Amir Temur saltanatida savdo rastalari: tartib, intizom va me’morchilik mo‘’jizasi

Ming to‘rt yuz to‘rtinchi yili Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixo Samarqandga keladi. U bu yerda guvohi bo‘lgan ulkan qurilishdan qattiq hayratga tushgan edi. Sohibqiron Amir Temur poytaxtning bir chetidan ikkinchi chetiga qadar uzun savdo ko‘chasi qurishni buyurgan edi. Keng va tekis ko‘chaning ikki chetida muhtasham savdo do‘konlari qad rostlay boshladi. Har bir do‘konning oldiga oq tosh bilan qoplangan maxsus baland kursilar o‘rnatildi. Quruvchilar kechayu kunduz tinim bilmasdan, galma-galdan mehnat qildilar. Kunduzgi ishchilarning o‘rnini tunda boshqa mehnatkashlar guruhi egalladi. Bunday hayratlanarli ulkan binokorlik yigirma kundan kamroq vaqt ichida to‘liq yakuniga yetdi. Ushbu tarixiy dalil saltanatning qudratini va bunyodkorlik salohiyatini yaqqol ko‘rsatib beradi. Do‘konlar bitishi hamonoq savdogarlar o‘z mollarini yoyib, bu yerda qaynoq hayot boshlandi.

Bu davrda savdo maydonlari shunchaki oldi-sotdi joyi emas, balki shaharning qon tomiri hisoblangan. Samarqandning Ohanin, Feruza, So‘zangaron, Gozuriston, Buxoro va Shayxzoda darvozalaridan kiruvchi asosiy yo‘llar kesishardi. Shaharning olti tarafidan keluvchi barcha yo‘llar bevosita bosh bozorga borib ulanardi. Ko‘chaning tepa qismi boshdan-oyoq ravoqsimon shaklda, go‘zal tim qilib yopildi. Ichkariga tabiiy yorug‘lik tushishi uchun tomda qator maxsus darchalar qoldirildi. Ko‘cha bo‘ylab muayyan masofalarda hovuzlar qazilib, ular toza va muzdek suv bilan to‘ldirildi. Bu mukammal me’moriy yechim issiq kunlarda ham xaridorlar uchun mo‘tadil havoni ta’minlagan.

Do‘konlardagi tartib va mollarni joylashtirish usuli ham o‘ziga xos bo‘lgan. Savdo rastalari faqat bir turdagi mahsulotni sotishga qatiy ixtisoslashgan edi. Odatda, har bir rasta u yerda sotiladigan buyumning nomi bilan atalgan. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z xotiralarida Temur davridagi bunday maxsus rastalarni yuqori baholagan. Hunarmandlar aksariyat hollarda o‘z mahsulotini shu do‘konning o‘zida tayyorlab, xaridorga taqdim etgan. Ularning juda ko‘pchiligi aynan shu oldi-sotdi maydonlari atrofidagi mahallalarda istiqomat qilgan. Rastalarning jihozlanishi va qulayligi bevosita davlat rahbarining doimiy diqqat e’tiborida turgan.

Iqtisodiy munosabatlarning eng qizg‘in pallasi pul ayirboshlanadigan sarrofxonalarda kechgan. Tosh-tarozuning to‘g‘riligi va mahsulot narxining oshib ketmasligi davlat tomonidan qat’iy nazorat qilingan. Bu o‘ta mas’uliyatli vazifani bajarish muhtasiblarning zimmasiga yuklatilgan. Ular shariat qoidalari asosida jamiyatdagi ijtimoiy tartibni va adolatni mustahkam saqlagan. Ma’naviy buzuqchilik va yolg‘onchilikning oldini olish ularning eng asosiy burchi sanalgan. Narxni sun’iy ravishda oshirgan yoki xaridorni aldagan kimsalar shu zahoti qattiq jazolangan. Bu jazolar yashirincha emas, balki odamlar gavjum bo‘lgan ochiq maydonlarda ijro etilgan. Shu yo‘l bilan halol mehnat qilish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligi omma ongiga singdirilgan. 

Savdo rastalari mamlakatning siyosiy va madaniy yuragi vazifasini ham bajargan. Hukmdorning yangi farmonlari va muhim davlat xabarlari shu yerda jarangdor ovoz bilan o‘qib eshittirilgan. Odamlarning kayfiyatini ko‘tarish uchun ko‘zboylovchilar, kurashchilar va qo‘g‘irchoqbozlar o‘z san’atini namoyish qilgan. Ayniqsa, mohir dorbozlarning xatarli o‘yini katta qiziqish bilan kutib olingan. Dor o‘yinlari minglab tomoshabinlarni bir joyga jamlab, ularda matonat va mehr-muruvvat tuyg‘ularini uyg‘otgan. Muqaddas Ramazon oylarida esa maydonlardagi tungi hayot yanada ko‘proq jonlangan. Tungi udumlarda podshohning shaxsan o‘zi tayinlagan saroy musiqachilari ishtirok etgan. Mehtarlar karnay va nog‘ora chalib, butun xalqqa xush kayfiyat ulashgan.

Bozorlarning to‘kin-sochinligi saltanatning xalqaro obro‘sini belgilovchi muhim omil bo‘lgan. Xorijiy elchilarni hayratda qoldirish maqsadida bu muhtasham maydonlardan mohirlik bilan foydalanilgan. Temuriy hukmdorlar elchilarga nafaqat davlatning behisob boyligini, balki hunarmandchilikning yuksak darajasini ham ko‘rsatganlar. To‘kinlik va farovonlik mamlakatdagi xavfsiz va tinch muhitning eng yorqin isboti bo‘lgan. Bu tarixiy haqiqatni tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy ham o‘z asarlarida to‘la tasdiqlaydi. Uning yozishicha, 1413-yili Hirotga Xitoy xoqonining elchilari tashrif buyuradi. Shunda Shohrux Mirzo: “Shahar bozorlariga ziynat berilsin, har bir san’at egasi o‘z hunarini to‘la zohir qilib do‘konini bezatsin”, deya qarorini e’lon qiladi. Natijada, uzoqdan kelgan mehmonlar bu diyorning cheksiz iqtisodiy qudratiga va tengsiz zakovatiga lol qolganlar.

Turonning qadimiy savdo o‘choqlari ajdodlarimiz qanchalik buyuk aql-zakovat egasi bo‘lganini isbotlaydi. Ular faqatgina iqtisodiy boylik manbai emas, balki adolat, yuksak tartib va ma’naviyat beshigi bo‘lib xizmat qilgan. Me’moriy yechimlarning mukammalligidan tortib, halollik ustiga qurilgan qat’iy qoidalargacha xayratlanarlidir. Bularning barchasi bizning shonli o‘tmishimizdan, davlatchilik tariximizdan darak beradi. 

Alisher Egamberdiyev, O‘zA

Powered by GSpeech