Afrikada yana bir “urush alangasi” o‘chirildi

Shanba kuni Qatar poytaxti Dohada Kongo Demokratik Respublikasi va M23 isyonchi guruhlari o‘rtasida mojaroga barham berish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Avvalroq, “Reuters” axborot agentligi Kongo DR va M23 isyonchilari mamlakat sharqidagi ziddiyatga barham berish bo‘yicha deklaratsiya imzolashga kelishib olgani haqida xabar tarqatgan edi. 

Ta’kidlanishicha, deklaratsiya Dohada ikki tomon vakillari tomonidan imzolangan.

Qiziq jihati, “Associated Press” nashri deklaratsiya matniga tayanib, Kongo DR va M23 harakati o‘rtasidagi yakuniy tinchlik kelishuvi 18 avgustda imzolanishi, bu iyun oyida Ruanda hukumati va Kondone o‘rtasida imzolangan kelishuvga mos kelishini yozib chiqdi.

Biroz avval “Bloomberg” Kongo tashqi ishlar vaziri Tereza Vagnerga tayanib, respublika iyul oyida Kongo Demokratik Respublikasi, Ruanda yetakchilari va AQSH prezidenti Donald Tramp o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammitgacha isyonchilar bilan tinchlik kelishuviga erishmoqchi ekanini ma’lum qilgan edi.

O‘z navbatida, Kongo DR bilan M23 isyonchilari o‘rtasida imzolangan mazkur tinchlik deklaratsiyasini Afrika Ittifoqi muhim voqea sifatida qarshi oldi.

– Afrika Ittifoqi komissiyasi Doha shahrida Kongo Demokratik Respublikasi hukumati va M23 harakati o‘rtasida tinchlik bitimi imzolanganini olqishlaydi. Bu qadam KDR sharqida va mintaqada mustahkam tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikka erishish ishidagi muhim bosqichdir, - deyiladi tashkilot matbuot bayonotida. 

Tuzilma AQSH va Qatar rasmiylariga kelishuvga vositachilik qilgani uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.

Said Murod Rahim tayyorladi.

O‘zA

Powered by GSpeech