Qishloqda, asosan, nafaqa yoshidagi odamlar yashaydi. Yoshlar yaxshiroq hayot qidirib, bu yerdan ko‘chib ketishgan.
Yaponiyadagi Ichinono qishlog‘ida aholi jonli jamiyat muhitini qaytarish uchun ko‘chalarga qo‘g‘irchoqlarni joylashtirmoqda. Hozirgi kunda qishloqda 60 nafardan kam odam istiqomat qiladi — ularning aksariyati allaqachon nafaqa yoshiga yetgan. Yoshlar esa yashash, ishlash yoki o‘qish uchun yaxshiroq joy izlab ketishgan. Endi ularning o‘rnini odam bo‘yi keladigan manekenlar egallamoqda.
Eski kiyim va matolardan yasalgan qo‘g‘irchoqlar qishloqning turli qismlariga joylashtirilgan. OAVda e’lon qilingan suratlardan birida boshiga qalpoqcha kiygan kokilchali qiz arg‘imchoqda o‘tirganini ko‘rish mumkin. Uning yonida samokatda yurgan bola turadi. Yaqin atrofda velosipedda o‘tirgan yana bir qo‘g‘irchoq bor. Qo‘l ushlashib turgan ikki “qizcha” esa biroz vahimali ko‘rinadi — bu qo‘g‘irchoqlarning yuzlari yo‘q.
“Qo‘g‘irchoqlar son jihatdan bizdan oshib ketgan bo‘lsa kerak”, — deydi Ichinonoda yashovchi 88 yoshli Hisae Yamazaki.
Ayolning aytishicha, qishloqdagi keksalarning farzandlari bor, ammo ular bolalari boshqa joyga ko‘chib ketishini qo‘llab-quvvatlagan. Endi bo‘lsa Ichinono aholisi buning “jabrini tortmoqda”.
Qishloqdagi yagona bola — ikki yoshli Kuranosuke Kato. So‘nggi 20 yil ichida aholi punktida undan boshqa chaqaloq tug‘ilmagan.
Ichinono — aholining aksariyat qismini 65 va undan katta yoshdagi kishilar tashkil etadigan 20 mingdan ortiq yapon qishloqlaridan biri. Xususan, Yaponiyaning Nagoro qishlog‘i dunyodagi eng g‘ayrioddiy hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerda odamlar o‘rnini qo‘g‘irchoqlar egallagan: avtobus bekatlarida, uylarda va hatto maktab bolalari o‘rnida ham qo‘g‘irchoqlar bor. Qishloqda atigi 30 yaqin odam yashasa-da, u yerdagi manzarani ko‘rish uchun yiliga 3 mingdan oshiq odam boradi.
Ta’kidlanishicha, mamlakat bosh vaziri Sigeru Isiba qishloq hududlarini rivojlantirishga ko‘maklashishni va’da qilgan.
2024 yil birinchi yarmida Yaponiyada 40 mingga yaqin odam o‘z uyida yolg‘iz vafot etdi. Ularning 4 mingga yaqini o‘limidan bir oy o‘tib topilgan, 130 nafar odamning o‘limi bir yil davomida aniqlanmagan.
Kun.uz
- Qo'shildi: 30.10.2024
- Ko'rishlar: 937
- Chop etish