Bugun Toshkentda «Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashi» mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda mahalliy va xorijiy mutaxassislar, mas’ullar va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Unda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian, "Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov va boshqalar tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona munosabatlar va hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar mamlakatimizdagi islohotlar bilan uzviyligi hamda amaliy natijalarga ega ekanligini qayd etdi.
Ahamiyatli jihati shundaki, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning ishonchli hamkori sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Bu galgi tadbirda ham Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan mamlakatimizda fuqarolik jamiyati imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan grant loyihalari ishga tushirilgani ma’lum qilindi.
Mazkur loyihalarning ishga tushirilishi xalqaro va Yevropa Ittifoqida tashkil topgan fuqarolik jamiyati tashkilotlari, O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyatlari va davlat hamkorligidagi sa’y-harakatlarini aks ettiradi.
Tadbirda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian umumiy qiymati 3,5 million yevrodan ortiq bo‘lgan 8 ta tashabbusga ajratilgan Yevropa Ittifoqining mablag‘i mamlakatdagi fuqarolik jamiyati, xususan, ayollar va himoyaga muhtoj guruhlarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilganini ta’kidladi.
– Bugungi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalarning ishga tushirilishi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davom etayotgan ishlarimizning bir qismidir. Bizning yillik sa’y-harakatlarimiz ushbu muhim tashkilotlarning imkoniyatlarini kengaytirish, inklyuzivlik, faollik va demokratiyani rivojlantirishga bag‘ishlangan. Ayollar, bolalar va himoyaga muhtoj guruhlar uchun loyihalarga ustuvor ahamiyat berib, biz ovozlarni kuchaytiramiz, inklyuziv rivojlanishni targ‘ib qilamiz. O‘zbekistondagi islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishga ko‘maklashamiz. Fuqarolik jamiyati va davlat hamkorligida biz demokratiyani gullab-yashnashi va tinchliksevar jamiyat qurish uchun muhim ahamiyatga ega ezgu ishlarga o‘z hissamizni qo‘shamiz, – dedi tadbirning rasmiy ochilishida Sharlotta Adrian xonim.
Aytib o‘tilganidek, ushbu loyihalar Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan 2023-yilda e’lon qilingan tanlov natijasidir. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu loyihalar 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan. Ular fuqarolik jamiyati tashkilotlarining inklyuziv rivojlanish, gender tengligini targ‘ib qilish, salohiyatni oshirish va media filmlar ishlab chiqarish, yashil va aylanma iqtisodiyot tarmoqlarida ayollar va yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashish, inson huquqlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar va atrof-muhitni targ‘ib qilish va himoya qilish uchun fuqarolik jamiyatlarining imkoniyatlarini kengaytirish kabi yo‘nalishlarda tatbiq etiladi.
"Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda ushbu tashkilot va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
– O‘zbekistondagi islohotlarning izchil davom etishi har bir fuqaroning huquqlari, ijtimoiy taraqqiyoti va qadr-qimmatini yuksaltirishga intilishimiz bilan bog‘liq. Fuqarolik jamiyati tashkilotlari himoyaga muhtoj guruhlarning ehtiyojlari va manfaatlarini himoya qilish, hukumatlarda javobgarlik hissini oshirish va qarorlar qabul qilish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalarning ishga tushirilishi umumiy hamkorligimizning yana bir bobini ko‘rsatib, ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha umumiy qarorimizni kuchaytiradi, – dedi B.Bekmurodov.
Tadbirda ushbu grant loyihalarning taqdimoti ham o‘tkazildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
- Qo'shildi: 04.04.2024
- Ko'rishlar: 2012
- Chop etish