Yuksak va samimiy ehtirom

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Makka shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefonda muloqot qildi. Yurtboshimiz muborak Haj ibodatini ado etish maqsadida Makka va Madina shaharlarida bo‘lib turgan yurtdoshlarimizning ziyoratga tayyorgarlik jarayonlari, o‘zbekistonliklar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi.

Davlat rahbarining o‘zbekistonlik hojilar holidan xabar olish uchun Makkaga shaxsan qo‘ng‘iroq qilishi ilgari hech kuzatilmagan edi. 

Muftiy hazratlari Prezidentning hojilarning holidan xabar olib, qo‘ng‘iroq qilgani barchani xursand qilayotgani hamda u kishining salom va tilaklarini ziyoratchilarga yetkazishini ma’lum qildi. Prezidentimizning yurtdoshlarimiz qaysi yurtda bo‘lsa ham inson qadri e’zozlanishi uchun ularning sha’ni va hurmati ta’minlanishi zarurligini ta’kidlagani bois bu yerda ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar hozirlangani, bu qulayliklarni faqat o‘zimizning ziyoratchilar balki, Saudiya Arabistoni hukumatining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari e’tirof etayotganini aytib o‘tdi. 

Darhaqiqat, bu yilgi haj mavsumiga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rildi. Ayni paytda qariyb 12 ming nafar yurtdoshimiz Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi. Bu yil jami 15 ming 130 nafar fuqaro Haj ibodatiga borishi belgilangan. Ularga 300 nafar guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, oshpaz, tarjimonlar va boshqa ko‘makchilar hamrohlik qiladi.

2024 yildan boshlab bir yangilik — Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan diniy soha xodimlari hamda qori ziyoratchilar tomonidan Qur’oni karimni xatm qilish yo‘lga qo‘yildi. Hozirgacha 1 ming 515 ta xatm o‘qilib, yurtga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilingan. Xabarlarda “Bu kabi e’tibor va sharoitlarni arabistonlik mutasaddilar ham yuqori baholab, O‘zbekiston Prezidentiga hurmat va duolarini izhor etmoqdalar”, — deyilmoqda.

Ushbu e’tiroflardan mamnun bo‘lgan Prezident ham “Har kuni borganlarning muloqoti va takliflarini ko‘rib, juda xursand bo‘lyapman. Agar biz tahlil qilsak, Mustaqillikning birinchi yilida 12 nafar edi, hozir 15 mingga yaqin fuqarolarimiz Hajni ado etib, 30 ming qo‘l duo qiladi”, — dedi.

Telefon orqali olib borilgan suhbat chog‘ida Yurtboshimiz “…Eng katta maqsadim, hozirgi tahlikali zamonda ma’naviyatimiz, ma’rifatimiz, o‘zligimiz, tinchligimiz, yurtimizdagi shukronalikni har bir ziyoratchi kelganidan keyin o‘zining ko‘chasida, mahallasida yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, targ‘ibotchi degan bir ibora bilan o‘zingiz bosh bo‘lib, yoshlarimizga tarbiya nuqtai nazaridan yangicha tashabbus bilan kelsanglar va tashabbuslaringizni butun xalqimiz qabul qilsa”, — deb, maqsadlarini bildirdilar.

O‘z navbatida muftiy hazratlari ham hojilarimiz uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar o‘ta yuqori darajada ekanligini ta’kidlab, mana shuncha imkoniyatlarning javobi – vatanga muhabbat bilan, vatanga xizmat qilish bilan qaytarilishini hojilar bilan kelishib olinganini, bu yilgi hojilarimiz vatanga sadoqatga targ‘ibotchi, vatanni sevishga chaqiruvchi, yoshlarni tarbiyachisi bo‘lib yurtga qaytib borishga murojaat qabul qilinishini aytib o‘tdi. Shuningdek, har kuni hojilar bilan yurtga qaytgandan so‘ng mahallalarda yoshlarga vatan tuyg‘usini, yurt farovonligini singdirib borishga, ularni ilmu ma’rifatga targ‘ib qilishga, O‘zbekiston degan yurtning butun dunyoga tanilishiga sabab bo‘lgan ajdodlarimiz va siz kabi vatani, xalqi va yoshlarini sevuvchi yurt rahbarini bergan Alloh taologa shukronalar aytib, yoshlarni mana shunday kayfiyatda tarbiya qilishga kelishib olingani aytildi.

Allohga hamdlar bo‘lsinki, hech mubolag‘asiz haj ibodati uchun hojilarimizga ko‘plab qulayliklar muhayyo qilingan. Bu sharoitlarni borib, o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan ziyoratchilar e’tirof etishadi. Mablag‘i bo‘la turib, umrida bir marta islom farzlaridan biri bo‘lgan haj ibodatini amalga oshira olmay, armon bilan bu dunyodan o‘tib ketgan qanchadan-qancha ajdodlarimiz bo‘lgan. Bugungi kunga kelib, hukumatimiz tomonidan barcha sharoitlar mukammal tarzda yaratib berilmoqda. Mana shuncha fazilatli ishlarga shaxsan Yurtboshining o‘zi telefon orqali hojilar holidan xabar olishi yana bir xursandchilik bo‘ldi. Bundan hojilarimiz va butun mamlakatimiz aholisi mamnun bo‘ldi. 

Alloh taolo bizni bergan ne’matlariga shukr aytishga buyurib, muborak kalomida shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda qilishini aytadi: 

Yana Robbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar) ni eslangiz: «Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi, 7-oyat)..

Demak, Parvardigorimiz biz bandalarga bergan ne’matlariga shukr aytsak, qadriga yetsak – Alloh bizdan rozi bo‘ladi va yanada ziyoda qilar ekan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Odamlarga tashakkur qilmagan (inson) Allohga ham shukr qilmaydi”, deganlarini imomTermiziy rivoyat qilganBuyuk bobokalonimiz Qaffoli Shoshiy o‘zining mashhur “Javomi ul-karim” kitobida keltirishicha, “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ne’matlar haqida gapirishlik shukr qilishlikdir” deganlar.

Yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha mo‘min musulmonlar dinimiz uchun yaratilgan imkoniyatlardan bugungi kunda mamnun bo‘lib hayot kechirmoqda. Bunday ne’matning shukronasi – har bir inson to‘g‘ri va halol bo‘lib, ibodat va savobli amallarini xolis Alloh taolo uchun ado etib, o‘zgalarni ham yaxshilik va ma’rifatga chaqirgan, yoshlarni odob va ilm sohiblari, vataniga sadoqatli qilib tarbiyalashda jonbozlik ko‘rsatgan holda hayot kechirishlari bo‘ladi, inshaalloh.

Zayniddin domla Eshonqulov, 

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

O‘zA.

Powered by GSpeech