O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida Turkistondagi jadidchilik harakatiga bag‘ishlangan keng ko‘lamli “Xotira yo‘lagi” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.
Ushbu ko‘rgazma Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti va O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi hamkorligida tashkil etildi.
– Bugungi shu mavzudagi ko‘rgazma ilk ko‘rgazma emas, – dedi O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi direktori Kamola Oqilova. – Chunki bu yerda Cho‘lpon, Behbudiy, Fitratga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar ham bo‘lib o‘tgandi. Jadidchilik yaxlit jarayon. Ma’rifatparvar bobolarimizning merosi juda qadrli va rang-barangdir. Bu ekspozitsiyani yoshlar ko‘rishi, bilishi kerak. Ular yangi-yangi tadqiqotlarga asos bo‘lishi mumkin.
– O‘z davrining jadidi Abdulla Oripov umr – daraxtning soyasi, men undan ot minib o‘tmoqdaman, deb ta’riflagan edilar, – dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Tarix instituti direktori, atoqli tarixchi olim Azamat Ziyo. – Gapni bunday boshlashimning sababi, jadidlarga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tganiga ham bir oydan oshibdi. Xuddi shuningdek, jadidlar harakati boshlanganidan buyon 120 yil ham shiddat bilan o‘tib ketdi. Ko‘rgazma qorong‘i yo‘laklardan boshlanib, keyin yorug‘likka chiqiladi. Bunday hayotiy timsollarga bejiz tayanilmagan. Bunda jadid bobolarimiz boshiga tushgan qora kunlar va bugungi yorug‘, dorilomon kunlarga yetib kelishdek jarayonga ishora bor.
– Bu ko‘rgazma insonga boshqacha ruh bag‘ishlaydi, – dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov. – Muzeyimizning ilk maketi aynan shu binoda yaratilgandi. Ma’rifatparvar bobolarimizning merosini qanchalik tez targ‘ib etsak, yoshlar shunchalik ko‘proq undan bahramand bo‘ladi. Dastlab madaniy-ma’rifiy harakat sifatida kirib kelib, keyinchalik ijtimoiy-siyosiy harakatga aylangan jadidchilikning bosh g‘oyasi xalqni uyg‘otish, Vatan hurligi va ozodligi, istiqlol edi. Ushbu ko‘rgazmada hamyurtlarimiz bundan 100 yillar avvalgi davrga qaytib, o‘zi uchun kerakli xulosa chiqarishi aniq.
– Jadidlar harakatiga bag‘ishlangan xalqaro forumda umrini shu sohaga bag‘ishlagan olimlar ishtirok etdi, – dedi Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Akramjon Fozilov. – Ushbu ko‘rgazma “Tun. Tush. Tong” degan konsepsiyaga qurilgan. Uni Maqsud Asqarov eng qiziqarli eksponatlar bilan boyitishga harakat qilgan. Jadidchilikning mohiyatini xalqimizga yetkazib berishda ilmiy tadqiqotlar bilan birga shu kabi ko‘rgazmalarning ahamiyati ham g‘oyat kattadir.
Darhaqiqat, ko‘rgazma XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi Turkiston tarixiga, ayniqsa, ma’rifatparvar bobolarning ta’lim islohotlari, jamiyat taraqqiyotiga oid fikrlari va huquqiy-demokratik davlat qurish harakatlariga bag‘ishlangan materiallari bilan tanishib chiqish imkonini beradi. Jadidchilik harakatining turli qirralarini o‘rganishni o‘z ichiga olgan “Xotira yo‘lagi” ko‘rgazmasi ma’rifatparvar vatandoshlarimizning hujjatlari, fotosuratlari, shaxsiy buyumlarini namoyish etish bilan birga ularning ezgu orzu-intilishlarining mohiyatini ochib berishda katta ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, ko‘rgazmada Turkistonda jadidchilik harakatining paydo bo‘lishiga turtki bergan omillar, o‘sha davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, yangi uslubdagi maktablar tashkil etilishi, teatr san’ati, matbuotning faoliyati, gender tenglik masalalarini qamrab olgan eksponatlar bilan tanishish mumkin.
Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 19.01.2024
- Ko'rishlar: 2843
- Chop etish