"Koronavirus pandemiyasi butun insoniyat uchun Yaratganning bergan bir sinovidir. Xalqimiz jipslashib, shifokorlarning barcha tavsiyasi, ko'rsatmalariga amal qilsalar, odamlarimiz karantin davrida hayotiy zaruratsiz o'z xonadonlarini tark etmasa, kasallikning ilk belgilari aniqlanganda, uni yashirmay shifokorlarga o'z vaqtida murojaat qilsalar, biz bu kasallikni, albatta, yengamiz!"
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 mart kuni koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurarshishni kuchaytirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida ushbu masala bo'yicha xalqimizga yana bir bor murojaat qilar ekan, shunday deb ta'kidladi. Davlatimiz rahbari, jumladan, mamlakatimizda mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha korxona va tashkilotlar xodimlariga ta'til berilib, masofaviy ishlashga o'tkazilayotganini qayd etdi.
Shu munosabat bilan O'zbekiston normativ-huquqiy hujjat loyihalari muhokamasi portaliga «Karantinga oid choralar amal qilish davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o'tkazishning vaqtinchalik tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi hujjat loyihasi joylashtirildi. Loyihaning mohiyati va ahamiyati haqida bir qator saytlarda ma'lumotlar berilmoqda.
Xususan, daryo.uz saytida qayd etilishicha, mazkur Nizom tashkilotning tashkiliy-huquqiy shakli hamda idoraviy mansubligidan qat'i nazar barcha tashkilotlar va ularning xodimlariga nisbatan qo'llaniladi.
Nizomga muvofiq koronavirus pandemiyasining tarqalishining oldini olish bo'yicha choralar amalga oshirilayotgan davrda ish beruvchilar xodimlarining roziligi bilan ularni:
1) masofaviy ish usulida;
2) moslashuvchan ish jadvalida;
3) yoki uyda ishlashga o'tkazishi mumkin.
Masofadan ish – xodimning mehnat shartnomasida ko'rsatilgan mehnat majburiyatlarini ish beruvchining joylashgan hududidan tashqarida, bevosita yoki bilvosita nazoratida bo'lgan doimiy ish joyi, hudud yoki ob'ektdan tashqarida bajariladigan ish.
Masofaviy ishda ishlovchi xodim ish vaqtini o'z xohishiga ko'ra taqsimlashini hisobga olgan holda u tomonidan bajarilgan ishlar uchun bir hissa miqdorda mehnat haqi to'lanadi. Unga nisbatan ish vaqtidan tashqari ish, dam olish va bayram kunlaridagi ish, shuningdek, tungi vaqtdagi ish uchun mehnatga haq to'lash shartlari qo'llanilmaydi.
Masofaviy ishga vaqtinchalik o'tkazilgan xodimning mehnatiga haq to'lash quyidagicha amalga oshiriladi:
mehnatga haq to'lashdagi soatbay asosida – xodimning masofaviy ishga o'tkazilgunga qadar belgilangan tarif stavkasi (lavozim okladi)dan kelib chiqqan holda;
mehnatga haq to'lashdagi ishbay asosida – o'rnatilgan narxlardan kelib chiqqan holda.
Xodimni masofaviy ishga o'tkazilganda uning ta'tillar jadvaliga muvofiq mehnat ta'tili, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo'yicha nafaqa olish hamda qonunchilikda va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlar saqlab qolinadi.
Ish vaqti rejimining o'zgarishi, shu jumladan, ishning boshlanishi va tugash vaqti, shuningdek, to'liqsiz ish vaqtining o'rnatilishi mehnat sharoitining o'zgarishi hisoblanadi va ish beruvchining buyrug'i bilan rasmiylashtiriladi.
Moslashuvchan ish grafigiga vaqtinchalik o'tkazish quyidagilarni nazarda tutishi mumkin:
xodimga to'liqsiz ish vaqti – to'liqsiz ish kuni yoki to'liqsiz ish haftasini belgilash (Mehnat kodeksining 119-moddasi);
qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi doirasida xodimning ishi boshlanishi va tugash vaqtlarini (Mehnat kodeksining 115-118-moddalari) belgilash, shuningdek, boshqa xodimlar uchun o'rnatilgan ichki mehnat tartibi-qoidalaridan farqli ravishda ishdagi tanaffuslar vaqti va davomiyligi.
Moslashuvchan ish grafigiga vaqtinchalik o'tkazish yuzasidan xodim bilan tuzilgan qo'shimcha mehnat shartnomasida quyidagilar ko'rsatiladi:
to'liqsiz ish vaqtida – ishning boshlanish va tugash vaqti ko'rsatilgan kunlik ish soatlari yoki haftalik ish kunlari miqdori;
ish vaqti rejimi o'zgarganda – ishning kunlik boshlanish va tugash vaqti, shuningdek, smenali ishda ishlanadigan va ishlanmaydigan kunlarning navbati.
Xodimni to'liqsiz ish vaqtiga vaqtinchalik o'tkazilishida:
mehnatga haq ishlangan vaqtga yoki ishlab chiqarilgan mahsulotga mutanosib ravishda to'lanadi;
mehnat ta'tilining davomiyligi saqlab qolinadi.
Xodimning xohishiga ko'ra va ish beruvchining roziligi bilan xodim vaqtinchalik uyda ishlashi uchun uy mehnati sharoitiga o'tkazilishi mumkin.
Uyda ishlash – tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq xodim yashash joyi bo'yicha yoki unga yoki uning oila a'zolariga tegishli bo'lgan boshqa binolarda ish beruvchining buyurtmalari bo'yicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko'rsatish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishni anglatadi.
Uyda ishlashni tashkil etishga, xodimning yashash joyidagi mehnat shartnomasiga muvofiq uyda ishlashni amalga oshirish uchun zarur bo'lgan binolar, shu jumladan, turar joy binolari bo'lgan taqdirda yo'l qo'yiladi. Uyda ishga o'tkazilgan xodimning mehnatiga haq to'lash quyidagicha amalga oshiriladi:
mehnatga haq to'lashdagi soatbay asosida – xodimning uyda ishga o'tkazilgunga qadar belgilangan tarif stavkasi (lavozim okladi)dan kelib chiqqan holda;
mehnatga haq to'lashdagi ishbay asosida – o'rnatilgan narxlardan kelib chiqqan holda.
Uyda ishlashga o'tkazilgan xodimning ta'tillar jadvaliga muvofiq mehnat ta'tili huquqi saqlab qolinadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.03.2020
- Ko'rishlar: 4493
- Chop etish