Har qanday mamlakat — bu faqat muayyan hudud yoki iqtisodiyot emas, balki o‘z orzu-umidlariyu xohish-istaklariga ega bo‘lgan odamlardan iborat chinakam tirik organizmdir. Shu bois davlatni boshqarish uchun oqilona qaror va strategiyalar bilan bir qatorda ayni mamlakat xalqining hayotiy ehtiyojlarini chuqur anglash ham talab etiladi.
Odamlarga ishonch kerak
O‘z hamyurtlarining his-tuyg‘ularini qalbdan his qiladigan yetakchi faqat quruq dalillaru hisob-kitoblarga tayangan holda boshqaradigan rahbardan ko‘ra ko‘proq muvaffaqiyatlarga erishadi. Tarixning guvohlik berishicha, barcha zamonda uzoqni ko‘ra biladigan mahoratli rahnamo bo‘lish bilan birga odamlarni farovon turmush sari yetaklashga qodir, fidoyi shaxslargina buyuk hukmdor bo‘lib yetishgan.
Darhaqiqat, o‘z xalqining g‘amu tashvishlarini nafaqat chuqur anglay oladigan, balki unga chinakam g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan rahbar katta ishonch qozona oladi, qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘ladi. Ana shu ishonch, ana shu qo‘llab-quvvatlash turli inqirozlar ketma-ket yuz berayotgan bugungi dunyoda mamlakatni barqaror rivojlanish sari yetaklash uchun rahbarga kuch-quvvat ato etadi. Buning uchun esa rasmiy majburiyatlar bilan chin insoniy, ma’naviy qadriyatlar o‘rtasidagi mushtaraklikni ta’minlash nihoyatda muhimdir.
To‘g‘ri, hozirgi zamonda mamlakat boshqaruvida asosiy rolni huquqiy tizim o‘ynaydi va siyosatchilar o‘sha tizim doirasida harakat qilishadi. Ammo qonun — bu vosita, xolos. Chinakam yetakchi esa nafaqat qonun doirasida ish ko‘radi, balki o‘z qalbi buyurgan hamda jamiyatning axloq qoidalari taqozo etayotgan talablarga ham bo‘ysunadi.
Tarixda shunday misollar ham borki, ayrim murakkab davrlarda siyosiy yetakchilar uchun odamlarning dardini tushunish va his etish alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Shunda ular mavjud dalil va raqamlarga tayanish barobarida fuqarolarning kayfiyatini ham hisobga olganlar.
Buyuk depressiya davrida ko‘pgina amerikaliklar kelajakka ishonchini yo‘qotgan edi va o‘shanda AQSH Prezidenti Franklin Ruzvelt «Kamin yonidagi suhbatlar» orqali xalq bilan samimiy muloqotni yo‘lga qo‘yadi. Aynan shu nomdagi radioeshittirish vositasida mamlakat rahbari — oliy davlat arbobi oddiy fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbatlashadi. Ruzvelt mavjud qiyinchiliklar haqida sodda shaklda ma’lumot berib, ularning yechimini taklif etadi. Odamlar esa ana shunday qiyin sharoitda rahbar ularning muammolarini tushunib, qo‘llab-quvvatlayotganini his qiladi.
Yoki Ikkinchi jahon urushi yillarida Buyuk Britaniya inqiroz yoqasiga kelib qoladi. Shunday sharoitda Uinston Cherchill odamlar bilan ochiqchasiga, sidqidildan gaplasha olish qobiliyati tufayli millat ishonchiga sazovor bo‘ladi. U mavjud muammolarni yashirmaydi, balki nekbinlik va kelajakka ishonch orqali millionlab odamlarni ruhlantiradi. Uning so‘zlari va xatti-harakatlari rahbariyatga ishonchni mustahkamlaydi. Xalq ko‘rilayotgan choralar umumiy farovonlik uchun zarur ekanini tushunib yetadi va rahbarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, Nelson Mandela ham yuqori darajadagi intellekt va his-tuyg‘uga ega bo‘lgan yetakchi edi. Bir necha yilni qamoqda o‘tkazib ham u alamzada bo‘lmadi, balki mamlakatga rahbarlik qila boshlagach, hayratli darajada donishmandlik va bag‘rikenglikni namoyish etdi. Rahbar shuni tushunib yetdiki, tenglik va adolatga asoslangan yangi jamiyat qurish uchun odamlarni avvalgi ayblari uchun javobgarlikka tortish emas, balki o‘zaro ishonch va hamkorlik uchun asos yaratish lozim ekan. U odamlarga, jumladan, sobiq dushmanlariga ham xayrixohlik ko‘rsatdi, bu esa Janubiy Afrikani qonli to‘qnashuvlardan saqlab qoldi.
Irodaning bukilmasligi bo‘yicha shaxsiy namuna ham xalqni ilhomlantirishga yordam beradi. Masalan, Mahatma Gandi odamlarni majburlamaslik maslagida qat’iy turgan va shu orqali millionlab hindlarni ilhomlantira olgan. Uning adolat tamoyillariga sodiqligi shuni ko‘rsatdiki, chinakam kuch-qudrat — ruhiyat barqarorligi va qadriyatlarga sadoqat, o‘z xalqiga ishonch va fidoyilikda ekan.
Buyuk tarixiy shaxslar o‘z ichki ovoziga ergashishdan qo‘rqmaganlar, hatto bu mavjud talab va me’yorlarga mos kelmasada. Ular rahbarlikni nafaqat qonunlarga, balki o‘zlarining ichki e’tiqodiga, tanlagan yo‘lining to‘g‘riligiga bo‘lgan ishonchiga tayanib olib borishgan. Ularning xalq dardini chuqur his qilishi jamiyatda tub o‘zgarishlarga olib kelgan. Davlat rahbarining xalq bilan samimiy muloqoti turli inqirozlarni yengishda ham yordam bergan. Qachonki, odamlar qiyinchiliklarga ro‘baro‘ kelar ekan, ular nafaqat to‘g‘ri qarorlarni kutadi, balki qo‘llab-quvvatlashlarini, ertangi kunga ishonch baxsh etishlarini xohlashadi. Va bunday holatda fuqarolarga xotirjamlik, farovonlik olib kelishga tayyor bo‘lgan yo‘lboshchi millionlab odamlar uchun umid va kuch-qudrat ramziga aylanadi.
Ko‘z o‘ngimizdagi o‘zgarishlar
Biz mamlakatni jamiyat bilan samimiy va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabat o‘rnata oladigan, xalqning hurmatiga sazovor inson boshqarishi naqadar muhimligi haqida gapirar ekanmiz, bundan roppa-rosa sakkiz yil avval O‘zbekistonning bosh vakillik va qonun chiqaruvchi organi — Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida Shavkat Mirziyoyevga prezidentlik vakolatlari yuklatilganini esga olamiz. Shu bilan xalqning orzu-umidlarini aks ettirgan, uni yaratuvchanlikka undagan islohotlarga start berildi.
Shu o‘tgan qisqa davrda nima o‘zgardi? Juda ko‘p narsa. Chinakamiga ulug‘vor o‘zgarishlar ro‘y berdi. Lekin ba’zilar o‘shanda «bashorat» qilganidek, ssenariy bunchalik ijobiy bo‘lmasligi ham mumkin edi.
Ayrim «ekspertlar» mulohazasiga ko‘ra, O‘zbekistonda hokimiyat o‘zgarsa, u go‘yoki Liviya yo‘lidan ketishi ham mumkin ekan. Mazkur mamlakat 2011 yilda siyosiy beqarorlikka duch keldi va bu davlatni parchalab yuborgan uzoq muddatli fuqarolar urushiga aylanib ketdi.
2000 yillarning boshida Argentinada prezidentlar almashgani inqirozga olib keldi, u kamroq qon to‘kilishi bilan bo‘lsada, xuddi shunday uzoq muddatli oqibatlarga sabab bo‘ldi. Janubiy Amerikadagi bu mamlakatda beqaror siyosiy vaziyat yuzaga kelib, iqtisodiyotga katta zarar keltirdi. Sarmoyadorlar bu davlatga ishonchni yo‘qotdi, kapital chetga oqib keta boshladi, milliy valyuta qadrsizlandi, ichki bozor sarosimalikka yuz tutdi. Tasodifiy hokimiyat almashinuvi sababli yuz bergan iqtisodiy inqiroz ish o‘rinlari qisqarishiga, turmush darajasi pasayishiga, kambag‘allik ortishiga va oxir-oqibatda ommaviy tartibsizliklar hamda qurbonlar berilishiga olib keldi.
Shunga o‘xshash vaziyatlarda ko‘pgina mamlakatlarda siyosiy beqarorlik ularning xalqaro maydondagi nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Inqiroz tufayli davlatning xalqaro ishlarda ishtirok etish, muzokaralar olib borish va o‘z manfaatlarini global maydonda himoya qilish qobiliyati pasayadi. Agar mamlakat o‘z ichki muammolariga o‘ralashib qolsa, uning xalqaro tashkilotlardagi ta’siri ham tushib ketadi, hamkorlarini yo‘qotadi, tashqi siyosatdagi pozitsiyalari ham kuchsizlanadi. Ko‘pincha turli kuchlar o‘z ta’sirini oshirish maqsadida bunday mamlakatlarning ichki ishlariga aralashishga urinadi. Ba’zan shu kabi holatlar mamlakatning xalqaro hamjamiyatdan chetlanishi yoki boshqa davlatlarga qaram bo‘lib qolishiga olib kelgan. O‘z navbatida, inqiroz ham chuqurlashgan.
O‘zbekistonda esa, aksincha, keyingi yillar mislsiz islohotlar davri bo‘ldi. Bunda ancha yillar davom etgan va odamlarni qiynab kelgan muammolar bosqichma-bosqich hal qilina boshlandi. Valyutani almashtirish, plastik kartadan naqd pulni yechib olish yoki poytaxtdan sotib olingan xonadonda ro‘yxatga turish kabi ishlar qanchalik qiyin bo‘lganini hozir ko‘pchilik eslamaydi ham. Bir qarashda arzimasdek tuyulgan bunday holatlar odamlarning erkinligini cheklardi, ustiga-ustak korrupsiyaga yo‘l ochar edi.
Amalga oshirilgan o‘zgarishlar ko‘p o‘tmay natijasini bera boshladi. Amaldorlar, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari tomonidan oddiy fuqarolarga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Davlat va jamiyat o‘rtasidagi qutblashuvga barham berildi. Xalq bilan muloqot bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizim tufayli aholi ehtiyojlariga katta e’tibor qaratildi. Uzoq yillar atrofini ham zohiran, ham mohiyatan ihotalab kelgan davlat idoralari xalqqa ochildi. Odamlar dardu tashvishlari, o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan tegishli idoralarga bemalol arz qila boshladi. Ularning bartaraf etilishini talab qilib, bu ezgu ishlarda faol qatnashishi oddiy holga aylanib bormoqda. Shu orqali insonlarning davlatga hamda kelajakka ishonchi yanada mustahkamlanmoqda.
Mamlakatimiz to‘g‘ri yo‘ldan borayotganini Xalqaro valyuta fondining ma’lumotlari ham tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 100 milliard dollardan oshgan. Jahon banki bashoratlariga ko‘ra, bu yil mamlakatimizda YAIMning o‘sishi 5,3 foizni tashkil etadi. Bu esa ko‘pgina davlatlarnikiga nisbatan ancha yuqori.
Barqarorlik va iqtisodiy o‘sish, o‘z navbatida, ijtimoiy sohani rivojlantirish, yoshlar tarbiyasi bo‘yicha ishlarni kuchaytirish imkonini beradi. Bugungi kunga kelib sport ham o‘zbekistonliklar faxrlanishi uchun alohida sababga aylandi. Olimpiadalarda erishilgan medallar shodasi tufayli mamlakatimiz nomi yuqori satrlarni band etdi. Yaqinda Parijda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston vakillari 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Paralimpiyachilarimiz esa undan ham ko‘p — 26 ta medal bilan qaytdi, ularning 10 tasi oltin.
— 2024 yilning yozgi Olimpiya o‘yinlari xalqaro hamjamiyat ko‘z o‘ngida O‘zbekistonning nihoyatda ulkan sport salohiyatini namoyish etdi, Los-Anjelesda bo‘ladigan keyingi o‘yinlarda uning davomini ko‘rishga oshiqyapmiz, — deb yozdi Fransiyaning ommaviy axborot vositalari muxbirlari.
Xitoyda ingliz tilida chiqadigan «Global Times» gazetasi sharhlovchisi bizning sport delegatsiyamiz muvaffaqiyatining sirini ochib berdi:
— O‘zbekistonda sport infratuzilmasini yaratishga alohida e’tibor beriladi. Bu mamlakat yirik xalqaro musobaqalar, jumladan, boks, taekvondo, erkin kurash, qilichbozlik va boshqa sport turlari bo‘yicha jahon va Osiyo chempionatlarini o‘tkazish joyiga aylandi. Mamlakatda 200 dan ortiq sport inshootlari qurilgan va yana 150 ta inshoot rekonstruksiya qilingan. Bundan tashqari, O‘zbekiston 2025 yilda o‘smirlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Umuman, bugun yurtimizni butun dunyoda yaxshi bilishadi. Xalqaro tadbirlarda xorijlik hamkasblarimiz bilan muloqotda bo‘lsak, ular mamlakatimizdagi islohotlar haqida katta hayajon bilan munosabat bildirishadi. Bundan bir necha yil oldin Vatanimizdan ketgan yoki bir necha yil xorijda bo‘lib qaytgan odamlar ham O‘zbekistonni tanimay qolishmoqda. Yurtimizga muntazam kelib turuvchi odamlar esa o‘zgarishlar dinamikasini kuzatishi haqida fikr bildiradi.
— Mening O‘zbekistonga tashrifim Siz bevosita o‘z faoliyatingizni boshlagan 2017 yilda amalga oshirilgan edi, — deb yozgandi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish davlatimiz rahbariga. — Mana shu o‘tgan vaqt mobaynida kuzatuvlarim natijasida shunga iqror bo‘ldimki, Siz boshlagan islohotlar O‘zbekiston xalqining asosiy huquqlarini, fuqarolarning farovonligi va porloq kelajagini ta’minlashga qaratilgan.
Mintaqani harakatga keltirgan yangilanish jarayoni
Axborot bir zumda tarqaladigan bugungi globallashuv davrida biror mamlakat hayotiga oid har qanday muhim qaror o‘sha mamlakat hududidagina qolib ketmasdan, butun dunyoga oshkor bo‘ladi. Siyosatshunoslarning ta’kidlashlaricha, savdo-iqtisodiy aloqalar bilan o‘zaro bog‘langan qo‘shni davlatlar yaqin hamkori hayotidagi muhim voqealarga muayyan munosabat bildirishlari tabiiy zaruratga aylangan.
Shu nuqtayi nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, yangi O‘zbekistonni barpo etishni maqsad qilgan bizning mamlakatdagi yangilanish jarayoni butun Markaziy Osiyo mintaqasini harakatga keltirdi.
«Biz endi 37 millionlik katta xalqmiz. O‘zbekiston hozirgi kunda aholi soni bo‘yicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi», dedi Prezident mustaqillikning 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda.
Aholisi bo‘yicha mintaqada eng yirik mamlakat nafaqat o‘zida tub o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda, balki butun mintaqada yangilanishlarga turtki beruvchi integratsiya jarayonlarini faol yo‘lga qo‘ydi.
Prezidentligining dastlabki kunlaridanoq Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda Markaziy Osiyoni ustuvor, deya e’tirof etdi. Shundan so‘ng boshlangan astoydil va izchil harakatlar muqaddam viza hamda savdo cheklovlari iskanjasida qolgan, na transport, na gumanitar aloqalarga ega bo‘lgan, go‘yoki uzoq vaqtdan buyon mudrab yotgan mintaqani uyqudan uyg‘otdi.
Ba’zan shunday tuyuladiki, Yevroosiyoning qoq yuragida joylashgan bepoyon mintaqa mamlakatlarining siyosatchilariyu xalqlari mutlaqo yangicha fikrlay boshladi. Bunga rasmiy Toshkent tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo yetakchilarining Maslahat uchrashuvlari natijalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilayotgani tufayli mintaqa mamlakatlari — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston — asrlar davomida savdo-sotiq, madaniy-gumanitar aloqalar vositasida birgalikda rivojlanib kelganliklari yodga solingani sabab bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Ambitsiyalar, targ‘ibot va soxta va’dalar tarixiy dalillarga soya solgan, globalizatsiya va iqtisodiy inqirozlar esa raqobatni keltirib chiqargan edi.
Endi ko‘zimiz ochildi. Bugun «beshlik» mamlakatlari g‘oliblar bo‘lmaydigan o‘yinda musobaqalashgandan ko‘ra hamkorlik, birdamlik orqali ko‘proq narsaga erishishiga hech kim shubha qilmaydi. Bunday yondashuvdan, ayniqsa, quda-anda, do‘stu birodar tutingan xalqlarimiz manfaatdor bo‘lmoqda. O‘n yillab bir-birining diydoridan ayrilgan, azaliy bordi-keldilardan mosuvo bo‘lgan qardoshlarning yurak tubidagi istaklarini esa qog‘ozda bitilgan taqiqlardan insoniylikni ustun qo‘ygan ulkan qalb sohibigina ilg‘ab ololdi.
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari rahbarligida o‘zbek xalqi yangi O‘zbekistonni barpo etish sari buyuk yo‘lga qadam qo‘ydi, — deya ta’kidlaydi XXR Raisi Si Szinpin. — Turli sohalardagi islohotlar va taraqqiyot sur’ati jadal tus oldi. Mamlakat mutlaqo yangi qiyofaga ega bo‘ldi, munosib hayot sharoiti yaratilmoqda, respublikaning xalqaro maydondagi mavqei tobora mustahkamlanmoqda.
Birgalikda farovonlik sari
Oxirgi sakkiz yildagi islohotlar, jahon miqyosidagi murakkab vaziyatga qaramasdan, kelajakka ishonch bilan boqishga asos beradi. Masalan, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi faol bosqichga chiqqan integratsiya jarayonlari O‘zbekistonga mintaqadagi mavqeini mustahkamlash imkonini beribgina qolmay, uni global darajada muhim ishtirokchiga aylantiradi. Birgalikdagi loyihalar va tashabbuslar strategik iqtisodiy o‘sish uchun sharoitlar yaratadi, fuqarolar farovonligini yuksaltiradi, barqarorlikni mustahkamlaydi.
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, barchamizning fidokorona mehnatimiz bilan xalqlarimizning barqaror taraqqiy etgan, tinchlik va hamjihatlik ruhi hukm suradigan yangi Markaziy Osiyo haqidagi orzusi real haqiqatga aylanmoqda. Mintaqamiz iqtisodiy o‘sish va investitsiyaviy faol markazlardan biri sifatida jadal rivojlanmoqda. Bugungi noyob tarixiy imkoniyatlar asosida Markaziy Osiyoda har tomonlama sog‘lom siyosiy muhit, kelgusi avlodlar uchun erkin va xavfsiz kelajak yaratishimiz zarur.
Sir emaski, O‘zbekistonning kelajagi yaqin qo‘shnilar bilan chambarchas. Ayni damda qo‘shnilarimizning istiqboli ma’lum ma’noda mamlakatimizga bog‘liq. Demak, mintaqada integratsiyalashuvni kuchaytirishga qaratilgan har qanday harakat Markaziy Osiyo mamlakatlariga birgalikda farovonlikka erishish imkoniyatlarini oshiradi.
— Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar siyosati Germaniya uchun katta ahamiyatga ega voqelik bo‘ldi, — deydi «Germaniya — O‘zbekiston forumi» prezidenti Detlef Prins. — Ayni paytda bu islohotlar shunchalik muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqdaki, O‘zbekiston yaqin kelajakda dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridan biriga aylanishini prognoz qilish mumkin.
Jahon miqyosida iqtisodiy inqirozlardan tortib global transformatsiyalargacha bo‘lgan xatarlar hukm surgan bugungi davrda xalq bilan hamnafaslik o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Xalq manfaati yo‘lida chin qalbdan amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat iqtisodiyotni yuksaltirishga, balki insonlarni buyuk ishlarga safarbar etishga, ishonch va birdamlik muhitini yaratishga qodir. O‘z navbatida, bu farovon kelajak uchun barqaror asos yaratuvchi bezavol qudrat manbai hamdir.
Qisqacha aytganda, mamlakatimizning keyingi sakkiz yillik taraqqiyot yo‘lini xuddi kino tasmasidek ko‘z oldidan o‘tkazish, islohotlarning suratiyu siyratini anglash, yuksalish pillapoyalarini teran idrok etish kishi qalbini nurli tuyg‘ularga to‘ldiradi, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlaydi, el-yurt taqdiri va istiqboliga daxldorligini kuchaytiradi.
Bu yangilanishlarning barchasi favqulodda hassos shaxs, buyuk Yo‘lboshchining qat’iy siyosiy irodasi, ulkan bunyodkorlik qudrati, xalqimizga va butun bashariyatga bitmas-tuganmas mehr-muhabbati tufayli, shuningdek, uning ortidan ergashgan, unga kamarbasta bo‘layotgan ulug‘ xalq qudrati bilan hayotga ko‘chayotgani yurakni to‘lqinlantirib yuboradi, jo‘shqin ilhom baxsh etadi.
…Tonglarni uyg‘otar ezgu xushxabar,
Odamlar ko‘ngliga joylar so‘zini.
Jonin nisor etgan ul zot mo‘’tabar,
Baxshida aylamish elga o‘zini.
Bugun ilmu irfon bog‘i ko‘rk ochgan,
Tan oladi hatto bu jahon ahli.
Xalqning xizmatiga yugurgan, shoshgan,
Ul elparvar inson sharafga haqli.
Tashabbus, g‘oyalar dilda jamuljam,
Bobolar ruhini shod etgay har kun.
Bunchalar betakror kuch-g‘ayrat, chidam,
Borlig‘in bag‘ishlab ishlaydi butun.
Xalqning qudrati ham unga zo‘r tayanch,
Bunyodkor shashtiga yo‘qdir hech qiyos.
Uning zakovati bebaho bir ganj,
Bu ko‘hna olamda buyukligi rost.
Niyatim shul mening, orzu, ahdim but,
Mudom yashna yurtim, mudom ko‘rkli bo‘l.
Eldoshim, sen uning qo‘llaridan tut,
Toki muqaddas va sharafli bu yo‘l!
Toki xotirjamlik ne’mat atalsa,
Toki qadrlasa uni dun, bashar.
Tillardan umrbod tinchlik taralsa,
Bu Vatan yana ming, million yil yashar.
O‘tkir RAHMAT.
- Qo'shildi: 12.09.2024
- Ko'rishlar: 1017
- Chop etish