“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!”
1991 yil 31 avgust – o‘z taqdirini o‘zi belgilashni tanlagan mard va olijanob xalqimizning ulkan yutug‘i sifatida milliy tariximizga zarhal harflar bilan muhrlangan sana. Bu sana – mustaqillikka erishgan O‘zbekiston uchun faqat siyosiy emas, balki ma’naviy qayta tug‘ilish, xalqning haqiqiy suveren sub’ekt sifatida jahon maydonida munosib o‘rin egallashiga yo‘l ochgan tarixiy burilish nuqtasidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Ўзбекистон Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ayni shu g‘oyalar yana bir bor aniq va ravshan ifoda etildi: “Mustaqillik – Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda beqiyos tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda”.
Mustaqillikning 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazilishi belgilandi.
So‘nggi sakkiz yilda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar asosida mamlakat ijtimoiy hayotida tom ma’nodagi yuksalish kuzatildi. Bu jarayonlar nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki inson qadrini ulug‘lash, barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish orqali xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan.
Ayniqsa, ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy, yoshlar siyosati, madaniyat va sport kabi sohalarda amalga oshirilgan islohotlar – mustaqillik sharofati bilan shakllangan siyosiy-huquqiy zaminning amaldagi natijalaridir.
Birgina ta’lim sohasida oxirgi yillardagi islohotlar sabab, 2017 yilda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda 77 foizga yetdi. Oliy ta’limda qamrov 9 foizdan 42 foizgacha ko‘tarildi. Ijod maktablari, Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari kabi yangi modeldagi maktablar tizimi paydo bo‘ldi. Bu natijalar – mustaqillik tufayli mamlakat o‘z ta’lim siyosatini mustaqil belgilash va amalga oshirish huquqiga ega bo‘lganining isbotidir.
Mustaqillik bizga ijtimoiy adolat va inson huquqlarini ustuvor qadriyatga aylantirish imkonini berdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlatning “ijtimoiy xarakterga” ega ekani mustahkamlangani ham bu siyosatning davomiyligini tasdiqlaydi.
Davlat tomonidan kambag‘allikni qisqartirish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, pensiya va nafaqalarni bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Masalan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” kabi mexanizmlar orqali millionlab insonlar manzilli ijtimoiy yordam bilan qamrab olinmoqda.
Shu bilan birga, aynan mustaqillik, barcha siyosiy-huquqiy kafolatlarni o‘zida mujassam etgan holda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyamizni amalga oshirish, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini kuchaytirish, inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, mintaqamizda yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirish, dunyo mamlakatlari bilan faol hamkorlik qilish, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda beqiyos tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Prezident qarorida “Yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” shiori alohida urg‘u bilan tilga olingan. Bu tasodif emas. Chunki istiqlolda o‘sgan avlod bugun yangi taraqqiyot pog‘onalariga yetaklayotgan kuchga aylangan. Yoshlar uchun IT bilimlari, chet tillarini o‘rgatish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy universitetlarda ta’lim olish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Prezident tashabbusi bilan dunyoning TOP-300 oliygohlarida o‘qiydigan talabalarning barcha xarajatlari davlat tomonidan qoplanishi – bunga yaqqol misoldir.
Qolaversa, mustaqillik tufayli sog‘liqni saqlash tizimida ham tub islohotlar amalga oshirildi. Zamonaviy klinika va markazlar tashkil etildi, tez tibbiy yordam xizmati, onkologiya va perinatal yordam tizimlari qayta tashkil qilindi. Hatto chekka hududlardagi aholi ham davlat tibbiy xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Sport sohasidagi yutuqlar ham istiqlol mevasidir. 2025 yilda futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy va o‘smirlar terma jamoalarining jahon chempionatiga chiqqani, Parij Olimpiadasida sportchilarimiz ilk bor kuchli o‘n beshlikka kirgani – mustaqil davlatning yaqqol yutug‘idir. Muhimi bu kabi ijobiy yutuqlarimizga ko‘plab misollar keltirish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, mustaqillik – bu faqat siyosiy maqom emas, balki millatning erkin nafas olishi, o‘z salohiyatini yuzaga chiqarishi, har bir insonning munosib hayot kechirish huquqini kafolatlaydigan tarixiy ne’matdir.
Prezident qarorida belgilab berilgan vazifa va yo‘nalishlar – mustaqillikning xalqimiz hayotida qanday ulkan ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Endi oldingi kabi emas – endi o‘z yo‘li, o‘z pozitsiyasi, o‘z modeliga ega davlat sifatida Yangi O‘zbekiston istiqlol bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarmoqda.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA
- Qo'shildi: 17.07.2025
- Ko'rishlar: 296
- Chop etish