Xalqaro Ombudsman instituti: inson huquqlari sohasidagi hamkorlik mustahkamlanadi

Xalqaro Ombudsman instituti tomonidan Afrika Ombudsmanlari Tadqiqot markazi bilan hamkorlikda “Inson huquqlarini rag‘batlantirish: Ombudsman institutlarining o‘rni” mavzusida onlayn shaklda muloqot tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Ombudsmani Feruza Eshmatova ham ishtirok etdi.

Tadbirda 50 dan ortiq  davlatlarning  Ombudsmanlari, jumladan, Xalqaro Ombudsman institutiga a’zo mamlakatlar Ombudsmanlari va Afrikadagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar vakillari hamda xalqaro ekspertlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.  

Mazkur xalqaro uchrashuv Ombudsman institutining roli va ahamiyatini targ‘ib qilish hamda  soha mutaxassislarining fikr va g‘oyalarni muhokama qilish uchun maxsus platforma vazifasini bajardi.

Ombudsmanlar inson huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, huquqlari buzilayotgan shaxslarning murojaatlari ijobiy yakunlanishi uchun barcha choralarni ko‘rish, mazkur institutning nufuzini oshirish ustida muntazam ishlash bo‘yicha fikrlar bildirdi.    

Onlayn videouchrashuv yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilar inson huquqlari sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqdi.  

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Xalqaro Ombudsman instituti a’zosi hisoblanadi.

       

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech