2024-yilning 5-iyun kuni Senatda Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilayotgan qonular va masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Xususan, senatorlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga boshqa fuqarolar bilan teng ravishda inson huquqlari va erkinliklarini amalga oshirish imkoniyatini beruvchi qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni yana-da takomillashtirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratdi.
Jumladan, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun qizg‘in muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, ushbu Qonun bilan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunga nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanishga, saylash va saylanishga, referendumda ishtirok etishga, shuningdek, taʼlim olishga bo‘lgan huquqlarini taʼminlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Mazkur Qonun inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi umumeʼtirof etilgan xalqaro normalar va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari himoya qilinishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Majlisda senatorlar “Maʼmuriy islohotlar doirasida taʼlim sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni ham ko‘rib chiqdilar.
Qonun oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga, shuningdek davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan taʼlim xizmatlarining sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining maʼmuriy islohotlar doirasida transformatsiya qilinishi natijasida ularning rasmiy nomlanishini va vakolatlarini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, “Taʼlim to‘g‘risida”gi Qonunga o‘rta maxsus, professional, oliy taʼlimni hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarini tashqi baholashning yangi tizimi joriy etilishini, kadrlarning malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlashni, shuningdek, nodavlat taʼlim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha vakolatlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi o‘rtasida taqsimlanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Majlis so‘nggida Qo‘mitaning tegishli qaror qabul qilindi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 06.06.2024
- Ko'rishlar: 1870
- Chop etish