O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil 10 sentyabrda imzolagan “Ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston
Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun bilan bir qator qonunlarga o'zgartirishlar joriy etildi.
Yangi Qonunning 5-moddasiga muvofiq, 1996 yil 27 dekabrda qabul qilingan «Advokatura to'g'risida»gi qonunning 31 va 17-moddalariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi.
Xususan, «Advokat maqomiga ega bo'lish» nomli 31-modda quyidagi mazmundagi o'ninchi qism bilan to'ldirildi: «Advokatlik guvohnomasining shakli va uni berish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi».
Shuningdek, 17-modda (Advokatura va O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi) birinchi qismining (O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o'z vakolatlari doirasida) oltinchi xatboshisi chiqarib tashlandi (advokatlik guvohnomasining shaklini va uni berish tartibini tasdiqlaydi). Ushbu moddaning yettinchi xatboshisi (order shaklini tasdiqlaydi) oltinchi xatboshi deb hisoblandi.
Bundan tashqari, 1994 yil 22 sentyabrda tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksi 283-moddasi yangi, beshinchi qism bilan to'ldirilgani munosabati bilan amaldagi beshinchi qism oltinchi qism deb hisoblanadigan bo'ldi. Bu qismning matni quyidagicha:
«Ushbu Kodeksning 197-1-moddasida (Advokatning professional faoliyatiga to'sqinlik qilish – tah.) nazarda tutilgan advokatning professional faoliyatiga to'sqinlik qilingan taqdirda, advokat ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risida bayonnoma tuzmasdan o'z arizasida huquqbuzarning shaxsi to'g'risidagi ma'lumotlarni, ma'muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyni, vaqtni va bu huquqbuzarlikning mohiyatini, shuningdek ishni hal etish uchun zarur bo'lgan boshqa ma'lumotlarni ko'rsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega».
Ma'lumot uchun: O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 fevraldagi “Davlat xizmatlari ko'rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan Davlat xizmatlari ko'rsatish tartibini belgilovchi normalari mavjud idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni yuqoriroq yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlagan holda qayta ko'rib chiqish jadvalining 30-bandida advokat guvohnomasini berishni tartibga soluvchi Advokatlik guvohnomasi va advokatlarning davlat reestrlarini yuritish tartibi to'g'risidagi nizomni (ro'yxat raqami 1933, 2009 yil 31 mart) qayta ko'rib chiqish belgilangan.
“Advokatura to'g'risida”gi qonunda advokatlik guvohnomasining shaklini va uni berish tartibini tasdiqlash Adliya vazirligi vakolatiga kiritilgan. O'zbekiston
Respublikasi Prezidentining yuqorida nazarda tutilgan qaroriga asosan advokatlik guvohnomasining shakli va uni berish tartibini Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilash taklif etilganligi sababli Qonun normalari muvofiqlashtirildi.
Bundan ko'zlangan maqsad advokatlik guvohnomalari berishni maqbullashtirish, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qisqartirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish hisoblanadi. Shuningdek, bu borada byurokratik omillar kelib chiqishi ehtimolining oldini olish ko'zda tutilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.09.2019
- Ko'rishlar: 6318
- Chop etish