Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib “YouTube” ijtimoiy tarmog‘i o‘smirlar uchun taqiqlanishini aytdi. Endi video almashish platformasidan ozod qilish to‘g‘risidagi oldingi qaror bekor qilinadi. Bu haqda “Arab News” xabar bergan.
Qit’a-davlatning Internet nazorati tashkiloti o‘tgan oy hukumatni mazkur tarmoq uchun taklif qilingan ozodlikni bekor qilishga chaqirdi. Sababi, ushbu tuzilma o‘tkazgan tadqiqot 10-15 yosh oralig‘idagi bolalarning 37 foizi ayni tarmoqda nojo‘ya kontent ko‘rganini aniqlagan.
“Meta” tarkibidagi boshqa ijtimoiy media kompaniyalari “YouTube” man qilinishi adolatsizligini ta’kidlagan.
– Ijtimoiy tarmoq muayyan mas’uliyatga ega va shubhasiz, ayni payt onlayn platformalar bolalar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, jamiyatga ijtimoiy zarar yetkazmoqda, – dedi Bosh vazir Entoni Albaneze o‘z bayonotida. – Avstraliyalik ota-onalar bizning bu masalada qat’iy qarashga egaligimizni bilishini xohlayman.
O‘tgan yil noyabr oyida parlament qabul qilgan qonunni buzgan ijtimoiy media tuzilmalari dekabr oyidan boshlab 32,2 million dollargacha jarimaga tortilgan.
“YouTube” vakili kompaniya keyingi qadamlarni ko‘rib chiqishi, hukumat bilan hamkorlik davom etishini bildirgan:
– Hukumatning onlayn zararni bartaraf etish yoki kamaytirishga yo‘naltirilgan maqsadini tushunamiz. Bizning qarashimiz ham aniq: “YouTube” – bepul, yuqori sifatli ma’lumot to‘plamiga ega video almashish platformasi, ijtimoiy media minbari emas.
Aloqa vaziri Anika Uells fikricha, onlayn o‘yin va xabar almashish ilovalari, sog‘liqni saqlash, ta’lim saytlari 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy mediadan ko‘ra kamroq zarar yetkazadi. Bu boradagi tegishli qoidalar qonun bilan tartibga solinadi.
– Qoida – unutiladigan so‘zlar yig‘indisi emas, to‘plam va tayanchdir, – degan Uells.
M.Pirmatova, O‘zA
- Qo'shildi: 04.08.2025
- Ko'rishlar: 125
- Chop etish