Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi e’tibor markazida

Jamiyatning rivojlanganlik darajasi xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan ehtirom bilan ham belgilanadi. Shu tufayli ayol timsoli barcha davrlarda go‘zallik, tinchlik-barqarorlik va madaniyatni o‘zida aks ettirgan.

Ayol ojiza, jismonan erkaklardan zaifroq bo‘lgani uchun emas, balki har bir millat, har bir xalqning buguni va kelajagi yorqin bo‘lishida, kelgusi avlod ravnaqi va rivojida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgani uchun ham e’zozlab kelinadi.  

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan muhim islohotlar jarayonida bu yilgi saylovlarning alohida xususiyatini ta’kidlab o‘tish lozim. Avvalgi saylov jarayonlaridan farqli o‘laroq bu yil majoritar tizimda o‘tkazilgan saylov jarayonlari juda ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgani respublikamizda siyosiy islohotlarning samarasidir.  

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida ham xotin-qizlar bilan erkaklarning teng huquqlilik prinsipi asosida barcha huquqlardan foydalanishlari kafolatlangan.

Haqiqatdan ham, Oliy Majlisga bo‘lib o‘tgan bu yilgi saylovlarda ayol nomzodlarning 40 foizdan kam bo‘lmagan holda ishtiroki qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgani, davlatimiz tomonidan ayollarga berilayotgan yuksak e’tiborning namunasidir. Xususan, Qonunchilik palatasiga 56 nafar xotin-qizlarning deputat etib saylangani va umumiy deputatlar soniga nisbatan 38 foizni tashkil etgani fikrimizning tasdig‘idir. Bu esa xotin-qizlarning davlat boshqaruvida ishtirokini yanada mustahkamlash borasidagi amaliy ishlarning natijasidir.  

Ayniqsa, Qonunchilik palatasining birinchi majlisida davlatimiz rahbarining ishtirok etib, yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga to‘xtalibgina qolmay, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar borasida ham fikr bildirib, barcha sohalarni rivojlantirish va milliy qonunchilikni takomillashtirish xususidagi taklif va tavsiyalarini ta’kidlab o‘tdi.

Hayotning barcha jabhalarida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish ayni vaqtda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilanganini ta’kidlash lozim.  

Oilalarda qizlarning oliy ta’lim muassisida o‘qishi uchun sharoit yaratilmoqda. Ayol ilmli bo‘lsa, farzandlarini yaxshi tarbiya qilib ularga vatanparvarlik ruhini singdira oladi. Qiziqishlaridan kelib chiqib, farzandining kelajagi uchun tamal toshini qo‘ya oladi.  

Bir so‘z bilan aytganda, uchinchi renessansga yuz tutayotgan Yangi O‘zbekiston jamiyati taraqqiyoti uchun bugungi kun talablariga muvofiq ilmiy va innovatsion muhit, inson kapitalini rivojlantirish har qachongidanda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, xotin-qizlarni o‘qitish mamlakat intellektual kapitalini shakllantirishga va innovatsion rivojlanishiga, iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiladi.  

M.Ahmedova,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Powered by GSpeech