O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil boshi – 12 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-ma’muriy sektorlarning 2023 yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.
Majlisda globallashuv jarayonida yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi o‘ta murakkab sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni, ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlangan edi.
Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Internet jurnalistika va mediamenejment fakulteti dekani, falsafa fanlari doktori, dotsent Oysha Zakirovaning milliy kontentni ko‘paytirish, o‘zbek tilida tahliliy materiallar, axboriy xurujga bo‘lgan munosabat, yoshlarni jadidchilik ruhida tarbiyalash xususidagi fikrlariga qiziqdik.
– Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston”ning asosiy maqsad va g‘oyalaridan biri — kelajak poydevori bo‘lgan yoshlarni nafaqat huquqiy, siyosiy, iqtisodiy, balki ma’naviy-madaniy, ijtimoiy va axloqiy yetuk, mustaqil fikrlovchi barkamol avlodni voyaga yetkazishdan iboratdir.
Shu yurtda yashayotgan yoshlarni har tomonlama yetuk inson qilib tarbiyalashni bugun zamonning o‘zi taqozo qilmoqda. Ko‘zlangan maqsadga milliy urf-odatlarimiz, an’analarimizni saqlab qolish, qadriyatlarga sodiq qolgan holda, zamonaviylikka erishish, boy tarixiy merosimizni chuqur o‘rganish, qisqacha qilib aytganda, milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish orqaligina erishishimiz mumkin. Zero, faqatgina ma’naviyat shaxsning, xalqning, millatning, davlatning, qolaversa, jamiyatning kuchi-qudrati, insoniyat taraqqiyoti va istiqbolini belgilovchi ijobiy ruhiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
O‘tgan asrning boshlarida yashab ijod qilgan jadidchilik namoyondalari teran anglagan holda jamiyatni ma’naviy-ma’rifiy rivojlantirish, xalqni, ayniqsa yoshlarni ilm-ma’rifatga yetaklashni o‘zlarining yuksak maqsadi qilib belgilagan. Ular yoshlar tarbiyasida diniy va dunyoviy bilimlarni bir-biridan ajratmasdan, milliy o‘zlikni saqlagan holda zamonaviylikka erishishga harakat qilishgan.
Aynan shu jihatdan qaraganda, Mahmudxo‘ja Behbudiy xalqni ilm-ma’rifatli bo‘lishga chorlab, jamiyatni dunyoga ochiq ko‘z bilan qarashini, zamonaviy xo‘jalik yuritishda bilim, fan bilan qurollanib, faollik ko‘rsatishni talab qilgan. Alloma “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur”, degan haqqoniy fikrlari bilan xalqni uyg‘otishga harakat qilgan.
Taraqqiyotga eltadigan, birdan-bir ishga yaroqli tarbiya usuli sifatida Ismoil Gaspiralining “usuli jadid”ini tinmay targ‘ib qiladi. Hayotning turli sohalariga taalluqli zamon ruhidagi bilimlarni yuksak tarbiyaviy talabchanlik bilan boshqalarga qaraganda, qiziqarliroq, oddiyroq tarzda, xalq tilida yoyishga harakat qildi.
Ma’lumki, shaxs ma’naviyati eng avvalo oila muhitida shakllanadi. Bugun oilada qanaqa muhit hukmronlik qilayotgan bo‘lsa, ertaga shu oilada tarbiyalanayotgan farzand bevosita ana shu muhitning davomchisi sifatida ulg‘ayadi. O‘sib kelayotgan yosh avlod ongi va tafakkurining kuchi shundaki, u aynan yoshlik davrida yon-atrofdan olgan taassurotlarini xotirasida saqlab qoladi.
Oiladagi odob-axloq normalari, o‘zaro munosabat qanchalik yuksak bo‘lsa, voyaga yetayotgan farzand ham shunga monand bo‘ladi. Shu ma’noda oilani haqiqiy ma’naviyat o‘chog‘i, mafkuraviy tarbiya omili va muhiti deb e’tirof etish mumkin. Milliy mafkuramizga xos ilk tushunchalar inson qalbi va ongiga avvalo oila muhitida singadi. Bu jarayon ota-bobolar o‘giti, ona mehri orqali amalga oshadi.
Bugun biz internet, ijtimoiy tarmoqlar ta’sirida yashab kelayotgan avlod ongini milliy jadidlarimiz g‘oyasi bilan emas, turli axboriy xurujlar ta’sirida qolishini yetarlicha nazorat qilolmayapmiz.
Bugungi kunda yoshlar internetga ulanib, vaqtini behuda sarflash, hech bir foydasiz suhbatlar qurish, “yigit va qiz tanishuvi” bilan ovora bo‘lib umrini, qimmatli vaqtini havoga sovurishmoqda. Vaqtni isrof qilish gunoh, A’rof surasining 31-oyatida: “U isrof qiluvchilarni sevmaydi”, deb ogohlantirilgan.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, internet orqali tarqalayotgan kompyuter o‘yinlarining 49 foizi sezilarli darajada zo‘ravonlik va yovuzlik ko‘rinishiga ega, 41 foizi jangari (turli otishmalar va portlashlarga asoslangan) o‘yinlarda esa qahramon o‘z maqsadiga yetishish uchun shunday zo‘ravonlik, yovuzlikni sodir etadi.
O‘yinlarning 17 foizida ana shu zo‘ravonlik va yovuzlikning o‘zi bosh maqsad hisoblanadi. Turli jangovar, mentalitetimizga mos bo‘lmagan, ba’zan "qahramonlik" – "vahshiylik"ka o‘tib ketadigan bu kabi o‘yinlar farzandlarimiz axloqiy-estetik tarbiyasiga to‘g‘ri ta’sir ko‘rsata oladi, deya olmaymiz. Bir qarashda ular oddiy o‘yindek ko‘ringani bilan zo‘ravonlik g‘oyalari, yovuzlik kayfiyatini uyg‘otishi juda ko‘p salbiy oqibatlarga olib kelgani xususida hayotiy misollar bisyor.
Yoshlar ongiga kuchli ta’sir etuvchi axborotlar, yot g‘oyalar, jumladan, diniy ekstremizm va terrorchilik, millatchilik, irqchilik, sadizmni G‘arb hayot tarziga xos, o‘zbek mentalitetiga zid odat va ko‘nikmalarni targ‘ib etadigan, G‘arb yoshlarining kiyinishi, xulqini targ‘ib qiluvchi maqolalar, filmlar, musiqalarda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Yuqorida keltirilgan g‘oyalardan diyorimiz ravnaqi – yoshlarni asrash bo‘yicha amalga oshirish lozim bo‘lgani eng asosiy ishlardan biri, bu — milliy kontentni ko‘paytirish. Farzandlarimiz ongini bolaligidan boshlab to‘g‘ri shakllantirish ularni buyuk bobolarimiz merosi bilan tarbiyalash, qolaversa ularga ko‘proq tarixni o‘rgatishimiz maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha turli marafon, intellektual tadbirlar sonini ko‘paytirish kerak.
Xususan, so‘ngi yillar mobaynida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan vikipediyaning o‘zbekcha talqinini rivojlantirish uchun eng yaxshi ensiklopediyachilar o‘rtasida Vikimarafon tanlovi e’lon qilindi.
Vikipediyada o‘zbek tilidagi maqolalar sonini 100 mingtaga yetkazish va xorijiy tillarda ham O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlarni joylashtirishga munosib hissa qo‘shgan yoshlarimizni rag‘batlantirish uchun 10 milliard so‘m ajratildi. Aynan shu kabi tadbirlarga bilimli va shijoatli volontyor yoshlarni jalb qilish, faoliyatini rag‘batlantirib borish yoshlarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri va samarali o‘tkazishi uchun xizmat qiladi.
Bundan tashqari, yoshlar ko‘z oldida buyuk jadidchilarimiz portretini gavdalantirishimiz uchun san’at va madaniyat sohalariga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Inson ongiga sahna orqali yoki biror bir vaziyatni ko‘rsatib berish orqali ta’sir qilish kuchi ko‘proq va samaraliroq bo‘ladi.
Tarixdan ma’lum va mashhur – Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Bobur Mirzo kabi turkiy xalq qahramonlarini multfilm ko‘rinishida jajji bolajonlarimizga kichikligidan singdirib borishimiz maqsadga muvofiqdir.
Xulosa qilib aytganda, bugungi global o‘zgarishlar davrida birlashishimiz kerak. Ota-onalar, mahalla va oila jamiyati, maktabgacha ta’lim va xalq ta’limi tizimi birlashgan holda muammolarni bartaraf etish vaqti keldi. Bunda asosiy mas’uliyat ota-onaga yuklatiladi, boisi, aksariyat holda 4-5 nafar farzandni dunyoga keltirib, ularni shaxs sifatida kamol topishi masalasiga bee’tibor bo‘layotganlar soni ko‘payib bormoqda.
Bugun maktablarda ta’lim sifati tushib ketgan, sabab esa ota-onalar bilan bog‘liq. Chunki farzand darsga bormasdan pul topishni, onasiga ro‘zg‘or ishlarida yordam berishni o‘ylay boshlagan go‘yo... Aslida farzand o‘z vaqtida to‘g‘ri ta’lim va tarbiya olishi eng asosiy maqsad bo‘lishi kerak. Mazkur tamoyilni tushuntirish ota-onalarning vazifasi.
Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.
O‘zA
- Qo'shildi: 16.02.2024
- Ko'rishlar: 2854
- Chop etish