11 sentyabr` kuni Toshkent shahri, Yunusobod tumani hokimligida mamlakatimizda xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonliklardan himoya qilish mavzusida ma'naviy-ma'rifiy uchrashuv bo'lib o'tdi. Tadbirda tuman hokimligi, Xotin-qizlar qo'mitasining tuman bo'limi, adliya va sog'liqni saqlash bo'limlari xodimlari ishtirok etdi.
Ma'lumki, shu oyning o'zida mamlakatimiz, ayniqsa, opa-singillarimiz hayotida katta ahamiyatga ega bo'lgan ikkita muhim hujjat qabul qilindi. Bular – “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlardir.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari ushbu qonunlarning asosiy jihatlari to'g'risida yig'ilganlarga atroflicha ma'lumot berdilar. Ikkala qonun ham O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilgani ta'kidlandi.
Ushbu qonunlarni tayyorlashda Inson huquqlari bo'yichaO'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mutaxassislari O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi hamda Adliya vazirligi vakillari bilan samarali faoliyat olib borgan. Bunda davlatimiz rahbarining xalqaro talablar doirasida xotin-qizlar ahvolini tubdan yaxshilashga doir qonun ijodkorligi faoliyatida faollik va tashabbuskorlikni oshirishga qaratilgan da'vati dasturilamal bo'lgan.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi qonun haqida so'z borganda, mamlakatimizda xotin-qizlarning turmush tarzini yaxshilash, ularning jamiyat hayotining barcha jabhalarida ishtirok etishi uchun sharoit yaratish, onalik va bolalikning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy himoya qilinishini ta'minlashning mustahkam huquqiy kafolatlari mavjud ekanini qayd etish lozim.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida Oliy Majlis Senatida yangi qo'mita – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo'yicha qo'mita tuzildi. O'z navbatida, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi qonunning qabul qilingani gender tenglikni ta'minlash yo'lidagi yana bir muhim qadam hisoblanadi.
O'z navbatida, “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonun xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta'lim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiq hamda zo'ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Shu jumladan, ushbu qonunda tazyiq va zo'ravonlikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik, tazyiq hamda zo'ravonlikni boshidan o'tkazgan shaxslarni himoya qilishni, shuningdek jamiyatda ayollarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlikning har qanday namoyon bo'lishiga murosasiz munosabat muhitini qaror toptirishni nazarda tutuvchi protsessual kafolatlarni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar
ko'rsatilgan.
Xorijiy tajribani o'rganish hozirda zo'ravonlikka, xususan maishiy zo'ravonlikka, xotin-qizlarga nisbatan qo'llaniladigan tazyiq va zo'ravonlikka qarshi kurashish muammosiga katta e'tibor berilayotganidan darak bermoqda. Bu masalani tartibga soladigan maxsus qonunlar 120 dan ortiq mamlakatda qabul qilingan.
Tadbirda har ikki qonun orqali milliy qonunchilikka kiritilgan yangi tushuncha va institutlar, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish bo'yicha davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati nistitutlari o'rtasidagi hamkorlik masalalari haqida ham so'z bordi. Shuningdek, xotin qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish bo'yicha qonunda belgilangan chora-tadbirlarni amalda qo'llash mexanizmlari muhokama qilindi.
Muloqotlar davomida ushbu qonunlar bilan ayollarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarining huquqiy himoyasi kuchaytirilgani, qonuniy kafolatlari mustahkamlangani e'tirof etildi. Ayni chog'da, jamiyat oldida bu borada yanada muhim vazifa turganiga e'tibor qaratildi. U ham bo'lsa, mazkur qonunlarning ustuvorligi va to'liq ijrosini ta'minlashdir.
O'tkir Ochilov,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Inson huquqlari sohasidagi
ta'lim va ma'rifat bo'limi mutaxassisi
- Qo'shildi: 13.09.2019
- Ko'rishlar: 7157
- Chop etish