Yevropa aholisi sonini mo‘’tadil saqlab qolish uchun har bir oila kamida ikkita farzandga ega bo‘lishi lozimligi aytilmoqda. Biroq hozirgi kunda mintaqada tug‘ilish darajasi ancha tushib ketgan. Demografik ma’lumotlar esa vaziyatning jiddiy ekanini ko‘rsatmoqda. 2024 yildagi hisobot so‘nggi o‘n yillikdagi eng yomon ko‘rsatkich deya qayd etildi.
Masalan, Germaniyada faqat migratsiya hisobigagina aholi soni o‘sayapti. Bu yerda туғилиш darajasi 1994 yildan buyon eng past ko‘rsatkichga tushdi. Federal statistika boshqarmasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, 2023 yilda aholi soni qisqarmaganligining yagona sababi – migratsiyadir. Lekin o‘lkada muhojirlar soni ko‘paygan bo‘lsa-da, aholi o‘sishi atigi 0,1 foizni yoki 121 ming kishini tashkil etadi. Aslida, “tug‘ilganlar soni vafot etganlarnikidan kam”, deyiladi hisobotda.
Ma’lumotlar, shuningdek, Germaniya hududlari o‘rtasidagi katta farqni ham ko‘rsatadi: Bavariya va Gamburg kabi rivojlangan hududlarda aholi soni ortib borgan bo‘lsa, Tyuringiya, Saksoniya va Saksoniya-Anhalt kabi iqtisodiy jihatdan qiyin holatdagi hududlarda aholi keskin kamaygan.
Qo‘shni Avstriyada esa 2024 yildagi vaziyat yanada xavotirli, ya’ni, mamlakat tarixidagi eng past tug‘ilish ko‘rsatkichi – jami 77 ming 238 nafar chaqaloq tug‘ilgan.
Bu borada Italiyada ahvol qanday, deb o‘ylaysiz? Qiziq jihati, 2023 yilda Italiyaga 166 ming kishi kelgan bo‘lsa-da, ammo aholi soni qisqarishda davom etgan. Hozirgi kunda Italiya aholisi 60 milliondan kamroqni tashkil etadi.
2024 yilda mamlakatda tug‘ilish koeffitsiyenti 1,18 bo‘lgan, mutaxassislar buni rekord darajadagi past ko‘rsatkich, deya baholashmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, har ming kishiga atigi 6 bola tug‘ilgan va 11 kishi vafot etgan. Yana bir e’tiborga molik holati, o‘lkani tark etgan italiyaliklar soni qaytib kelganlar sonidan qariyb uch baravar ko‘p. Eng katta demografik qisqarish mamlakat janubidagi qashshoq hududlarda kuzatilgani aytiladi.
Avvallari tug‘ilish darajasi yuqori bo‘lgan Fransiyada ham bu ko‘rsatkich oxirgi yillarda tez sur’atda pasaymoqda. Shu bilan birga, bu davlat hozircha tug‘ilish va o‘lim o‘rtasida balansni saqlab qolmoqda. Yagona ijobiy yangilik — o‘rtacha umr ko‘rish davri ayollar uchun 85 yoshga, erkaklar uchun esa 80 yoshga yetgan, bu tarixiy rekord daraja hisoblanadi.
Angliya va Uelsda esa 60 yoshdan oshgan qariyalar ko‘paymoqda. Bu yerda tug‘ilayotgan bolalarning sezilarli qismi chet ellik ota-onalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Angliyada bu ko‘rsatkich 40% ni, Uelsda esa qariyb 20% ni tashkil etmoqda.
Ispaniyada tug‘ilish darajasi boshqa mamlakatlarnikidan farqli ravishda oz bo‘lsa-da, biroz o‘sish qayd etilgan. Ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda 322 ming 34 nafar bola dunyoga kelishi tufayli tug‘ilish darajasi 0,4% ga oshgan. Biroq bu yerda onalarning bola tug‘ish yoshi oshib borayotgani ham qayd etilmoqda. So‘nggi o‘n yilda 40 yosh va undan katta yoshdagi onalar soni 8,5% ga oshgan.
Finlyandiyada 2024 yilda tug‘ilish koeffitsiyenti 1,25 ga tushgan. O‘lka Statistika idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 1776 yildan buyon kuzatilgan eng past darajadir.
Shvetsiyada ham vaziyat ijobiy emas: Stokgolmda tug‘ilish koeffitsiyenti 1,43 ni tashkil etgan — bu ko‘rsatkich boshqa Yevropa mamlakatlariga qaraganda yuqori bo‘lsa-da, baribir yetarli emas. Tug‘ilgan bolalarning umumiy soni 98 ming 500 nafarni tashkil qilgan, bu o‘tgan 23 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichdir.
Tug‘ilishni rag‘batlantirishga qaratilgan davlat siyosatlariga qaramay, Vengriya va Polsha ham tug‘ilish darajasi past bo‘lgan mamlakatlar qatoriga qo‘shildi. Rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Polshaning 2023 yilda tug‘ilish koeffitsiyenti 1,1 ni tashkil etgan, bu 1990 yildagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar kam. Shuningdek, hozirgi kunda ayollar o‘rtacha 29 yoshida ona bo‘lmoqda. 35 yil avval esa bu ko‘rsatkich 23 yoshni tashkil etar edi.
Vengriyada esa o‘tgan yilda 77 ming 500 nafar chaqaloq tug‘ilgan, mutaxassislar buni mamlakat tarixidagi eng past ko‘rsatkich deb qayd etishgan.
K.Bekjonov, O‘zA
- Qo'shildi: 22.07.2025
- Ko'rishlar: 83
- Chop etish