Bugungi kunda AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur va Yevropa Ittifoqidagi yirik yuridik kompaniyalar minglab huquqiy hujjatlarni tahlil qilish, sud amaliyotini o‘rganish, shartnomalar loyihalarini tayyorlash va huquqiy tadqiqotlar olib borishda sun’iy intellektdan faol foydalanmoqda. Bir necha soat, ba’zan kun talab qiladigan ishlarni zamonaviy sun’iy intellekt (SI) platformalari bir necha daqiqada bajarishi mumkin.
Shu sabab ayrim ekspertlar kelajakda yuristlarga ehtiyoj keskin kamayishini taxmin qilmoqda. Ammo masalaga chuqurroq nazar tashlasak, asl savol boshqacha ekanini anglaymiz. Masala “yuristlar kerak bo‘lmay qoladimi?” degan savolda emas. Asl savol – kelajakda qanday yuristlar kerak bo‘ladi?
Sun’iy intellekt huquq sohasini qanday o‘zgartirmoqda?
Sun’iy intellekt huquqshunoslikda, avvalo, takrorlanuvchi va ko‘p vaqt talab qiladigan vazifalarni avtomatlashtirmoqda. Masalan, yuzlab sud qarorlarini tahlil qilish, normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash, shartnomalardagi xavfli bandlarni topish yoki dastlabki huquqiy xulosani tayyorlash endi ancha tez bajarilmoqda.
Bu esa yuristning vaqtini tejab, unga murakkabroq masalalar bilan shug‘ullanish imkonini beradi. Chunki texnologiyaning asosiy vazifasi insonni almashtirish emas, uning samaradorligini oshirishdir. Tarixga nazar tashlasak, texnologik taraqqiyot biror kasbni butunlay yo‘q qilgan holatlar deyarli uchramaydi. Bankomatlar paydo bo‘lganda ham bank xodimlari yo‘qolib ketmadi. Aksincha, ularning vazifalari mijozlar bilan ishlash, moliyaviy maslahat berish va murakkab xizmatlarni ko‘rsatish tomon o‘zgardi. Elektron kalkulyator matematikani bekor qilmagani kabi, sun’iy intellekt ham huquqshunoslikni bekor qilmaydi.
SI yuristni emas, oddiy huquqiy ishlarni almashtirmoqda
Huquq faqat qonun matnini o‘qish yoki moddalarni yoddan bilishdan iborat emas. Huquq – bu inson taqdiri, adolat, axloqiy qadriyatlar, ijtimoiy manfaat va huquqiy tafakkur uyg‘unligidir.
Sud majlisida tomonlar o‘rtasida muzokara olib borish, murakkab huquqiy strategiyani ishlab chiqish, nizoning yashirin jihatlarini aniqlash yoki qonun loyihalarini yaratishda inson tafakkuri hal qiluvchi ahamiyatga ega. Sun’iy intellekt katta hajmdagi ma’lumotlarni tez tahlil qilishi mumkin, biroq u insoniy tajriba, mas’uliyat va axloqiy baholash qobiliyatiga ega emas.
Shuning uchun ham bugungi kunda SI yuristni emas, balki huquqshunosning vaqtini oladigan standart va takrorlanuvchi vazifalarni bajarishga ko‘proq moslashmoqda.
Dunyoda yangi huquqiy yo‘nalishlar shakllanmoqda
Sun’iy intellektning rivojlanishi huquqshunoslar oldiga mutlaqo yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Endi nafaqat SIdan foydalanish, balki uni huquqiy jihatdan tartibga solish ham dolzarb masalaga aylandi.
Buning yorqin misoli - Yevropa Ittifoqida qabul qilingan AI Act bo‘lib, u sun’iy intellekt tizimlarini xavf darajasiga qarab tasniflaydi hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan qoidalarni belgilaydi. AQSh, Singapur, Janubiy Koreya va Yaponiyada ham sun’iy intellektni tartibga solishga oid yangi yondashuvlar ishlab chiqilmoqda. Natijada huquqshunoslikda ilgari deyarli mavjud bo‘lmagan yangi yo‘nalishlar paydo bo‘lmoqda. Jumladan, LegalTech, AI Compliance, raqamli huquqlar, kiberhuquq, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish, algoritmik javobgarlik va sun’iy intellekt etikasi bugungi kunning eng istiqbolli sohalariga aylanmoqda.
O‘zbekiston bu jarayonga qanchalik tayyor?
Mamlakatimizda ham raqamli transformatsiya jadal sur’atlarda davom etmoqda. Elektron davlat xizmatlari, elektron sudlov tizimi, raqamli hukumat va normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlashning zamonaviy mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Biroq yaqin yillarda yangi savollar kun tartibiga chiqishi tabiiy. Masalan, sun’iy intellekt noto‘g‘ri qaror qabul qilsa, javobgarlik kimning zimmasida bo‘ladi? SI tayyorlagan huquqiy xulosaga qanchalik ishonish mumkin? Algoritmik diskriminatsiya qanday oldi olinadi? Shaxsga doir ma’lumotlar qanday himoya qilinadi?
Bu savollarga javob topish nafaqat qonunchilikni takomillashtirishni, balki yangi avlod huquqshunoslarini tayyorlashni ham talab qiladi.
SI yoshlarni kamroq o‘ylashga majbur qilyaptimi?
Sun’iy intellekt ommalashgani sayin yana bir savol tez-tez yangramoqda: “ChatGPT sabab yoshlar mustaqil fikrlamay qo‘ydimi?” yoki “SI kelajak avlodni dangasa qiladimi?”
Bu xavotirlarni mutlaqo asossiz, deb bo‘lmaydi. Chunki har qanday texnologiyadan noto‘g‘ri foydalanish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, talaba SI tayyorlagan matnni o‘qimasdan topshirsa yoki huquqshunos SI bergan javobni tekshirmasdan mijozga taqdim etsa, bu professional xatolarga sabab bo‘lishi mumkin.
Ammo tarixga nazar tashlasak, bunday xavotirlar yangilik emas. Yozuv ixtiro qilinganida ayrim faylasuflar: “Endi odamlar yodlash qobiliyatini yo‘qotadi”, degan edi. Bosma kitoblar ommalashganida esa: “Endi hech kim haqiqiy bilim egasi bo‘lmaydi”, degan qarashlar ilgari surilgan. Internet paydo bo‘lganida ham “Kitob o‘qiydigan avlod qolmaydi”, degan fikrlar keng tarqalgan. Bugun esa navbat SIga keldi.
Aslida muammo texnologiyada emas, undan qanday foydalanishda. Sun’iy intellekt inson tafakkurining o‘rnini bosuvchi emas, balki uni qo‘llab-quvvatlovchi vosita bo‘lishi kerak. U vaqtni tejaydi, ma’lumot topishni osonlashtiradi, biroq tanqidiy fikrlash, tahlil qilish va yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyati baribir inson zimmasida qoladi.
Shu bois bugungi ta’lim tizimida faqat ma’lumotni yodlash emas, balki uni tahlil qilish, taqqoslash, ishonchliligini tekshirish va undan amaliy xulosa chiqarish ko‘nikmalarini rivojlantirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kelajak huquqshunosi qanday bo‘lishi kerak?
Raqamli transformatsiya huquqshunoslik kasbiga ham yangi talablarni qo‘ymoqda. Endilikda yaxshi yurist bo‘lish uchun faqat kodekslarni mukammal bilishning o‘zi kifoya emas.
Kelajakda huquqshunos:
-
sun’iy intellektning ishlash tamoyillarini tushunishi;
-
raqamli iqtisodiyot va ma’lumotlar huquqini bilishi;
-
kiberxavfsizlik asoslarini o‘zlashtirishi;
-
xalqaro texnologik standartlardan xabardor bo‘lishi;
-
SI vositalaridan samarali va mas’uliyat bilan foydalana olishi zarur.
Bundan tashqari, huquqshunosning kommunikatsiya, muzokara olib borish, mantiqiy tahlil, kreativ fikrlash va murakkab huquqiy vaziyatlarda strategik qaror qabul qilish kabi ko‘nikmalari yanada qadrlanadi. Aynan mana shu fazilatlarni sun’iy intellekt to‘liq takrorlay olmaydi.
Shu bois kelajakning eng talabgir mutaxassislari qatorida LegalTech yuristlari, AI Compliance mutaxassislari, kiberhuquq ekspertlari, ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha mutaxassislar va raqamli huquq bo‘yicha maslahatchilar bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zbekiston yuridik ta’limi oldida turgan yangi vazifalar.
Bugungi kunda yuridik ta’lim muassasalari ham zamon bilan hamnafas rivojlanishi zarur. Talabalarga faqat nazariy bilim berish emas, balki sun’iy intellekt vositalaridan to‘g‘ri foydalanish madaniyatini ham shakllantirish muhimdir.
Buning uchun o‘quv dasturlariga LegalTech, raqamli huquq, sun’iy intellekt etikasi, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish, kiberhuquq va zamonaviy huquqiy texnologiyalar bo‘yicha fanlarni bosqichma-bosqich joriy etish maqsadga muvofiq. Kelajakda muvaffaqiyat qozonadigan huquqshunos sun’iy intellekt bilan raqobat qiladigan emas, balki undan oqilona foydalanadigan mutaxassis bo‘ladi.
Sun’iy intellekt huquqshunoslik tarixida yangi sahifani ochmoqda. U ayrim odatiy vazifalarni avtomatlashtiradi, huquqiy tahlilni tezlashtiradi va ish samaradorligini oshiradi. Biroq adolatni qaror toptirish, inson manfaatlarini himoya qilish, huquqiy nizolarni xolis baholash va murakkab strategik qarorlar qabul qilish kabi vazifalarda inson omili hal qiluvchi ahamiyatini saqlab qoladi.
Shunday ekan, “Yuristlar kerak bo‘lmay qoladimi?” degan savolga javob oddiy: yo‘q.
Ammo bitta haqiqatni unutmasligimiz kerak. Sun’iy intellektdan samarali foydalanishni biladigan, uning imkoniyatlari va cheklovlarini tushunadigan, natijalarni huquqiy jihatdan baholay oladigan yuristlar mehnat bozorida katta ustunlikka ega bo‘ladi.
Bugun huquqshunoslik tarixiy burilish nuqtasida turibdi. O‘tgan asr yuristi qonunlarni bilishi bilan ajralib turgan bo‘lsa, XXI asr yuristi qonun bilan bir qatorda texnologiyani ham tushunishi, sun’iy intellektni hamkor sifatida ko‘ra olishi kerak.
Demak, bugungi kunning eng muhim savoli: “Sun’iy intellekt yuristning o‘rnini egallaydimi?” emas, balki “Kelajakda yurist bo‘lish uchun bugundan nimalarni o‘rganishimiz kerak?” Aynan shu savolga topilgan javob ertangi kun huquqshunosining muvaffaqiyatini belgilaydi.
Ismoilova Aziza Alisherovna,
Toshkent davlat yuridik universiteti
katta o‘qituvchisi, PhD
Kun.uz
