O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan sessiyasidagi chiqishi xalqaro hamjamiyat tomonidan muhim voqea sifatida baholandi va keng jamoatchilik e’tiborini tortdi.
O‘zbekistonning AQSHdagi muzokaralari, Prezident Mirziyoyevning BMT minbaridagi chiqishi xalqaro ekspert va mutaxassislar tomonidan keng muhokama qilinmoqda.
Turkiya Iste’molchilar huquqlari jamiyati raisi Aziz Ko‘chal ham bu haqida o‘z mulohazalarini bildirdi: - Prezident Mirziyoyevning mazkur chiqishi O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichini boshlab berdi. Bu orqali mamlakat nafaqat mintaqaviy, balki global muammolarga ham amaliy tashabbuslar orqali yechim topishga tayyor ekanini namoyon qildi.
Bu chiqish faqat o‘zbek xalqi emas, balki butun Markaziy Osiyo — Turon diyori manfaatlarini ham ifoda etdi. Mirziyoyevning nutqi do‘st va qardosh O‘zbekistonning xalqaro muloqotda faol va mas’uliyatli ishtirokchi sifatidagi mavqeini yana bir bor tasdiqladi.
O‘zbekistonda bo‘lganimda, mamlakatda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi muhim o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldim. Ayniqsa, ijtimoiy davlat qurilishi yo‘lidagi ishlar diqqatga sazovor. Shuningdek, fuqarolik jamiyati tashkilotlari uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘pgina davlatlardan ustunligi bilan ajralib turadi.
Bunga misol sifatida, Turkiya Iste’molchilar huquqlarini himoya qo‘mitasi bilan hamkorlik qilayotgan O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasini keltirish mumkin.
Consumers International nomli xalqaro tashkilotning to‘laqonli a’zosi bo‘lgan ushbu federatsiya mamlakatda keng qamrovli iste’molchi harakatini boshlab, xalqaro hamkorlik sohasida ham samarali faoliyat yuritmoqda. Toshkent, Samarqand va Xiva kabi shaharlarda xalqaro iste’molchilar tashkilotlari tadbirlarining o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlamoqda. Bu esa mamlakatda fuqarolik jamiyati sohasidagi islohotlar tizimli yo‘nalishga ega ekanini ko‘rsatadi.
“Yangi Markaziy Osiyo” konsepsiyasi orqali O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va o‘zaro yordam mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan amaliy siyosat yuritmoqda. Shu bilan birga, Prezident Mirziyoyevning mintaqaviy inqirozlar, ayniqsa, G‘azo muammosi bo‘yicha tutgan pozitsiyasi alohida ahamiyatga ega.
Prezidentning global masalalar yuzasidan bildirgan fikrlari faqat mintaqa emas, balki jahon miqyosida ham katta ahamiyatga ega. O‘zbekiston qat’iy ravishda yaxshi qo‘shnichilik, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish tarafdori sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zA
- Qo'shildi: 29.09.2025
- Ko'rishlar: 319
- Chop etish