Yaponiya demografik inqirozga qarshi toʻrt kunlik ish haftasini joriy qilmoqda

Tokio demografik inqirozga qarshi kurashning yangi yoʻli — toʻrt kunlik ish haftasini sinab koʻradi. Hukumatning bunday qarori Yaponiyada tugʻilish bilan bogʻliq vaziyat kamayib ketgani fonida qilinmoqda.

Qayd etilishicha, mamlakatning eng yirik ish beruvchi shaharlaridan biri boʻlgan Tokioda xodimlarga haftasiga toʻrt kun ishlashga ruxsat berilgan. Mazkur yangilik ayollarga boʻlgan bosimni kamaytirish va mamlakatda tugʻilishni oshirishga yoʻnaltirilgan.

Islohotlar doirasida xodimlar nafaqat haftasiga toʻrt kun ishlashi, balki bolalar parvarishi uchun qisman taʼtil ham olishi mumkin. Bunday tashabbus ish kunini ikki soatga qisqartirish imkonini beradi va bu ota-onalar uchun juda muhim.

“Ayollar farzand koʻrish yoki bola tarbiyalash kabi hayotiy vaziyatlar tufayli oʻz karerasini qurbon qilmasliklari uchun ish shaklini moslashtirishni davom ettiramiz”, — deydi Tokio gubernatori Yuriko Koike.

Maʼlumotlarga koʻra, Yaponiyada tugʻilish ketma-ket sakkiz yildan beri kamaymoqda. 2024-yilning birinchi yarim yilligida mamlakatda tugʻilish rekord darajada tushib ketgan — 350 ming chaqaloq tugʻilgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,7 foizga kam demak.

Taʼkidlanishicha, Yaponiya hukumati oʻnlab yillardan beri tugʻilishni oshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrib kelmoqda: bolalar bogʻchalari uchun subsidiyalar, bola parvarishi va hatto tanishuvlar uchun moʻljallangan taʼtillar. Ammo ularning samarasi minimal boʻlib qolmoqda, chunki ayollarga ishda qoʻyilayotgan yuklama va mehnat madaniyati oʻzgarishsiz qolib kelyapti.

Tadqiqotlarga koʻra, ish haftasining qisqarishi uydagi majburiyatlarning teng taqsimlanishi va hayot tarzini yaxshilashga xizmat qiladi. Oltita davlatdagi tajriba erkaklar farzandlari bilan koʻproq vaqt oʻtkazishi va uy ishlarida ishtirok etishini koʻrsatgan.

 

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech