbayjonning CSWning 68-sessiyasiga hissa qo‘shadigan va undagi ishtiroki uchun asos bo‘ladigan keng qamrovli murojaatlar, ilg‘or tajriba va aniq tavsiyalar to‘plamini o‘z ichiga olgan hujjat qabul qilinadi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 13.02.2024
- Ko'rishlar: 2257
- Chop etish