Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi.
Saylov yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoev ishonchli g‘alaba qozondi: 80,1 foiz ovoz olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ikkinchi muddatga saylandi.
Prezident saylovining o‘ziga xos xususiyatlari
Bu haqda fikr yuritganda, avvalambor, ushbu saylovning bir qator alohida xususiyatlarini sanab o‘tish o‘rinli, deb hisoblaymiz.
Birinchi xususiyati: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, Prezident saylovi ilk marta oktabr oyida o‘tkazildi. Ilgari aholining saylov ovoziga ega 6-7 million nafar vakili bu davrda paxta yig‘im-terimi mavsumi bilan band bo‘lishi hisobga olinib, Asosiy Qonunimizda saylovlarni dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazish belgilangandi.
Bu, bir tomondan, joylardagi saylov uchastkalarini qishning sovuq va qor-qirovli kunlarida ovoz berish uchun tayyorlashda ko‘plab muammolarni keltirib chiqarsa, ikkinchi tomondan, fuqarolarning saylovda ishtirok etish faolligiga ham muayyan darajada salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmasdi. Shu ma’noda, bu galgi Prezident saylovi oktabr oyida o‘tkazilgani bunday muammolarga oson yechim topish imkoniyatini yaratdi.
Natijada saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 158 ming 907 nafar saylovchidan Prezident saylovida, chet ellarda ovoz bergan vatandoshlarimiz bilan birga hisoblaganda, 16 million 212 ming 343 nafar saylovchi ishtirok etdi. Bu saylovchilar umumiy sonining 80,4 foizidan iboratdir. 421 ming 176 nafar saylovchi joriy yilning 14 oktabridan – 20 oktabrigacha o‘tkazilgan muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi.
Ikkinchi xususiyati: saylov uchastkalarida pandemiya sharoitida aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratildi. Saylov koronavirus karantini talablariga to‘liq amal qilgan holda o‘tdi.
Okrug va uchastka saylov komissiyalariga 12 million 700 ming dona bir marta qo‘llaniladigan tibbiy niqob, 21,5 ming litr antiseptik vosita va boshqa turdagi himoya hamda dezinfeksiya vositalari yetkazib berildi. Saylov komissiyalarining 142 ming nafardan ziyod a’zosi koronavirusga qarshi vaksina bilan to‘liq emlandi.
Uchinchi xususiyati: Prezident saylovi ilk marotaba 2019 yilda qabul qilingan Saylov kodeksi asosida o‘tkazildi. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi amalda jiddiy sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Bu o‘rinda so‘nggi besh yil mobaynida mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligida jiddiy o‘zgarishlar yuz berganiga e’tibor qaratish lozim. Xalqaro va xorijiy ekspertlar ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni o‘tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarildi.
Xususan, saylov qonunchiligiga joriy yilning 8 fevral va 31 may kunlari o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shu asosda, avvalo, saylov jarayoni ishtirokchilari, ya’ni saylovchilar, siyosiy partiyalar, saylov komissiyalari, ommaviy axorot vositalari hamda milliy va xalqaro kuzatuvchilarning huquqlari va kafolatlari kengaytirildi. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati tuzildi.
Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimi yanada takomillashtirildi. Xususan, mamlakatning barcha, ya’ni 207 ta tuman va shaharlarida joylashgan saylov uchastkalarida 414 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Bu 2019 yilgi parlament saylovi davridagi ko‘rsatkichdan 147 foiz ko‘pdir.
Bundan tashqari, barcha saylov uchastkalari videokuzatuv kameralari bilan ta’minlanib, ovoz berish jarayonlarini onlayn shaklda namoyish etish yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayon, ayniqsa, Markaziy saylov komissiyasining saylov portali va Matbuot xizmati binosidagi ulkan ekranda, shuningdek, “O‘zbekiston-24” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda uzluksiz tarzda ko‘rsatib borildi.
To‘rtinchi xususiyati: saylov demokratik ruhda, ochiqlik
va oshkoralik tamoyillari asosida bo‘lib o‘tdi. Partiyalararo qizg‘in kurash muhitida o‘tgan saylovda har bir partiya nomzodi o‘z dasturi bilan hamda nomzodlarning ishonchli vakillari faol qatnashdi, barcha hududlarda saylovoldi tashviqot-targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdi.
Prezidentlikka nomzodlarning har biri uchun “O‘zbekiston-24”, “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla” hamda “Madaniyat va ma’rifat” telekanallarida 210 daqiqa bepul efir vaqti ajratildi. Har bir teleradiokanalda siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotiga oid teleko‘rsatuvlari va radioeshittirishlari 150 soniyali blokda 4 martadan efirga uzatib borildi. O‘zbekiston Milliy tederadiokompaniyasining 13 ta mintaqaviy telekanalida esa shu maqsadlar uchun 1 ming 900 daqiqa vaqt ajratildi.
Beshinchi xususiyati: Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari o‘z faoliyatini Saylov kodeksi talablari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi va Kalendar rejasiga binoan, qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga to‘la amal qilgan holda tashkil etgani saylovning sifati hamda saviyasiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bunda, ayniqsa, siyosiy partiyalar va Prezidentlikka nomzodlar uchun saylov kampaniyasi davrida saylovoldi tashviqoti uchun teng va keng imkoniyatlar yaratilgani muhim ahamiyat kasb etdi.
Oltinchi xususiyati: saylov jarayonlari ommaviy axborot vositalari va Internet orqali keng yoritib borildi. Bu borada, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar nihoyatda faol bo‘ldi. Ushbu omillar, hech shubhasiz, Prezident saylovi xalqaro mezonlar va standartlarga mos milliy saylov qonunchiligiga, unda belgilangan ochiqlik, oshkoralik, erkinlik va adolat kabi umume’tirof etilgan demokratik prinsiplarga to‘la mos holda, ko‘tarinki ruhda o‘tkazilishiga yaqindan xizmat qildi.
Saylovoldi tashvqioti davrida Prezidentlikka nomzodlarning har biri uchun mamlakat ahamiyatiga molik davriy nashrlar – “Yangi O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Xalq so‘zi”, “Narodnoe slovo” gazetalari – 5 sahifadan, shuningdek, “Ovozi tojik” va “Nurli jol” gazetalari 5,5 sahifadan joy ajratdi. Hududlardagi 26 ta mahalliy gazeta har bir nomzodga 42 sahifadan joy taqdim etdi.
Yettinchi xususiyati: ilk bor nomzodlarning vakillari o‘rtasida teledebatlar o‘tkazildi. Teledebatlar saylovchilarga har bir siyosiy partiya ilgari surayotgan g‘oyalarni taqqoslashga imkon bergan bo‘lsa, partiyalarga esa davlat va jamiyat hayotidagi o‘zgarishlarga doir qarashlarini, yangi taklif va tashabbuslarini erkin ifoda etish imkonini berdi.
Sakkizinchi xususiyati: Prezidentlikka nomzodlarning tarjimai holi va saylov dasturi aks etgan 847 ming 370 dona tashviqot plakati o‘zbek, rus, qoraqalpoq tillarida hamda ilk marotaba tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida chop etildi. Nomzodlar haqidagi ma’lumotlar mamlakat bo‘ylab o‘rnatilgan 421 ta elektron monitorda muntazam namoyish etildi.
To‘qqizinchi xususiyati: imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylovda to‘laqonli ishtirok etishi uchun targ‘ibot materiallari va saylov byulletenlari Brayl alifbosida chop etilib, audio-yozuvda tarqatildi, surdo-tarjima bilan ta’minlandi.
O‘ninchi xususiyati: fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, mahallalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, milliy madaniy markazlarning ko‘p ming sonli vakillari hamda volontyorlar saylov kampaniyasining barcha bosqichlarida keng va faol ishtirok etdi.
O‘n birinchi xususiyati: saylov jarayonlarini 197 ta mahalliy ommaviy axborot vositalarining 1 ming 439 nafar vakili va 140 dan ortiq nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositasining 233 nafar jurnalisti yoritib bordi. Shu maqsadda ro‘yxatdan o‘tkazilgan jami ommaviy axborot vositalari vakillarining soni 1 ming 672 nafarni tashkil etdi.
Saylov kampaniyasi davomida xorijiy va milliy nashrlarda 76 mingtadan ziyod materiallar e’lon qilindi. Bu 2019 yilgi parlament saylovi davridagi ko‘rastkichdan 34 mingtaga ko‘p, deganidir.
O‘n ikkinchi xususiyati: saylovni Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament Assambleyasi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Turkiy kengash Parlament Assambleyasi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi 20 ga yaqin nufuzli xalqaro tashkilotdan 631 nafar xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bordi.
Shuningdek, dunyoning 50 ga yaqin davlatidan 340 nafar xorijiy kuzatuvchi tashrif buyurdi va saylov jarayonlarini kuzatishda faol ishtirok etdi. Saylov jarayonlarini kuzatishda jami 971 nafar xalqaro va xorijiy kuzatuvchi qatnashdi.
O‘n uchinchi xususiyati: saylovda ishtirok etgan beshta siyosiy partiyadan va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 64 ming 450 nafar vakil milliy kuzatuvchi sifatida saylov jarayonida faol ishtirok etdi.
O‘n to‘rtinchi xususiyati: birinchi marta mamlakatimizning tuman va shaharlaridagi 207 ta saylov uchastkasiga o‘rnatilgan 414 ta videokamera orqali uzatilgan onlayn namoyish millionlab odamlar ovoz berish jarayonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘rni kuzatib borishi uchun qulay imkoniyat tug‘dirdi.
O‘n beshinchi xususiyati: vatandoshlarimiz uchun 37 ta davlatda tashkil etilgan 54 ta saylov uchastkasida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 299 ming 780 nafar fuqaromizga ovoz berish imkoniyati yaratildi. Avvallari faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston fuqarolarigina saylovlarda qatnashardi.
Bu galgi saylovda mamlakatimizning diplomatik vakolatxonalari mavjud bo‘lmagan 11 ta mamlakatda ham xorijdagi yurtdoshlarimiz uchun zarur sharoitlar tug‘dirib berildi. Ya’ni, dunyoning 149 ta shahrida jami 380 ta qo‘shimcha ko‘chma saylov uchastkasi tashkil etildi.
O‘n oltinchi xususiyati: ushbu saylovda ilk bor ovoz berish ko‘rsatkichlari ham ancha salmoqli bo‘lgani kuzatildi. Bunda, bir tomondan, birinchi marta konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan 887 ming 686 nafar yosh yigit-qiz, ikkinchi tomondan, keyingi davrda O‘zbekiston fuqaroligini olgani uchun ilk bor saylovlarda qatnashish huquqiga ega bo‘lgan minglab yurtdoshlarimizning ulushi ko‘zda tutilmoqda.
Bularning barchasi so‘nggi yillarda jamiyatimizda tobora mustahkamlanib borayotgan ochiqlik va oshkoralik ruhining saylov jarayonida ham yaqqol namoyon bo‘lganini isbotlaydi. Binobarin, bugun xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan Yangi O‘zbekiston ulug‘ ajdodlarimizning milliy va tarixiy an’analarini davom ettirib, yanada boyitib, har tomonlama muttasil rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlat sifatida butun dunyoning e’tiborini tortmoqda.
Shu ma’noda, Prezident saylovi xalqimiz yuksak tafakkuri va donishmandligining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Ushbu saylov Yangi O‘zbekistonda barcha sohalarda, jumladan, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning uzviy va mantiqiy davomidir.
Prezident saylovi: samarador “Harakatlar strategiyasi”ga munosib baho va “Yangi O‘zbekiston strategiyasi”ga yuksak ishonch ifodasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqimiz nafaqat davlat boshlig‘ini sayladi, balki Yangi O‘zbekistonimizning kelajagini tanladi. El-yurt istiqboli uchun ovoz berdi.
Qolaversa, saylovda xalqimiz o‘tgan besh yil davomida amalga oshirgan keng ko‘lamli va samarador islohotlarimizni munosib baholadi. Yurtdoshlarimiz Harakatlar strategiyasi doirasidagi shiddatli va demokratik islohotlarga haqiqiy baho berdi: xalqimiz ushbu strategik dastur muallifi va tashabbuskori, haqiqiy vatanparvar va fidoyi inson Shavkat Mirziyoevdan rozi ekanini amalda tasdiqladi.
Chindan ham, Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida o‘tgan qisqa davrda mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirildi. Davlat rahbari izchillik bilan olib borayotgan xalqparvar ichki va tashqi siyosat natijasida jonajon Vatanimiz izchil taraqqiy etib, xalqimizning baxti to‘kis va hayoti tobora farovon bo‘lib bormoqda.
Mamlakatimizda demokratik tamoyillar asosida ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-siyosiy munosabatlarni qonunchilik yo‘li bilan muvofiqlashtirish, aholining turmush sifati va darajasini yanada oshirishga qaratilgan islohotlar o‘z amaliy samarasini bermoqda. Inson huquqlari, inson qadri ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun O‘zbekistonda “Inson qadri uchun!” shiori keng amal qilmoqda. Bunda, avvalambor, “Xalq – davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil hayotimizga izchil joriy etilayotgani muhim o‘rin tutmoqda. Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi tashkil etilgani insonni qadrlash, qadr-qimmati va izzat-obro‘sini joyiga qo‘yish uchun uning muammolariga yechim topish, tashvishlarini hal etish va dardiga malham bo‘lish juda muhim ekanini amalda ko‘rsatdi.
Dunyoda do‘stlarimiz va yaqin hamkorlarimiz yanada ko‘paymoqda. Mingdan ortiq xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar, jahon ommaviy axborot vositalari vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi demokratiya va raqobat ruhida, qonuniy va adolatli, ochiq va shaffof, xolis va oshkora asosda bo‘lib o‘tganini e’tirof etdi.
Saylovda O‘zbekiston xalqi, bir tomondan, Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida amalga oshirilgan har tomonlama e’tiborga loyiq shiddatli islohotlarimiz samaralariga yuksak baho berdi. Ikkinchi tomondan, saylovchilar ana shu ibratli ishlarning davomi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasiga komil ishonch bildirdi.
Xalqimiz Millat sardori Shavkat Mirziyoev bilan hamisha birgaligini – birgalikda yagona va yakdil Yangi O‘zbekistonni bunyod etishga tayyor ekanini shoyon etgani buning yaqqol tasdig‘i bo‘ldi. Saylovchilar O‘zbekiston Prezidentining Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidagi ezgu va g‘oyatda mas’uliyatli ishlarini yana bir bor o‘z ovozlari yordamida faol qo‘llab-quvvatladi.
Eng asosiysi, Prezident Shavkat Mirziyoevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida bayon etilgan va xalqimiz yuksak ishonch bildirgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida
bugun o‘zbekistonliklar o‘z oldiga juda katta marralarni belgilab oldi. Ushbu ezgu yo‘lda xalqimizni jipslashtirsak, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, ko‘zlagan marralarimizga albatta erishamiz.
Yangi O‘zbekiston va yangicha saylov dunyoqarashi
Eng muhimi, bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi Yangi O‘zbekistonda yangicha saylov dunyoqarashi shakllanganini yaqqol ko‘rsatdi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolarimizning siyosiy faolligi yuksalib, Yangi O‘zbekiston taqdiriga, demakki, o‘zining va oilasining kelajagiga daxldorlik hissi yanada oshib borayotgani timsolida ro‘y-rost namoyon bo‘ldi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish hamda ertangi kunimiz ravnaqida bugungi Prezident saylovi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham yurtimizda ushbu siyosiy jarayonga puxta va qizg‘in hozirlik ko‘rildi. Saylov ilk bor Saylov kodeksi asosida tashkil etildi.
Fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekani Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan. Saylovlar demokratik huquqiy davlatning asosiy belgisi, xalq xohish-irodasining erkin ifodasidir. Mamlakatimizda yaratilgan mutlaqo yangi saylov tizimi fuqarolarning eng muhim siyosiy huquqi to‘liq amalga oshishiga xizmat qilmoqda.
Saylov jarayoni xalqaro huquq normalariga mos holda, oshkoralik, ko‘ppartiyaviylik, erkinlik, tenglik tamoyillariga muvofiq ravishda bo‘lib o‘tdi. Bunda saylov tizimiga oid qonunchilikda fuqarolarning saylovoldi kampaniyasida va ovoz berishda erkin qatnashishi, ovoz berish yashirinligi, buni har bir fuqaroning o‘zi bevosita amalga oshirishi belgilab qo‘yilgani alohida ahamiyat kasb etdi.
Aksariyat xalqaro, xorijiy va milliy kuzatuvchilar ovoz berish kuni saylov uchastkalaridagi gavjumlik, ko‘tarinki kayfiyat e’tiborini tortganini alohida ta’kidlagani diqqatga sazovordir. Zero, bu muhim voqelik aholining siyosiy ongi oshganini ko‘rsatadi.
Ya’ni, yurtdoshlarimizning saylovda faol ishtirok etganlari va ovoz berishdek mas’uliyatli ishni sidqidildan bajarganlari – xalqimiz Vatanimizning kelgusi taqdirini belgilab olishdek mas’uliyatli burchiga aslo befarq emasligidan yorqin dalolat beradi. Eng muhimi, bunday faollik nafaqat poytaxtimizda, balki barcha hududlarda va xorijiy davlatlarda ham birdek namoyon bo‘ldi.
Aslida ham, davlat boshlig‘i sifatida davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy burchidir. Prezident mamlakatda ichki va tashqi siyosatni olib borish, xalqimiz farovonligini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifalarni amalga oshiruvchi eng asosiy va muhim shaxs hisoblanadi.
Albatta, g‘oyatda mas’uliyatli ushbu vazifalarni to‘laqonli bajarish, mamlakat barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash oson ish emas. Shu jihatdan, saylovda munosib nomzodga ovoz berishning ahamiyati juda katta ekanini xalqimiz teran anglab yetdi. Bu haqiqatni saylov yakunlari amalda tasdiqladi.
Saylovga majburan chorlovlarga yo‘l qo‘yilmadi. Qolaversa, oila a’zolaridan bir kishining barcha byulletenlarni tashlashidek eskirgan amaliyot bu galgi ovoz berish jarayonlarida deyarli uchramadi.
Yangi O‘zbekiston uchun bo‘lib o‘tgan yangicha saylov chin ma’noda shaffof va ochiq tarzda tashkil etilgani bilan tubdan farq qildi. Saylov kuniga qadar nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan obdon tanishib chiqish imkoniyati yaratildi.
Prezidentlikka nomzodlarning chiqishlarini ommaviy axborot vositalari va Internet orqali nafaqat butun xalqimiz, balki jahon jamoatchiligi emin-erkin kuzatib bordi. Bularning barchasi, albatta, o‘zbekistonlik har bitta saylovchi kelgusi besh yilda Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun sadoqat bilan xizmat qilishga qodir, o‘zi munosib topgan nomzodga ovoz berishi uchun talab etiladigan barcha sharoit va imkoniyatlar ifodasidir.
Xulosa qilib aytganda, dunyoqarashning o‘zgarishi – eng katta yutuq. Insonning ongi va dunyoqarashi o‘zgarsa – uning hayoti albatta o‘zgaradi. Shu asosda, Prezident Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Barchamiz birgalikda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini albatta amalga oshiramiz! Yangi O‘zbekistonni birgalikda bunyod etamiz! Uchinchi Renessans poydevorini birgalikda yaratamiz”.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 28.10.2021
- Ko'rishlar: 4187
- Chop etish