Vijdon erkinligi: har bir shaxsning kafolatlangan huquqi bilan birga majburiyatlari ham bor

Vijdon erkinligi – fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik bo‘yicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir.

Bu O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida o‘z aksini topdi.

Mazkur hujjat fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqini va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.

Konsepsiya davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekistonda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni ta’minlashga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida O‘zbekiston boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi belgilangan.

Konstitutsiyaning 35-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangan. Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dunyoviy davlatda diniy qadriyatlar ham muhim o‘rin tutadi. Diniy qadriyatlar O‘zbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-axloqining shakllanishiga hamda ularning avloddan-avlodga meros bo‘lib o‘tishiga xizmat qilib kelmoqda.

Diniy e’tiqodlar va diniy bag‘rikenglik, dinlarning asl insonparvarlik mohiyati jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslaridan biri bo‘lib, O‘zbekiston xalqini birlashtirish va jipslashtirishga xizmat qiluvchi, oilalarda o‘zaro hurmat-izzat va mehr-oqibatni mustahkamlovchi asriy qadriyatlar manbaidir.

Vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquq dunyoviy davlatdagina to‘laqonli amalga oshirilishi mumkin. Dunyoviy davlat diniy qadriyatlarning, e’tiqodlarning hurmat va himoya qilinishi, izchil rivojlanishi uchun zarur ijtimoiy muhit yaratadi.

Aytib o‘tish kerakki, O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning normativ-huquqiy asoslarini shakllantirish o‘tgan asrning 90-yillarida boshlangan.

1991 yil 14 iyunda «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiya fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini belgilab berdi.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda diniy taassublar zamirida radikal, ekstremistik va terroristik guruhlarning qonunga xilof faoliyati jadallashishi, shu jumladan, ularning klerikal davlat tuzishga bo‘lgan urinishlari fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqiga tahdidlarni yuzaga keltirdi.

Bunday sharoitda 1998 yil 1 mayda «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

2000 yillarda jahon tarixida xalqaro terroristik tashkilotlar a’zolari faoliyatining haddan tashqari faollashuvi kuzatildi. Mazkur jarayon O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. Shunga qaramay, vijdon erkinligiga nisbatan tahdidlarni bartaraf etishga qaratilgan choralar izchil amalga oshirilib, jamiyatda barqarorlik muhiti saqlab qolindi.

2017 yildan keyin fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini bevosita amalga oshirish, konfessiyalararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash, ziyoratgohlarni va muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish, buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha izchil ishlar yangicha mazmun va sur’at kasb etdi.

Turli diniy konfessiyalar vakillari diniy bayramlarni erkin o‘tkazmoqda. Shuningdek, ziyorat turizmini sifatli tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

O‘zbekiston uchun haj kvotasi 3 barobar oshirildi, umra ziyoratiga kvotalar to‘liq bekor qilindi. Natijada Saudiya Arabistoniga qariyb 800 ming nafar musulmon haj va umra ziyoratini amalga oshirish uchun bordi.

Shuningdek 10 mingdan ziyod nasroniy, yahudiy, baxoiy, krishnaviy, buddaviylar Rossiya, Turkiya, Italiya, Armaniston, Isroil, Hindiston, Koreya Respublikasi, Gruziya va Gretsiyadagi diniy ziyoratgohlarga tashrif buyurdi.

Diniy ta’lim tizimining rivojlanishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 4 ta oliy islom ta’lim muassasasi, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, shu jumladan, 2 ta ayollar madrasasi, shuningdek, pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Dunyoviy va diniy bilimlarni uyg‘unlashtirish, diniy sohada kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning yagona tizimini shakllantirish maqsadida 2018 yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.

Mamlakatda tarkibi barcha diniy konfessiyalar rahbarlaridan iborat bo‘lgan Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur kengash konfessiyalararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlashning samarali maydoni sifatida xizmat qilmoqda.

Islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkirlar merosini ilmiy-amaliy yondashuv asosida o‘rganish, shuningdek, diniy taassublar bilan bog‘liq xavflarning mafkuraviy asoslarini tadqiq etish maqsadida O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat ko‘rsata boshladi.

Vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqni amalga oshirish yo‘nalishida soxta diniy e’tiqodlar ta’siri ostida taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga kirib qolgan shaxslarning ijtimoiy moslashuviga alohida e’tibor qaratilmoqda. Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etganligi uchun jazo o‘tayotgan, o‘z qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslarga nisbatan tarixda birinchi bor har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan afv etish to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinishi yo‘lga qo‘yildi.

2019-2021 yillarda «Mehr» insonparvarlik operatsiyalari doirasida 531 nafar fuqaro Yaqin Sharqdagi harbiy-mojaroli hududlardan O‘zbekistonga qaytarildi.

Diniy sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning xalqaro miqyosda munosib e’tirof etilishi ularning samaradorligidan dalolat bermoqda. Masalan, 2018 yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasini qabul qildi.

Islohotlarga mos ravishda 2021 yil 5 iyulda O‘zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi yangi qonuni qabul qilindi.

O‘zbekiston millatlararo va konfessiyalararo totuvlik amalda ta’minlangan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida barqaror rivojlanib kelmoqda. Mamlakatda 16 ta konfessiyaga mansub bo‘lgan 2,3 mingdan ortiq diniy tashkilot erkin faoliyat yuritadi. 130 dan ziyod millat va elat vakillari istiqomat qilmoqda. Davlat tomonidan 7 tilda ta’lim olish imkoniyati yaratilgan, 12 tilda teleradiodasturlar efirga uzatilmoqda. 14 tilda gazeta va jurnallar chop etilayotir. 155 ta milliy madaniy markaz erkin faoliyat yuritayotgani millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitining amaldagi namunasi hisoblanadi.

Shu bilan birga, qonunlar bilan tartibga solingan ijtimoiy munosabatlarga muayyan bir dinga xos qoidalarni joriy etishga bo‘lgan urinishlar, ayollar va erkaklar huquqlari tengligini shubha ostiga qo‘yish, fuqarolik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortish, ijtimoiy axloq normalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish, tibbiy xizmatdan, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan, tovarlar va xizmatlardan foydalanishga bo‘lgan huquqlarni cheklash, ayrim davlat xizmatchilarining dunyoviy davlatchilik mohiyatini teran anglamasligi hamda jamiyat taraqqiyoti, birdamligi va barqarorligiga putur yetkazuvchi qonunga xilof g‘oyalar va qarashlar tarqalishi hollari uchramoqda.

Qolaversa, axborot makonining globallashuvi natijasida ijtimoiy tarmoqlardan erkin foydalanilishi, yoshlarning migratsiya jarayonlariga keng jalb qilinishi sharoitida radikallashuvga sabab bo‘luvchi omillarni to‘liq nazorat qilish imkoniyati cheklangan.

Bunday holatlar O‘zbekiston xalqining, jamiyat va davlatning hamjihatligiga xatar bo‘lib, qonun hujjatlariga rioya etilmasligiga, boshqa shaxslarning huquqlari buzilishiga, fuqarolarning huquqiy tartibotga munosabati salbiy tomonga o‘zgarishiga, vatanparvarlik tuyg‘ulari yemirilishiga, oilaviy nizolarga olib kelishi mumkin.

Ilm-fan va texnologik yutuqlar bilan hisoblashmaslik, ularning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatiga e’tiborsizlik, zamon bilan hamqadam bo‘lmaslik mamlakatning global raqobat maydonida munosib o‘rin egallash yo‘lidagi dolzarb vazifalarni amalga oshirishini murakkablashtiradi.

Hozirgi kunda jamiyatimizda barqarorlik ta’minlab kelinmoqda. Davlat tomonidan fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlari qonun ustuvorligi asosida ishonchli himoya qilinmoqda.

Davlat organlarining va fuqarolik jamiyati institutlarining turli diniy konfessiyalar vakillarining vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqini ro‘yobga chiqarishi uchun teng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha tizimli faoliyati mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlashning samarali modeli yaratilganini ko‘rsatadi.

Norgul Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech