Varshavada O‘zbekiston va YeXHT DIIHB o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi

Varshava shahrida O‘zbekiston va YeXHT DIIHB o‘rtasidagi hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi diplomatlari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YeXHT DIIHB) yuqori martabali xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Muzokaralar davomida O‘zbekiston va YeXHT DIIHB o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

DIIHB vakillariga O‘zbekiston tomonining inson huquqlari, gender tengligi ta’minlash, jamiyatni demokratlashtirish va boshqa sohalardagi masalalarni birgalikda muhokama qilish hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa pozitsiyalarni ko‘rib chiqishga tayyorligi va bundan manfaatdorligi ta’kidlandi.

Suhbatdoshlar O‘zbekistonda barcha sohalarda, jumladan, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, gender tenglikka erishish, inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va ortga qaytmas islohotlarning samarali natijalari bilan tanishdilar.

DIIHB xodimlari O‘zbekiston tomonining hamkorlikka tayyorligi va ochiqligini hamda respublikaning xalqaro tashkilotlar doirasidagi siyosiy faolligini yuqori baholadi. Ushbu faoliyat mamlakat imiji uchun muhimligi ta’kidlandi.

Byuro vakillariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston inson huquqlari, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohasida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi, shuningdek, bu borada O‘zbekiston hukumati bilan konstruktiv muloqot davom etmoqda.

Kun.uz

Powered by GSpeech